— Badaningizni qarang! Bu qanaqasi? Badaningizdan nur yog‘ilyapti-ya, Margarita Nikolaevna. — Shundan keyin u birdan hushini yig‘ib darrov yerda yotgan ko‘ylakni oldi-da, uning changini qoqa boshladi.

— Tashlang uni! Tashlang! — deb chinqirdi Margarita. — Qurib ketsin hammasi, otib yuboring! Yo‘q, yaxshisi, o‘zingizga oling uni, mendan esdalik. Esdalik uchun oling deyapman. Shu xonada nima bo‘lsa, hammasini olavering.

Hang-mang bo‘lib qolgan Natasha xuddi telba odamdek anchagacha Margaritadan ko‘z uzmay baqrayib qoddi, so‘ng uning bo‘yniga osilib, ustma-ust o‘parkan:

— Siz atlassiz! Munavvarsiz! Atlasday tovlanyapsiz! Voy, qoshlaringizni qarang!

— Opketing hamma latta-puttalarimni, atirlarimniyam olib sandig‘ingizga solib yashirib qo‘ying, — derdi Margarita, — lekin qimmat buyumlarga tegmang, sizni o‘g‘ri deb ayblashlari mumkin.

Natasha qo‘liga tushgan ko‘ylagu tufli, paypog‘u ichki kiyimlarni hammasini yig‘ib bir bo‘g‘cha qildi-da, yotoqxonadan o‘qday otilib chiqib ketdi.

Shu mahal tor ko‘chaning narigi tomonidagi qaysiyam bir ochiq derazadan mohirona ijro etilgan vals sadosi gumburladi va ayni paytda bir mashinaning darvoza oldiga kelib to‘xtagani eshitildi.

— Hozir Azazello qo‘ng‘iroq qiladi! — dedi Margarita tor ko‘chada yangrayotgan valsga quloq solarkan, — u qo‘ng‘iroq qiladi! Ajnabiydan esa qo‘rqmasligim kerak. Ha, endi tushundim, u bexatar odam!

Mashina g‘uvillab darvozadan uzoqlasha boshladi. Ko‘cha eshik «qars» etib yopiddi va hovlidagi yo‘lkadan oyoq tovushi eshitildi.

«Bu Nikolay Ivanovich, oyoq olishidan bilaman, — deb o‘yladi Margarita, — vidolashuv oldidan bironta juda alomat, kulgili ish qilishim kerak».

Margarita darpardani «shir» ettirib bir tomonga surdi-da, derazaga bir tizzasini quchoqlab yonlamasiga o‘tirdi. Oy shu’lasi uning o‘ng tomonini yoritdi. Margarita boshini ko‘tarib oyga tikildi-da, chehrasida shoirona o‘ychanlik kashf etdi. Oyoq tovushlari yana bir-ikki marta eshitilib, keyin birdan jim bo‘lib qoldi. Margarita yana bir oz oyga mahliyo bo‘lib o‘tirib, holatni bo‘rttirish uchun xo‘rsinib ham qo‘ydi-da, bog‘ tomonga o‘grilib, chindanam uyning pastki qavatida yashovchi Nikolay Ivanovichni ko‘rdi. Oy Nikolay Ivanovichni o‘z nuriga g‘arq qilgan edi. U skameykada o‘tirar, ammo bexosdan o‘tirib qolgani yaqqol ko‘rinib turardi. Pensnesi bir tomonga og‘ib ketipti, portfelini esa mahkam changallab olipti.

— A, salom, Nikolay Ivanovich, — ma’yus ovoz bilan dedi Margarita, — xayrli oqshom! Majlisdan kelyapsizmi?

Nikolay Ivanovich bu savolga churq etib ham javob qilmadi.

— Men bo‘lsam, — deb davom etdi Margarita, gavdasini ko‘proq tashqariga chiqarishga urinib, — o‘zingiz ko‘ryapsiz, yolg‘izlikdan zerikib, nima qilarimni bilmay, oyga boqib, vals tinglab o‘tiribman.

Margarita chap qo‘lini ko‘tarib chakkasiga tushgan soch tolasini to‘g‘riladi, so‘ng achchig‘lanib dedi:

— Bu hurmatsizlik, Nikolay Ivanovich! Har qalay, men ayol kishiman-ku! Siz bilan gaplashayotgan odamga javob bermaslik — bu odobdan emas!

Kul rang nimchasining hatto tugmachalarigacha oq-sariq, cho‘qqi-soqolidagi har bitta tukkacha oy nurida yaqqol ko‘rinib turgan Nikolay Ivanovich birdan xunuk tirjaydi, skameykadan turib, xijolatdan hushi og‘ib qoldi shekilli boshidan shlyapasini olib salomlashish o‘rniga, qo‘lida portfel bilan qulochini kerdi va oyoq o‘yiniga raqs tushmoqchi bo‘lgandek, tizzalarini bukdi.

— Voy, muncha tund bo‘lmasangiz, Nikolay Ivanovich, — davom etdi Margarita, — umuman, hammanglar jonimga shu qadar tegdinglarki, buni ta’riflashga tilim lol, shuning uchun sizlar bilan vidolashayotganimdan benihoya shodman! E, jin ursin hammanglarni!

Shu mahal Margaritaning orqasida — yotoqxonada telefon jiringladi. U derazadan sakrab tushib, Nikolay Ivanovichni ham unutib, trubkaga chang soldi.

— Azazello gapiryapti, — degan ovoz eshitildi trubkadan.

— Azizim Azazello! — dedi Margarita chinqirib.

— Vaqt bo‘ldi! Uchib chiqavering, — dedi Azazello, Margaritaning samimiy, shodiyona kayfiyatidan mamnunligi uning ovozidan sezilib turardi. — Darvoza ustidan uchib o‘tayotganingizda: «Ko‘rinmayapman!» — deb qichqiring. Keyin ko‘nikib olish uchun bir oz shahar ustida uchib yuring-da, so‘ng janub tomon uchib, shahardan chiqib keting, to‘g‘ri daryo bo‘yiga boring. Sizni u yerda kutishyapti!

Margarita trubkani ildi, shu payt qo‘shni xonada qandaydir yog‘och buyum eshikka «taq-taq» urila boshladi. Margarita borib eshikni lang ochgan edi, pol artadigan cho‘tka raqs tushib kirib keldi. Uning cho‘tka tomoni balandda bo‘lib, dastasi bilan goh tepinar, goh o‘yin tusharkan, nuqul deraza tomon otilardi. Margarita sevinganidan chinqirib, cho‘tkaga minib oldi. Ana shundagina suvoriy ayol bu to‘s-to‘polonda kiyinib olishni unutganini esladi. U «ot» ni karavot oldiga uchirib borib, qo‘liga birinchi bo‘lib ilingan havo rang ko‘ylakni oldi. Keyin uni xuddi bayroqdek hilpiratib, derazadan uchib chiqib ketdi. Vals sadosi endi bog‘ uzra balandroq yangray boshladi.

Перейти на страницу:

Похожие книги