Ammo elektromagnit to‘lqinlarining mavjudligini isbot qilish men uchun oson bo‘lmadi, albatta. Hayvonlar ustida muvaffaqiyat bilan tajriba o‘tkazayotgan Dugov laboratoriyasida ish boshladim. O‘z tajribalarimni quyidagi tartibda olib bordim: o‘z qo‘lim bilan temir qafas yasab, uni izolyatorlar ustiga o‘rnatdim. Zarur bo‘lib qolgan taqdirda qafas yerga ulanishi mumkin edi. Qafas oldiga itni o‘tqazib qo‘yib, qafas ichiga Dugov kirardi. Qafas yerga ulanmagan paytda it Dugovning xayolan bergan buyruqlarini to‘la-to‘kis bajarardi. Qafasni yerga ulab qo‘yishingiz bilan itga hech qanday ta’sir o‘tkazib bo‘lmasdi.

Buning sababini tushunib turgan bo‘lsangiz kerak: elektromagnit to‘lqinlari qafas temiriga urilib, yerga o‘tib ketavergan, itga yetib bormagan. Shundan qilib, muammo hal bo‘ldi. Miyaning elektromagnit to‘lqinlarini tarqatishi isbotlandi. Miya va nerv hujayralaridagi tebranishlarning elektromagnit bilan aloqadorligi boshqacha metodlar asosida olimlarimiz: akademik Lazarev, professor Bexterev hamda italiyalik professor Kazamali tomonidan ham isbot etilgan.

Gotlibning toqati toq bo‘ldi.

— Bularning hammasi judayam qiziqarli, — dedi u sabri chidamay, — lekin rostini aytsam, bizni masalaning ilmii tomonidan ko‘ra amaliy jihatlari qiziqtiradi. Siz yangi quroldan jinoiy maqsadlarda foydalanish xavfidan aholini himoya qilish chorasini ham topaman, dedingiz. Lekin hali buni topganingiz yo‘q. Qisqasi, Shtirnerni zararsizlantira olasizmi?

— Nazariy jihatdan masala hal bo‘lgan, biroq hali keng masshtabda tajriba qilib ko‘rganim yo‘q. Biz hayvonlarga qisqa masofadan turib ta’sir o‘tkazishni sinab ko‘rdik xolos. Men yaratgan «mashina-miya» ni hozirgi zamon texnikasi bemalol ishlab chiqara oladi. Hozir inson miyasi tarqatadigan elektromagnit to‘lqinlarining xususiyati, uzunligi, chastotasi va boshqa jihatlarini o‘rganyapman. Ularni mexanik jihatdan qaita tiklash unchalik qiyin emas. Agar ular transformator orqali kuchaytirilsa, fikr-to‘lqinlar xuddi radio to‘lqinlari singari har tarafga tarqalib, odamlar tomonidan qabul qilinaveradi.

Mening mashinam antennalar, transformator hamda katod lampalari bo‘lgan kuchaytirgich va antennaning induksiyali, tebranuvchi konturidan iborat. Siz ma’lum fikrni mening «tarqatuvchi stansiyam» antennasiga uzatasiz, stansiya esa uni kuchaitirib, bo‘shliqqa tarqatadi. Biz Shtirnerni o‘qqa tutadigan yangi «to‘p» mana shu bo‘ladi.

Gotlib yengil nafas oldi.

— To‘pni yaqin kunlarda ishga solsa bo‘ladimi.

— Nazarimda, ikki haftalardan keyin birinchi o‘qni uzishimiz mumkin.

— Buni qanday amalga oshiriladi?

— Shtirnerning oldiga qo‘qqisdan borib, uydan chiqishni va bizning oldimizga kelishni buyuramiz. Albatta, ko‘chadan turib fikran shunday buyruq qilamiz. Qarabsizki, qo‘limizga tushib turibdi. i — Lekin «to‘p» ingizni qayerga urnatasiz.

— Iloji boricha unga yaqinroq joyga o‘rnatish kerak buladi. Chunki to‘p hali tajribada sinab ko‘rilmagan, uzoq masofadan turib ta’sir qylishiga kafillik berolmayman.

— Axir Shtirnerning ta’sir doirasiga tushib qolish mumkin-ku? Uning quroli ancha olisni nishonga oladi, mukammal va tajribadan o‘tgan.

— Boshqa iloji yo‘q, tavakkal qilishimiz kerak buladi.

— Uzimizni himoya qila olmaymizmi? Himoya vositalari haqida ham gapirdingiz-ku, boya? — dedi Zauyer.

— Mumkin. Yupqa simto‘rga o‘ralib olinsa, Shtirner tarqatgan elektr to‘lqinlari to‘rga urilib, yerga o‘tib ketadi. Lekin buning bitta chatoq joyi shundaki, o‘zimiz ham fikr uzatish imkoniyatidan mahrum bo‘lamiz. To‘g‘ri, biz «mashina-miya» ni ishga solishimiz ham mumkin. Lekin hali miyadan tarqaladigan elektromagnit to‘lqinlarini yetarli darajada o‘rganmaganman, shuning uchun bu ishga tavakkal qilib o‘zim urinib ko‘raman. Men to‘rga o‘ralmasdan antennaga fikr yo‘llayman. Mabodo Shtirnerning ta’sirini sezsam, darrov ustimga simto‘r tashlaysizlar. Uzlaringiz esa hammavaqt to‘rga o‘ralib yurasizlar.

— Undan ko‘ra, to‘rni yopinvolib, to‘ppa-to‘gri Shtirnerning uyiga bostirib kirsagu uni o‘sha yerning o‘zida tinchitib qo‘ya qolsak bo‘lmaydimi? Shoyad bu gal soqolini olib o‘tirmasdan, kekirdagini uzib qo‘ya qolsam?

— Qotillik-ku, bu…

— U odam shunga loyiq o‘zi!

— U holda faqat Shtirnergina emas, uning qotillari ham shunga loyiq bo‘lib qoladi. Shtirner, albatta, osonlikcha jon bermaydi. Uni tiriklayin qo‘lga olishga urinib ko‘ramiz. Ana o‘shandagina to‘la g‘alaba qilgan bo‘lamiz.

Gotlib o‘rnidan turdi. Uning ketidan Kachinskiy bilan Zauyer ham turishdi.

— Katta rahmat sizga! — dedi Gotlib.

— Rahmat aytishga hali vaqt erta, — deb javob berdi Kachinskiy. — Shtirnerni qo‘lga tushirganimizdan keyin rahmat aytasizlar.

<p>XII. SHOVQINSIZ URUSH</p>
Перейти на страницу:

Похожие книги