Keyin uni Moskvaning boshqa-boshqa rayonidagi ikkita alohida (biri — uch, ikkinchisi — ikki xonali) kvartiraga ayirboshlagan. Mana sizga — beshta xona. Keyin o‘sha uch xonali kvartirasini ikkita ikki xonaliga almashtirib, o‘zingiz ko‘rib turibsizki, olti xonaga ega bo‘lgan. Shunda u, Moskvaning turli rayonlaridagi olti xonadan iborat o‘sha kvartiralarini Zemlyanoy valdagi bitta besh xonali kvartiraga almashtirmoqchi bo‘lgani haqida gazetaga e’lon berib, eng oxirgi va eng g‘aroyib nayrang qilmoqchi bo‘lib turganida, birdan bu faoliyati unga daxldor bo‘lmagan sabablarga ko‘ra, taqqa to‘xtab qolgan. To‘g‘ri, hozir ham u biron-bir xonaga joylashgan, albatta, lekin sizni ishontirib aytamanki, u xona Moskvadan tashqarida bo‘lishi kerak. Ko‘rdingizmi, qanaqa olg‘irlar bor, siz bo‘lsangiz beshinchi o‘lchovni gapirib o‘tiribsiz.
Beshinchi o‘lchov haqida gap ochgan Margarita emas, Korovyovning o‘zi edi, shunga qaramay, Margarita kvartira almashtiruvchi ucharning sarguzashtlarini eshitib, sho‘x kulib yubordi. Korovyov davom etdi:
— Maqsadga o‘taylik, Margarita Nikolaevna. Siz g‘oyat oqila ayolsiz, shunga ko‘ra, sohibimizning kimligini fahmlagan bo‘lishingiz kerak.
Margaritaning yuragi «shuv» etib ketdi, u indamay bosh irg‘atdi.
— Ana, tushunibsiz, — dedi Korovyov, — biz har qanday chala-yarim, mavhum gaplarga qarshimiz. Sirasi, messir har yili bir marta bal beradilar. U bahorgi to‘linoy bali yoxud yuzta qirol bali deb ataladi. Tumonat odam keladi! Hali bunga o‘zingiz shohid bo‘lasiz. Qisqasi: messir bo‘ydoq — buni o‘zingiz ham gushunib turgan bo‘lsangiz kerak. Biroq beka yo‘q, — Korovyov qo‘llarini yoydi, — o‘zingizdan qolar gap yo‘q, qanday qilib bal bekasiz…
Margarita Korovyovning har bitta so‘zini nihoyatda diqqat bilan tinglarkan, qalbining teran yeri uvishganday bo‘ldi — o‘z baxtiga erishish umidi uning boshini aylantirardi.
— Bizda an’ana bo‘lib qolgan, — deb gapida davom etdi Korovyov, — bal bekasining ismi albatta Margarita bo‘lishi kerak, bu birinchidan, ikkinchidan esa, bal beriladigan yerda tug‘ilgan bo‘lishi shart. Ko‘rib turibsizki, biz jahongashtalarmiz, bu safar, Moskvada manzil qurdik. Bu yerda biz yuz yigirma bitta Margaritani uchratdik, lekin ishonasizmi, — deb Korovyov hafsalasi pir bo‘lib o‘z soniga «shap» etib urdi, — bittasi ham to‘g‘ri kelmadi. Va nihoyat, bizga baxt kulib boqdiyu…
Korovyov qaddini egib, ma’nodor jilmaydi, shunda Margaritaning yuragi bir orziqib tushdi.
— Qisqa qilaman! — dedi Korovyov, — eng qisqasi: shu mas’uliyatni zimmangizga oling desak, yo‘q demaysizmi?
— Yo‘q demayman, — qat’iy javob qildi Margarita.
— Albatta-da! — dedi Korovyov va shamchiroqni baland ko‘tarib ilova qildi: — Marhamat, men bilan yuring.
Ular ikki qator bo‘lib tizilgan ustunlar orasidan yurib borib nihoyat boshqa bir zalga o‘tishdi, bu yerda o‘tkir limon hidi dimoqqa urildi, allanimalarning qitirlagani eshitildi, buning ustiga yana Margaritaning boshiga allaqanday sharpa tegib o‘tdi. U seskanib ketdi.
— Qo‘rqmang, — deb muloyim ohangda tasalli berdi Korovyov, Margaritani qo‘ltiqlab olarkan, — bu Begemotning baloldi nayranglari, xolos. Umuman, men sizga, Margarita Nikolaevna, hech qachon, hech nimadan qo‘rqmaslikni maslahat berishga jur’at etmoqchiman. Ko‘rqish telbalik. Sizdan yashirib o‘tirmayman — bal nihoyatda dabdabali bo‘ladi. Biz, hukmronlik hududi o‘z vaqtida benihoya ulkan bo‘lgan shaxslarni ko‘ramiz. Ammo ularning imkoniyatlarini kamina muqarribi bo‘lish baxtiga musharraf bo‘lgan zotning imkoniyatlariga muqoyasa qilinsa, u dengiz oldida bir tomchi ham bo‘la olmaydiki, buni o‘ylasang kulging keladi, hatto, sizga aytsam, xafa bo‘lib ketasan…
Shu choq Korovyov shamchiroqqa qarab puflagan edi, u g‘oyib bo‘ldi-yu, Margarita o‘z oyog‘i ostida qandaydir eshik ostidan tushib turgan chiroq shu’lasini ko‘rdi. Korovyov ana shu eshikni ohista taqillatdi. Margarita juda qattiq hayajonlanganidan tishlari takillab, badani jimirlab ketdi. Eshik ochildi. Bu mo‘’jazgina xona edi. Margarita bu yerda emandan yasalgan keng bir karavot, karavot ustida g‘ijimlangan isqirt choyshab va yostiq ko‘rdi. Karavot oldida oyoqlari jimjimador eman stol, uning ustida sham uyalari qush panjalarini eslatuvchi chilchiroq bo‘lib, uning yettita oltin panjasida yo‘g‘on shamlar yonib turardi. Bundan tashqari, stolda yana donalari nihoyatda zo‘r mahorat bilan ishlangan kattakon shaxmat taxtasi bor edi. Eskirib, taqir bo‘lib ketgan bir gilamcha ustida pasttakkina skameyka turardi. Bu yerda yana bir stol bo‘lib, uning ustiga qandaydir oltin kosa va boshqa bir chilchiroq qo‘yilgan edi. Bu chilchiroqning shoxlari ilonga o‘xshatib yasalgan edi. Xonadan oltingugurt va qatron hidi kelar, chiroqlarning ko‘lankalari yerda bir-birini kesib o‘tgan edi.
Bu yerda hozir bo‘lganlar orasida Margarita Azazelloni bir ko‘rishdayoq tanidi, u karavotning bosh tomonida turar va endi egniga frak kiyib olgan edi. U Margaritaga bag‘oyat nazokat bilan ta’zim qildi, zero u Aleksandr bog‘ida Margaritaning qoshiga qaroqchi qiyofasida kelgan Azazelloga aslo o‘xshamas edi endi.