Afraniy Niza deb atagan juvon esa yolg‘iz qolgach juda shoshqaloqlik bilan kiyimini o‘zgartira boshladi. Qorong‘ida kerakli buyumlarni topish qanchalik qiyin bo‘lsa ham, u chiroq yoqmadi, oqsochni ham yordamga chaqirmadi. U otlanib bo‘lib, boshiga qora chodra yopingandan keyingina ovozi eshitildi.

— Birov so‘rasa, meni Enantanikida deb aytarsan. Qorong‘ida oqsoch kampirning to‘ng‘illagani eshitildi.

— Enantanikida? Yana o‘shanikiga bormoqchimisan? Axir ering ruxsat bermagan edi-ku! G‘irt qo‘shmachi o‘sha Enantang! Ering kelsin, chaqib beraman seni…

— Hoy, hoy, o‘chir uningii, kampir, — dedi Niza va «ship» etib uydan chiqib ketdi. Uning kavushlari ovozi endi sahniga tosh terilgan hovlidan eshitildi. Oqsoch xotin bir nimalarni to‘ng‘illagancha peshayvoi eshigini zanjirlab oldi. Niza uydan chiqib ketdi.

Xuddi shu payt Quyi Shahardagi hovuzlardan biriga olib boruvchi boshqa bir qing‘ir tor ko‘chaga joylashgan, orqasi ko‘chaga, derazalari ichkari hovliga qaragan ko‘rimsiz bir uyning ko‘cha eshigidan soqol-mo‘ylovi chiroyli qilib kuzalgan, boshiga chinniday toza, oppoq ro‘mol tashlagan, egniga qoshiyali yap-yangi havo rang bayram tallifi, oyog‘iga g‘archi bor yangi kavush kiygan bir yigit chiqdi. Ulug‘ ayyom sharofati bilan yasangan bu qirg‘iyburun, o‘ktam yigit, uy-uylariga, arafa oshiga oshiqayotgan o‘tkinchilardan ham jadalroq, tetikroq yurib borarkan, xonadonlarda birin-ketin chiroqlar yona boshlaganini kuzatardi. Bu yigit bozor yonidan o‘tib, Jome tepaligi etagiga joylashgan hazrati buzruk Kaifaning qasriga olib boruvchi yo‘ldan ketib borardi.

Yana bir necha daqiqadan so‘ng uning Kaifa darvozasidan kirayotganini va oradan bir necha lahza o‘tar-o‘tmas qasrdan chiqqanini kuzatish mumkin edi.

Yigit shamchirokdar va mash’alalar bilan yoritilib, bayram taraddudiga gavjum bo‘lgan qasrdan qaytib chiqqach, yana ham serg‘ayratroq, xushchaqchaqroq bo‘lib, shoshganicha Quyi Shahar tomon qayta boshladi. U bozor maydoniga yetib qolganida bir vaqt qora chodrasini deyarli ko‘zigacha tushirib olgan bir ayol tiqilinchda uning yonidan xiromon yurish qilib o‘tib, oldinlab ketdi. U o‘ktam yigitdan o‘zib ketarkan, bir lahzagina chodrasini yuqoriroq ko‘tarib, yigit tomonga bir zumlik nigoh tashladi, lekin qadamini sekinlatmadi, bil’aks hozirgina o‘zi o‘zib o‘tgan yigitdan tezroq qochib yashirinmoqchi bo‘lganday, yanada qadamini ildamlatdi.

Yigit u ayolni nainki payqadi, balki tanidi ham, tanigach, yuragi bir orziqib tushib, yurishdan taqqa to‘xtadiyu uning orqasidan hang-mang bo‘lib tikilib qoldi, keyin hushini yig‘ib olgach, ayolning orqasidan darhol quva ketdi. U yo‘lda ko‘za ko‘targan bir odamga urilib, uni yiqitib yuborayozdi va axiri ayolga yetib oldi-yu, hayajonlanganidan hansirab nafas olarkan, uni chaqirdi:

— Niza!

Ayol orqasiga o‘girilib yigitga ko‘z suzib qaradi, qaragandayam, hafsalasi pir bo‘lganday, sovuqqina qaradi va yunon tilida quruqqina shunday dedi:

— E-ha, senmiding, Iuda? Bir qarashda tanimabman. Qaytaga yaxshi bo‘ldi. Negaki, xalqimizda shunday bir naql bor: agar tanish odamingni tanimay qolsang, u boy bo‘larmish…

Iuda qattiq hayajonlanganidan yuragi xuddi qafasga tushgan qushday qattiq-qattiq teparkan, o‘tgan-ketganlar eshitmasin uchun nafasi og‘ziga tiqilgancha pichirlab so‘radi:

— Qayoqqa ketyapsan, Niza?

— Senga nima? — deb javob qildi Niza qadamini sekinlatarkan Iudaga viqor bilan tikilib.

Shunda Iudaning ovozida bolalarga xos bir talaffuz eshitildi, u esankirab pichirladi:

— Ie, nega endi?… Axir shartlashgandik-ku. Men senikiga bormoqchi edim. O‘zing aytuvding-ku butun oqshom uyda bo‘laman deb…

— E, yo‘q, yo‘q, — dedi Niza va tantiq qizlarga o‘xshab pastki labini do‘rdaytirgan edi, uning chehrasi — Iuda o‘z umrida ko‘rgan parichehralar ichida eng go‘zal hisoblagan chehrasi — yigitning ko‘ziga yana ham chiroyliroq bo‘lib ko‘rindi, — zerikib ketdim. Sizlar bayram qilyapsizlar, men nima qilay? Sening peshayvonda turib olib xo‘rsinishingni tomosha qilaymi? Buning ustiga, oqsochim erimga chaqsa nima qilaman, deb yurak hovuchlab o‘tiraymi? Yo‘q, yo‘q, men ham shahar tashqarisiga chiqib ketib, bulbullar xonishini eshitishga ahd qildim.

— Shahar tashqarisiga deysanmi? — dedi Iuda esankirab, — yolg‘iz o‘zing-a?

— Ha, yolg‘iz o‘zim, — deb javob qildi Niza.

— Maylimi seni kuzatib borsam? — hayajonlanganidan entikib so‘radi Iuda. U esankirab qoddi, butun borliqni xayolidan faromush qilib, Nizaning hozir tim qora bo‘lib ko‘rina boshlagan ko‘k ko‘zlariga iltijo bilan bokdi.

Niza hech nima demay, qadamini ildamlatdi.

— Nega indamayapsan, Niza? — deb so‘radi Iuda yolboruvchi ohangda u bilan baravar qadam tashlashga urinarkan.

— Meni zeriktirib qo‘ymaysanmi? — dedi birdan Niza va yurishdan to‘xtadi. Shunda Iudaning esi butkul og‘ib qoldi.

— Ha, yaxshi, — dedi Niza nihoyat ko‘ngli yumshab, — ketdik.

— Qayoqqa, qayoqqa boramiz?

— Shoshma… kel, yaxshisi, manavi hovliga kirib kelishib olaylik, tag‘in bitta-yarimta tanish-bilish ko‘rib qolib, Nizani ko‘chada o‘ynashi bilan chaqchaqlashib turganini ko‘rdim, deb gap tarqatib yurmasin.

Перейти на страницу:

Похожие книги