Ular yuqoriga chiqishganda eshik tamoman boshqa dunyoga ochildi. Sarkdagi barcha shaharlar kabi Yuqori Shahar haddan ziyod serjilo va rango-rang edi. Binolar, ular xoh jamoat joylari bo‘lsin, xoh shaxsiy turarjoy bo‘lsin, murakkab va rangbarang tosh naqshin bilan qoplangandi. Bu naqshlar yaqindan alkash-chalkash ko‘rinsada, uzoqsan, kuzatish burchagi o‘zgarganda jilolanuvchi ajib ranglar uyg‘unligini hosil qilardi.
— Ketdik, Rik, — dedi Terens.
Rik atrofga hayratlanib boqardi. Hech qanday o‘simlik yo‘q! Faqatgina kattakatta toshlar va ranglar. U binolarning bunchalik serviqor bo‘lishi mumkinligini xayoliga ham keltirmagandi. Shu payt uning qalbida nimadir yondi-yu, so‘ndi. Bir daqiqagina ushbu buyuklik uni hayratga solmay qo‘ydi… Keyin esa ongi yana eski holiga qaytdi.
Yonlaridan foytun — yengil arava o‘tib ketdi.
— Bular Skvayrlarmi? — pichirladi Rik.
U faqat bir nigoh tashlashgagina ulgurdi. Ularning sochlari kalta qilib qirqilgan, egnilarida ko‘kimtir-binafsha tusda jilolanuvchi yaltiroq matodan tikilgan keng, hilpiroq yengil ko‘ylak, kalta duxoba shim va xuddi mis simdan to‘qilgandek yaltiroq uzun paypoq bor edi.
— Yoshlar, — dedi Terens. U Sarkdan ketgandan beri ularni bunchalik yaqindan ko‘rmagandi. Terens bu safar ham nafratini berkitdi.
Ortidan siqilgan havo yordamida boshqariluvchi ikki kishilik foytunning pishillashi eshitildi. Mashina yo‘l ustida muallaq turardi: uning silliq tagligi havo qarshiligini kamaytirish maqsadida barcha tomondan yuqoriga tekis va silliq qayrilgan edi. Xudsi shu narsa o‘ziga xos pishillashni vujudga keltirar, bu esa o‘z navbatida nazoratchilar paydo bo‘lishining birinchi belgisi edi.
Ular barcha nazoratchilar kabi baland bo‘yli, keng va tekis yuzli, uzun sochli edilar. Tanlari och jigar rang tusda edi. Ularning qop-qora kiyimlari, uni yanada qoraytirib ko‘rsatayotgan kumush rangli kamarbandlari va o‘yma naqshli tugmalari aft-basharalarini deyarli bir xil qilib qo‘ygandi.
Nazoratchilarning biri boshqarish pultida o‘tirardi. Ikkinchisi esa chaqqonlik bilan sakrab yerga tushdi.
— Hujjatlaringizni ko‘rsating! — Nazoratchi ko‘rsatilgan rezidentlik qog‘oziga ko‘z tashladi-yu, uni Terensga qaytardi. — Siz bu yerda nima qilib yuribsiz?
— Ofitser, men kutubxonaga bormoqchiydim. Men bunday imtiyozga egaman.
— Sherigingizning rezidentlik imtiyozi yo‘q, — dedi keskin nazoratchi.
— Unga men javobgarman.
Nazoratchi yelkasini qisdi.
— Xohishingiz. Rezidentlarda imtiyoz bor, lekin ular Skvayr emaslar. Yodingizdan chiqmasin… Hov anavi bino — kutubxona. Ketdik, Kred!
Ular turgan joydan kutubxona ol rangda tovlanar, yuqori qavatlari esa to‘q qirmizi tusda edi. Ular binoga yaqinlashishgan sari qirmizi rang pastki qavatlarga siljiy boshladi.
— Menimcha, bu go‘zallik emas, — dedi Rik.
Terens unga hayron bo‘lib qarab quydi. U bunday rang-baranglikka Sarkning o‘zida ko‘nikib bo‘lgandi, biroq unga ham Yuqori Shaharning bunday bezaklari bachkanaliqsek tuyulardi.
Ular asosiy kirish eshigiga olib chiquvchi aylanmasimon zina oldida to‘xtashdi. Aslini olganda, u tekis bo‘lib, ranglarning turlanishigina zina suratini berardi. Bu esa kutubxonaga «ilmiy» binolarga xos qadimiylik nusxini baxsh etardi.
Asosiy xona katta, sovuq bo‘lib, u yerda deyarli hech kim yo‘q edi. Kutubxonachi ayol ularni ko‘rib, o‘rnidan turdi.
— Men Rezidentman. Alohida imtiyozlarim bor. Men manavi mahalliy kishiga javobgarman, — Terens tayyorlab qo‘ygan qog‘ozlarini uzatdi.
Kutubxonachi ayol qaytib joyiga o‘tirdi va jiddiylashdi. U hujjatni ochib, tekshirish tirqishiga kiritganda, o‘sha zahotiyoq binafsha tusdagi xira chiroq yonib o‘chdi.
— Ikkiyuz qirq ikkinchi xona, — dedi u.
Bu xona texnik kotiblarnikiga o‘xshardi. Suniy yorug‘lik, havo yuritish moslamasidan boshqa hech qanaqa bezak yo‘q. Ikkita dikgofon va butun devor yuzasi qoplangan katta ekran. Unda pastdan yuqoriga qarab turli adabiyotlar — ularning nomlari, mualliflari, tartib sonlari — alifbo bo‘yicha siljib borardi.
— Buyurtma berishni bilaman, — dedi Rik to‘satdan. Mana bu mitti tugmachalar yordamida zarur harf va raqamlarni tersak, hov anovi ekranda kitob paydo bo‘ladi.
Terens yalt etib unga qaradi.
— Qayerdan bilasan? Esingga tushdimi?
— Balki. Ishonchim komil emas.
— Bo‘pti, unda buni topag‘onlik deb hisoblaymiz.
U harf va sonlarning qandaydir qorishmasini terdi. Ekranda yozuv paydo bo‘ldi: «Sark ensiklopediyasi» 54 kitob, Olmos-Anod».
— Kuzatib tur, Rik, Men senga hech nima aytmayman. Bu kitobni qarab chiqishing va tanish narsalar uchrasa to‘xtashing lozim. Tushunarlimi?
— Ha.
— Bo‘pti. Endi kuzatib tur…
Daqiqalar o‘tdi. Bir payt Rik qichqirib yubordi:
— Uchradi, Rezident! Uchradi!
Bu Koinot tadqiqi haqidagi maqola edi.
— Bu yerda nimalar yozilganini bilaman, — davom etdi Rik. — U hovliqib ketganidan zo‘rg‘a nafas rostladi. — Mana, qarang, men doimo shu yozuvni uchrataman!
U sekin-asta, lekin Valonaning gohi-gohida beradigan darslaridagiga qaraganda ancha durust o‘qiy boshladi: