— Griboedov yonyapti, — javob qiddi Azazello.
— Bu, nazarimda, ikki qadrdonning — Korovyov bilan Begemotnipg ishi bo‘lsa kerak?
— Shak-shubhasiz, messir.
Yana sukut cho‘kdi, bu payt g‘arb tomonga qaragan uy-larning yuqori qavatlaridagi derazalar quyoshning ko‘zni qamashtiruvchi shu’lasini o‘zida aks etdira boshladilar. Volandning ko‘zi ham, garchi u kunbotar tomonga orqa o‘girib o‘tirgan bo‘lsa-da, o‘sha uylarning derazalari kabi porlardi.
Lekin shu payt nimadir Volandni shahardan yuz o‘girib, o‘z orqasida, tomga qo‘ndirilgan doirasimon minoraga qarashga majbur etdi. Minora devori ichidan chuvrindi kiyim-boshiga loy sachragan, oyog‘iga odmi shippak kiygan, noxush qiyofali bir qorasoqol odam chiqib keddi.
— Ie! — xitob qildi Voland bu odamga istehzo bilan qararkan, — aynan sening bu yerga kelishingni mutlaqo kutmagan edim! Xo‘sh, qanday xizmat bilan kelding, o chaqirilmagan, ammo kelishi taxminlangan mehmon?
— Sening huzuringga keldim, yovuzlik sultoni, arvohlar hukmdori, — deb javob qildi devordan chiqqan odam Volandga qovoq ostidan ho‘mrayib qararkan.
— Baski, huzurimga kelgan ekansan, nechun menga salom bermading, ey sobiq o‘lpon yig‘uvchi? — dedi Voland qahr bilan.
— Negaki men sening salomat bo‘lishingni istamayman, — deb javob qildi kelgan odam gustohlik bilan.
— Lekin mening barhayotligimga ko‘nikishingga to‘g‘ri keladi, — deb e’tiroz bildirdi Voland va og‘zini qiyshaytirib istehzo qiddi, — sen bu tomda paydo bo‘lgan zahoting bema’ni ish qilding, bu bema’niliging, men senga aytsam, gapirish ohangingda. Sen so‘zlarni shunday talaffuz qildingki, go‘yo arvohlarni (ya’ni ko‘lankalarni), shuningdek, yovuzlikni ham e’tirof etmayman demoqchi bo‘lding. Sen, bir iltifot qilib, mana shu savol ustida bosh qotirib ko‘rsang: agar yovuzlik bo‘lmasa, sen homiysi bo‘lgan o‘sha ezgulik nima bilan shug‘ullangan bo‘lardi, agar jamiki ko‘lankalar g‘oyib bo‘lsa, yer yuzi qanday qiyofa kasb etgan bo‘lur edi? Axir buyumlar va odamzod bor ekanki, ko‘lankalar mavjud. Mana shamshirimning ko‘lankasi. Lekin dov-daraxtning ham, barcha jonzodlarning ham ko‘lankasi bo‘ladi. Yo sen o‘zingning yolg‘iz siz bilan zavqlanaman degan xomxayoling tufayli yer yuzini qirtishlab, barcha dov-daraxtni, butun jonzodlarni yo‘q qilmoqchimisan? Sen tentaksan.
— Sen bilan mubohasa qilishni istamayman, qari safsataboz, — deb javob qildi Leviy Matvey (bu odam — o‘sha Leviy Matvey edi).
— Men bilan shuning uchun ham bahslasha olmaysanki, sen, boya aytganimdek, tentaksan, — deb javob qiddi Voland va so‘radi. — Qani, meni toliqtirmay, maqsadga o‘t, nega kelding?
— Meni u yubordi.
— Qanday gap olib kelding undan, qul?
— Men qul emasman, — tobora ko‘proq achchig‘lanib javob qildi Leviy Matvey, — men uning shogirdiman.
— Biz, har galgidek, sen bilan boshqa-boshqa tilda gaplashyapmiz, — dedi Voland, — lekin bu bilan suhbatimiz mavzui bo‘lgan narsalar o‘zgarmaydi. Xo‘sh, shunday qilib…
— U ustaning asarini o‘qib chiqdi, — deb gapira boshladi Leviy Matvey, — shu bois, u sendan ustani o‘zing bilan olib ketib, unga orom baxsh etishingni iltimos qildi. Nahotki bu ish sen uchun qiyin bo‘lsa, yovuzlik sultoni?
— Men uchun qiyin ish yo‘q, — deb javob qildi Voland, — buni o‘zing ham yaxshi bilasan. — U bir oz tek qoldi, so‘ng ilova qildi: — Nega endi uni o‘zlaringga — yorug‘likka olib ketmayapsizlar?
— U yorug‘likka emas, oromga sazovor, — dedi Leviy g‘amgin ovoz bilan.
— Borib ayt, buyruq bajariladi, — javob qildi Voland va: — Lekin sen darhol ko‘zimdan yo‘qol, — deb ilova qilar ekan ko‘zida o‘t chaqnadi.
— Uning yana bir iltimosi shuki, ustani sevgan va u deb iztirob chekkan ayolni ham olib ketarmishsizlar, — deb Leviy birinchi marta yolboruvchi ohangda murojaat qildi Volandga.
— Aytmasang, o‘zimizning aqlimiz yetmas ekanmi bunga? Jo‘na.
Shu gapdan so‘ng Leviy Matvey g‘oyib bo‘ldi, Voland esa Azazelloni chaqirib olib, unga buyurdi:
— Darhol uchib borib, ularni safarga shayla. Azazello ayvonni tark etdi, tom boshida Voland yolg‘iz qoldi. Lekin uning yolg‘izligi uzoq cho‘zilmadi. Ayvonning tosh terilgan sahnida oyoq tovushlari va gangir-gungur ovozlar eshitildi. Volandning karshisida endi Korovyov bilan Begemot paydo bo‘lishdi. Biroq Begemotning qo‘lida primus yo‘q edi, u boshqa narsalarni ko‘tarib olgan edi. Chunonchi, u qo‘ltig‘iga dala manzarasi tasvirlangan mo‘’jazgina zarrin ramka qistirib olgan, bilagiga yarmi kuyib ketgan oshpazlar xalati tashlangan, ikkinchi qo‘lida butun boshli syomga balig‘i bor edi. Korovyov bilan Begemotdan kuyindi hidi kelar, Begemotning basharasiga qora kuya surtilgan, kepkasining yarmi kuygan edi.
— Salyut, messir, — deb chinqirishib salomlashdi tinib-tinchimas oshnalar, Begemot esa hatto syomga balig‘ini havoda silkib qo‘ydi.
— Qoyil, azamatlar, — dedi Voland kesatib.
— Messir, bir tasavvur qiling-a, — deb chiyilladi Begemot hayajon va quvonch bilan, — meni kafando‘z deb o‘ylashsa bo‘ladimi?
— Ko‘tarib kelgan narsalaringga qaraganda, — deb javob qildi Voland ramkadagi suratni ko‘zdan kechirarkan, — g‘irt kafando‘zdning o‘zisan.