Lekin Nizaning o‘rniga yo‘g‘on zaytun daraxti orqasidan bir barzangi erkak yo‘l o‘rtasiga chiqdi, uning qo‘lida bir nima bir zumga yalt etib so‘ndi.
Iuda o‘zini orqaga tashlab, zaif ovoz bilan qichqirdi:
— Oh!
Ikkinchi bir odam uning orqasidan to‘sib chiqdi. Iudaning ro‘parasida turgan birinchi erkak undan so‘radi:
— Hozir qancha pul olding? Gapir, agar jon shirin bo‘lsa!
Iudaning qalbida umid uchquni porladi. Jon holatda chinqirdi u:
— O‘ttiz tetradraxma! O‘ttiz tetradraxma! O‘sha iulning hammasi yonimda. Mana u! Olinglar, faqat jonimni olmasanglar bo‘lgani!
Oldingdagi odam ko‘z ochib-yumguncha Iudaning qo‘lidagi hamyonni yulqib oldi. Ayni shu lahzada Iudaning orqasida pichoq xuddi chaqmoqdek chaqnab, oshiq yigitning kuragi ostiga botdi. Iuda bu zarbdan oldinga otildi va changak bo‘lib qolgan qo‘llarini yuqori ko‘tardi. Oldinda turgan odam ham Iudani o‘z pichog‘i bilan ilib oldi va uni sopigacha Iudaning yuragiga ootirdi. Iuda:
— Ni… za… — deya oddi faqat malomatli zaif ovoz bilan. U boshqa churq ham etmadi. Uning jasadi yerga shunday qattiq tushdiki, yer gumburlab ketdi.
Shunda yo‘l o‘rtasida uchinchi kimsa paydo bo‘ldi. Bunisi — egniga qaytarma qalpoqli plash kiygan edi.
— Bo‘la qolinglar, — deb buyurdi shu uchinchi shaxs. Qotillar u uzatgan xatni chaqqonlik bilan hamyonga qo‘shib charmga o‘radilar-da, kanop bilan bog‘ladilar. Ikkinchi erkak tugunchani qo‘yniga soldi, shundan keyin ikkala qotil yo‘ldan o‘zlarini chetga oldilaru zaytunlar orasiga, zulmat komiga kirib g‘oyib bo‘ldilar. Uchinchi kimsa esa jasad tepasiga cho‘qqayib, uning yuziga tikildi. O‘likning yuzi soyada naq bo‘rdek oppoq, benihoya go‘zal va basavlat bo‘lib ko‘rindi. Yana bir necha lahzadan keyin yo‘l ustida bironta ham tirik jon qolmadi. Faqat jonsiz jasad qulochini yozib yotardi. Murdaning chap tomoniga oy nuri tushib turganligidan shippagining har bir tasmasi yaqqol ko‘rinib turardi.
Bu mahal bulbullar butun Hefsimaniya bog‘ini boshlariga ko‘tarib xonish qilardilar. Iudani pichoqlab o‘ldirgan ikki kishining qayoqqa yo‘l tutgani hech kimga ma’lum emas, lekin qaytarma qalpoqli odamning borgan yeri bizga ma’lum. U qotillik yuz bergan joyni tark etib, zaytunzor ichiga kirib ketdi. U darvozadan uzoqroq yerda, bog‘ning janubiy burchagida panjara devordan oshib o‘tdi. Saldan so‘ng u Kedron sohiliga chiqdi. U suvga tushib, to ikkita ot va otlar yonida turgan jilovdorning qorasini ko‘rmaguncha soy ichidan suv kechib boraverdi. Otlar ham suv ichida turardi. Suv ularning tuyoqlarini yuvib shovullab oqardi. Jilovdor bitta otga, qaytarma qalpoqli odam ikkinchi otga minishdi, so‘ng ikkovlari ohista suv kechib boraverdilar. Ot tuyoqlari ostida toshlar taqillardi. Keyin otliqlar suvdan Yershalaim sohiliga chiqishdi va shahar devori yoqalab otlarni yo‘rttirib ketaverdilar. Shu yerda jilovdor hamrohidan ajralib, oldinga ot choptirib ketdi va zum o‘tmay ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, qaytarma qalpoqli odam huvillagan yo‘lda otni to‘xtatib, undan tushdi-da, plashini yechib, astarini ag‘darib kiydi, plashi ostidan pat qadalmagan silliq dubulg‘a olib, boshiga kiyib oldi. Endi u otga harbiy libos kiygan, beliga kalta shamshir taqqan odam qiyofasida mindi. U jilovni silkitgan edi, o‘ynoqi ot ustida suvori bilan yo‘rtib ketdi. Endi manzil yaqin qolgan edi. Suvori Yershalaimning janubiy darvozasi oldiga borib qolgan edi.
Darvoza ravog‘i ostida mash’alalar alangasi bezovta bo‘lib yelpinardi. Shiddatkor legionning ikkinchi kenturiyasidan bo‘lgan soqchi askarlar tosh kursilarda o‘tirishib to‘piq o‘ynashardi. Ular darvozadan kirib kelayotgan otliq harbiyni ko‘rishib, «dik» etib turib ketishdi, lekin harbiy otliq ularga qo‘l siltadiyu shahar ichkarisi tomon yo‘l oldi.
Shahar bayram chiroqlariga g‘arq bo‘lgan edi. Hamma derazalar shamlar bilan charog‘on edi, hammayoqdan betartib shodiyona hamdu sapolar, gangir-gungur ovozlar eshitilardi. Suvori ahyon-ahyon ko‘chaga ochilgan de-razalarga qarab, uloq go‘shti, may to‘ldirilgan qadahlar va ko‘katlar qo‘yilgan bayram dasturxoni tegrasida o‘tirgan odamlarni ko‘rardi. U nafis bir qo‘shiq kuyini hushtak qilib chalgancha Kuyi Shaharning huvillab qolgan ko‘chalaridan otini asta yo‘rttirib Antoniy minorasi tomon ketib borarkan, jome topasida porlab turgan dunyoda qiyosi yo‘q besh shamli qandilga yoxud undan ham balandroqda muallaq turgan oyga qarab-qarab qo‘yardi.