Varetening mo‘’tabar bufetchisini qattiq xijolat qilgan va mash’um seans berilgan tunda, yaxshiyamki, xo‘roz qichqirib qolib, cho‘chib ketgan o‘sha yalang‘och alvasti, ya’ni Gella karavot yonida yerga yozilgan gilamchada o‘tirib, oltingugurt bug‘i chiqib turgan kastryulda allanimani xamirga o‘xshatib qorardi.

Bulardan tashqari, shaxmat stoli yonidagi baland kursida hirsday keladigan bir qora mushuk o‘ng panjasida asp donasini ushlab o‘tirardi.

Gella o‘rnidan qo‘zg‘alib, Margaritaga ta’zim qildi. Mushuk ham kursidan sakrab tushib, orqa o‘ng oyog‘ini oldinga surib, mehmonga ta’zim qilarkan, birdan donani panjasidan tushirib yubordi va uni qidirib karavot tagiga emaklab kirib ketdi.

Bularning barini, qo‘rquvdan dong qotib qolgan Margarita shamlardan tushgan bozingar ko‘lankalarda elas-elas ko‘rdi. U ko‘zini to‘shakdan uza olmay qolgandi: bechora Ivan — yaqindagina Patriarx ko‘lida, shayton yo‘q, deb ishontirmoqchi bo‘lgan kimsa, ya’ni o‘sha yo‘q narsa hozir karavotda o‘tirardi.

Ikki ko‘z: tubida har qanday yurakning eng teran yerigacha teshib kirishga qodir zarrin uchqun porlab turgan o‘ng ko‘z bilan ignaning teshigini yoxud har qanday zulmat va qora ko‘lankaning tubsiz qa’rini eslatuvchi ziyosiz va qora chap ko‘z Margaritaning yuziga qattiq tikilgan edi. Volandning yuzi bir yonga qiyshayib ketgan, og‘zining o‘ng cheti pastga osilgan, sochlari to‘kila boshlaganidan keng bo‘lib ko‘ringan peshonasida ingichka qoshlari bilan bir tekisda chuqur-chuqur ajinlar cho‘zilgan edi. Uning yuzi oftobdan mangu qorayganday tuyulardi.

Egniga isqirt, chap yelkasiga yamoq tushgan uzun tungi ko‘ylakdan boshqa hech nima kiymagan Voland yalpayib o‘tirardi. U bir oyog‘ini tagiga bosib olgan, ikkinchisini uzatib skameykaga qo‘ygan edi. Mana shu qoraygan oyog‘ining tizzasini Gella tutab turgan allaqanday malham bilan ishqalardi.

Bu g‘ira-shirada Margarita yana Volandning yoli yo‘q ko‘kragida qora toshdan mohirona yasalib, ustiga allaqanday yozuvlar yozilgan bir qo‘ng‘izni ko‘rdi, u tilla zanjirga osilgan edi. Volandning yonida to‘shakda vazmin o‘rnatilgan alomat bir globus turardiki, uning joni borga o‘xshar va bir biqini quyosh bilan yoritilgandek tuyulardi.

Sukut bir necha lahza davom etdi. «Meni kuzatyapti», — deb o‘yladi Margarita va o‘z iroda kuchi bilan tizzalarining qaltirashini bosishga harakat qildi.

Nihoyat Voland jilmayib gap boshlagan edi, uning uchqun chaqnab turtan ko‘zi «pov» etib yonganday bo‘ldi.

— Xush kelibsiz, qirolicha, va lekin meni afv etgaysiz xonaki libosda bo‘lganim uchun.

Volandning ovozi shu qadar so‘niq, past ediki, ayrim so‘zlar zo‘rg‘a xirillab chikdi.

U to‘shakda yotgan uzun qilichni oldi-da, karavot ostiga tiqib kavlarkan, dedi:

— Bo‘ldi, chiq! O‘yin bekor qilinadi. Mehmon keldi.

— Zinhor bekor qilmang, — deb suflyorga o‘xshab pichirladi Korovyov Margaritaning qulog‘iga.

— Zinhor bekor qilmang… — deb gap boshladi Margarita.

— Messir… — deb pichirladi yana Korovyov uning qulog‘iga.

— Zinhor bekor qilmang, messir, — dedi o‘zini tutib olgan Margarita ohista, ammo aniq qilib, so‘ng jilmayib turib ilova qildi: — O‘yinni to‘xtatmasligingizni iltijo qilaman. O‘ylaymanki, shaxmat jurnallari shu partiyangizni chop qilgudek bo‘lsalar, durustgina gonorar to‘lagan bo‘lardilar sizga.

Azazello uning gapini ma’qullab, ohista tomoq qirib qo‘ydi, Voland esa Margaritaga diqqat bilan tikilib turib, qo‘lini cho‘zdi va uni imlab o‘z yoniga chaqirdi. Margarita yalangoyoqlari ostida polni sezmay unga yaqin bordi. Voland o‘zining zidday og‘ir, ayni paytda cho‘g‘dek qaynoq qo‘lini Margaritaning yelkasiga qo‘yib, uni o‘ziga tortdi va yoniga, karavotga o‘tqazdi.

— Baski, bizga bunday kamoli iltifot ko‘rsatayotgan ekansiz, — deb gapira boshladi u, — o‘zim ham shunday bo‘ladi deb o‘ylagan edim, unda biz takallufni yig‘ishtirib qo‘yamiz. — U yana karavot ostiga engashib qichqirdi: — Tokaygacha davom etadi bu karavot ostidagi maynavozchilik? Qani chiq, badbaxt masxaraboz!

— Aspni topa olmayapman, — deb bo‘g‘iq soxta ovoz bilan javob qildi karavot ostidan mushuk, — qayoqqadir qochib ketipti, uning o‘rniga allaqanday qurbaqa qo‘limga ilindi.

— Bu yer senga bozor emas — bas qil masxarabozlikni! — dedi Voland go‘yo achchig‘lanayotganday bo‘lib. — Karavot ostida hech qanaqa qurbaqa yo‘q edi! Bu uch pulga qimmat nayrangbozligingni Varete uchun asrab qo‘y. Agar hoziroq chiqmasang, seni yutqazdi deb hisoblaymiz, la’nati qochoq.

— Taslim bo‘lish yo‘q, messir! — deb baqirib yubordi mushuk va shu zahoti panjasida asp donasini ushlagancha karavot ostidan chikdi.

— Marhamat, tanishing… — deb gap boshladi Voland, ammo o‘z so‘zini bo‘lib dedi: — Yo‘q, ko‘rgani ko‘zim yo‘q bu taviyani, qarang, ne ko‘yga solib chiqipti o‘zini karavot tagidan.

Bu asnoda boshdan-oyoq changa belangan mushuk orqa oyoqlarida turib, Margaritaga ta’zim bajo qilardi. Endi uning bo‘yniga frak bilan taqiladigan oq galstuk bog‘langan, ko‘kragiga ayollarning sadaf durbini osilgan edi. Bundan tashqari, mushukning mo‘ylovi zarrin rangga bo‘yalgan edi.

Перейти на страницу:

Похожие книги