Teatrdagi ikki yarim ming odam baravariga chinqirib yubordi. Bengalskiy uzilgan bo‘ynidagi tomirlaridan qon tizillab otila boshladi, uning manishkasi, fraki qonga bo‘yaldi. Zaldan ayollarning jonholatda chinqirganlari eshitildi. Mushuk uzilgan boshni Fagotga berdi, u esa boshning sochidan ushlab, uni xalqqa ko‘rsatdi, shunda bosh jon achchig‘ida butun teatrni boshga ko‘tarib baqirdi:

— Doktor chaqiringlar!

— Bundan keyin ham tuturiqsiz gaplarni javraysanmi? — dag‘dag‘a bilan so‘radi Fagot yig‘layotgan boshdan.

— Boshqa qilmayman! — deb xirilladi bosh.

— Xudo haqqi, qiynamang uni! — lojadan ayol kishining g‘oyatda o‘tkir chinqirig‘i eshitildi, sehrgar shu ovoz kelgan tomonga yuzini o‘girdi.

— Xo‘sh, grajdanlar, kechiramizmi buni? — so‘radi Fagot zalga yuzlanib.

— Kechirilsin! Kechirilsin! — avvaliga ko‘proq ayollarning ayrim-ayrim ovozlari eshitildi, keyin esa erkaklar ham ularga jo‘r bo‘lib baravar qichqira boshlashdi.

— Sizning fikringiz, messir? — so‘radi Fagot niqob taqqan sehrgardan.

— Xay, nima ham deymiz, — o‘ychanlik bilan dedi u, — bular — odamzod axir. Pulni yaxshi ko‘rishadi, lekin o‘zi hammavaqt shunday bo‘lgan-ku… Butun insoniyat pulni yaxshi ko‘radi, u nimadan yasalgan bo‘lmasin — teridanmi, qog‘ozdanmi, bronzadanmi, oltindanmi — bari bir. Chunki ular yengiltak xilqatlardir… Xay, nachora… ularning qalblarida ba’zan shafqat tuyg‘ulari ham uyg‘onib qoladi… oddiy bandalar… umuman, qadimgi odamlarga o‘xshab ketishadi bular ham… faqat uy-joy masalasi odamgarchilikdan chiqaribdi! — So‘ng baland ovoz bilan buyurdi: — Boshini o‘rniga joylashtiring.

Mushuk yaxshilab mo‘ljallab turib boshni bo‘yinga qo‘ndirdi, oqibat, kalla hech qachon tanasidan ajralmaganday, o‘z o‘rniga puxta joylashdi. Eng muhimi, bo‘yinning uzilgan yerida hech qanday chandiq izi qolmadi. Mushuk Bengalskiyning fraki va manishkasini panjasi bilan yelpigan edi, ulardagi qon dog‘idan asar ham qolmadi, Fagot yerda o‘tirgan Bengalskiyni oyoqqa turg‘azdi, frakining kissasiga bir dasta pul solib qo‘yib, uni sahnadan chiqarib yuborarkan, dedi:

— Qani, tuyog‘ingizni shiqillating! Qaytaga sizsiz yaxshiroq vaqtichog‘lik qilamiz.

Konferanse atrofga bezrayib qarab, gandiraklagancha bir amallab o‘t o‘chiruvchi postiga yetib bordi, lekin shu yerga yetganda ahvoli og‘irlashdi. U ayanchli chinqirdi:

— Voy boshim, boshim!

Uning oldiga boshqalar qatori Rimskiy ham yugurib bordi. Konferanse yig‘lar, qo‘llari bilan havoda bir nimani ushlamoqchi bo‘lar va g‘o‘ldirardi:

— Boshimni beringlar! Boshimni qaytarib beringlar! Mayli, kvartiramni, suratlarimni olinglar, faqat boshimni qaytarib bersanglar bo‘lgani!

Kurer vrach chaqirgani yugurdi. Bengalskiyni grimxonadagi divanga yotqizmoqchi bo‘lishuvdi, u odamlarni siltab, tepib to‘polon qila boshladi. Izvosh chaqirishga to‘g‘ri keldi. Baxtiqaro konferanseni olib ketishgandan keyin Rimskiy yana sahna tomon yugurib, u yerda yangi mo‘’jizalar sodir bo‘layotganini ko‘rdi. Ha, aytganday, shu mahalmi yo bundan sal oldinroqmi, harholda sehrgar o‘zi o‘tirgan eski kreslo bilan birga sahnadan g‘oyib bo‘lgan, ammo shuni aytish kerakki, Fagot sahnada namoyish qilayotgan g‘ayrioddiy narsalarga mahliyo xalq Volandning g‘oyib bo‘lganini mutlaqo payqamagan edi.

Fagot esa jabrlangan konferanseni chiqarib yuborgach xalqqa shunday degan edi:

— Mana endi, anavi xira pashshadan qutulganimizdan keyin, kelinglar, ayollar magazinini ochamiz!

Shu zahotiyoq sahna sahniga eroniy gilamlar yoyildi, ikki biqinidan trubkasimon och-yashil chiroqlar bilan yoritilgan katta-katta toshoynalar va ular oralig‘ida vitrinalar paydo bo‘ldi, shodiyona hayratga kelgan tomoshabinlar va vitrinalarda Parijda tikilgan turli rang va bichikdagi ayollar ko‘ylaklarini ko‘rishdi. Bu ko‘ylaklar bitta vitrinaga joylashgan bo‘lsa, boshqalarida ayollarning har xil: pat qadalgan va patsiz, to‘qali va to‘qasiz yuzlab shlyapalari, shuningdek, qora, oq, sariq rangdagi, charmdan, atlasdan, mayin charmdan tikilgan, tasmali va tugmali behisob tuflilar paydo bo‘ldi. Shu tuflilar orasida qutichalarda chiroq shu’lasida tovlanuvchi billur atir shishachalar. Kiyik terisidan, duxoba charmdan, shohidan tikilgan tog‘-tog‘ sumkachalar, ular orasida zarb qilingan, cho‘zinchoq oltin g‘ilofchalarda lab bo‘yoqlari.

Shu payt qay go‘rdandir paydo bo‘lgan, egniga anjumanbop qora libos kiygan, bo‘ynidagi g‘oyat alomat chandig‘i bo‘lmasa, chinakam sohibjamol ko‘rinuvchi mallasoch qiz vitrinalar oldida turib, shu yerning bekasi sifatida tabassum qildi.

Fagot shiringina jilmayib, parijcha fasondagi bu ko‘ylaklaru poyabzalni firma, siz — ayollarning kiyilgan, eski ko‘ylaklaringiz, poyabzallaringizga ayirboshlaydi, deb e’lon qildi. Sumkachalar, atir va boshqa buyumlar to‘g‘risida ham shunday ayirboshlash bo‘lishini ilova qildi..

Shu payt mushuk orqa oyoqlarini bir-biriga urib, ayni chog‘da oldingi oyoqlari bilan eshikog‘asiga xos harakat qildi.

Qiz esa anchagina mujmal, ammo parterdagi ayollarning chehrasiga qaraganda kishini vasvasaga soluvchi bir qo‘shiqni chuchuk til bilan xirillab, ammo shirin qilib kuyladi:

Перейти на страницу:

Похожие книги