Yalang‘och Margarita Nikolaevna cho‘milganda kiyadigan xalatini yelkasiga tashlab, oyog‘iga baxmal teridan tikilgan qora tufli kiyib toshoyna qarshisida o‘tirardi. Uning qarshisida Azazellodan olgani quticha soatli oltin bilaguzuk yonida yotar, Margarita soat milidan ko‘zini uzmasdi. Ba’zan unga soat buzilib qolgan-u, millari joyidan jilmayotganday tuyulardi. Lekin millar, garchi xuddi ilinib-ilinib qolayotgan-dek, juda imillab bo‘lsa ham yurib turgan edi, mana, nihoyat, soatning uzun mili to‘qqizdan yigirma to‘qqiz minut o‘tganini ko‘rsatdi. Margaritaning yuragi shu qadar qattiq tepa boshladiki, dastlabki paytda qutichani qo‘liga olishga ham majoli qolmadi.

Nihoyat u o‘zini tutib olib, axiri qutichani ochdi — unda sarg‘ishrang yog‘upa bor ekan. Undan balchiq hidi kelayotgandek tuyuldi. Margarita barmog‘ining uchi bilan yog‘upadan qittak olib, kaftiga surgan edi, balchiq hidi o‘rmon hidi bilan omixta bo‘lib dimog‘iga gupillab urildi, shundan so‘ng Margarita yog‘upani kafti bilan peshonasi va yonoqlariga sura boshladi. Yog‘upa osongina surilar va Margaritaning payqashicha, shu zahoti terisiga singib ketayotgan edi. Margarita yuziga yog‘upadan uch-to‘rt marta surgach, ko‘zguga qaradiyu birdan qo‘lidagi oltin qutichani tushirib yubordi. Quticha soatning shisha qopqog‘i ustiga tushib, uni xuddi o‘rgimchak uyasi shaklida darz qildi. Margarita ko‘zlarini chirt yumdi, keyin yana ko‘zguga tikildiyu birdan xandon tashlab kula boshladi.

Uning mo‘ychinakda terilib silliq qilingan ingichka qoshlari quyuqlashgan va ikkita timqora yoy bo‘lib, ko‘m-ko‘k ko‘zlari ustiga yotgan edi. O‘tgan yili oktyabrda, ya’ni usta g‘oyib bo‘lganida qansharida paydo bo‘lgan ingichkagina tik ajin tekislanib yo‘q bo‘ldi. Shuningdek, ikki chakkasida paydo bo‘lgan sarg‘ish dog‘ ham, ikki ko‘zining tashqi milklari oldida hosil bo‘la boshlagan ko‘z ilg‘amas ajinlar ham yo‘qoldi. Yonoqlari bir tekisda qizg‘ish rang kasb etdi, peshonasi oppoq va beg‘ubor bo‘ldi, sartaroshning mahorati bilan jingalak qilingan sochlari yoyilib ketdi.

O‘ttiz yoshli Margaritaning ro‘parasida endi, ko‘zguda timqora sochlari tug‘ma qo‘ng‘iroq bo‘lgan yigirma yoshlardagi juvon sadafdek oq tishlarini ko‘rsatib, qotib-qotib kulardi.

Margarita kula-kula charchagach, bir silkinib yelkasidan xalatni otib tashladi va nafis yog‘upaga besh panjasini botirib, uni butun badaniga qattiq-qattiq sura boshladi. Badani bir lahzada qizarib, qizib ketdi. Shunda Aleksandr bog‘idagi uchrashuvdan so‘ng ikki chakkasining, xuddi miyasiga igna qadab qo‘yilganday tinimsiz lo‘qillab og‘riyotgani birdan taqqa to‘xtab, oyoq-qo‘llarining mushaklari kuchga to‘ldi va Margarita o‘z jismining vaznsiz bo‘lganini sezdi.

U bir sakrab, gilam uzra havoda muallaq osilib qoldi, keyin ohista pastga tusha boshladi.

— O‘rgilay yog‘upadan! Qanday yaxshi-ya! — deb chinqirdi Margarita o‘zini kresloga «tappa» tashlarkan.

Yeg‘upa uning nainki tashqi qiyofasini o‘zgartirdi. Endi uning butun vujudida, badanining har bir hujayrasida shodlik qulf urardiki, buni u butun a’zoi badanida xuddi uvishganda hosil bo‘ladigan jimirlash kabi his qildi. Margarita o‘zini hamma narsadan forig‘ bo‘lganday erkin his qildi. Bundan tashqari, u ertalab ko‘ngliga kelgan narsaning sodir bo‘lganligini, endi u bu xonadonni va sobiq turmush tarzini butkul tark etajagini juda aniq tushundi. Lekin mana shu sobiq turmush tarzini tark etish oldidan, uni yuqoriga, samoga da’vat etmoqchi bo‘lgan qandaydir yangi, g‘ayrioddiy quvvatga itoat etish arafasida faqat bitta, eng oxirgi burchni bajarishi shartligi ko‘ngliga keldi-yu, shu qip-yalang‘och holicha havoga ucha-ucha erining kabinetiga otilib kirdi va chiroqni yoqib, yozuv stoli sari yugurdi. U bloknotdan bir varaq yirtib olib, unga qalam bilan yirik-yirik qilib bexato yozdi:

«Meni kechir va tezroq unutib yuborishga harakat qil. Men seni mangu tark etmoqdaman. Qidirma meni, bundan foyda yo‘q. Men boshimga tushgan g‘am va musibatdan jodugarga aylandim. Men ketyapman. Alvido. Margarita».

So‘ng u ruhi yengil tortib, yana yotoqxonaga uchib kirdi, uning orqasidan izma-iz olam-jahon buyumlarni ko‘garib Natasha yugurib kirdi. Kirdi-yu, qo‘lidagi buyumlar — ko‘ylak ilingan yog‘och kiyim osg‘ichu g‘ijim ro‘mollar, qolipga tortilgan ko‘k ipak tufliyu belbog‘ — hammasi yerga sochildi va hayron bo‘lganidan og‘zi lang ochilib qoldi.

— Qalay, chiroylimanmi? — deb hirqiroq ovoz bilan qichqirdi Margarita Nikolaevna.

— Voy, tavba-a! — deb pichirladi Natasha orqasiga tisarilib, — qanaqa qildingiz buni, Margarita Nikolaevna?

— Bu — yog‘upa! Yog‘upa, yog‘upa, — dedi Margarita o‘zini ko‘zguga solib har tomonga aylanarkan, yaraqlab turgan oltin qutichaga ishora qildi.

Natasha ko‘ylakning oyoq ostida g‘ijimlanib yotganiga ham parvo qilmay, toshoyna oldiga yugurib borib, quticha tagida qolgan yog‘upaga mahliyo bo‘lib tikilib qoldi. Uning lablari qimirlab bir nimalarni pichirlardi. So‘ng u Margaritaga o‘girilib, benihoya izzat-ehtirom bilan dedi:

Перейти на страницу:

Похожие книги