— Ha, xuddi siz taxmin qilganingizdek, prokurator. Ha, mana o‘zingiz ko‘ring, — shunday deb Afraniy tuguncha ustidagi muhrni sindirib, uni Pilatga ochib ko‘rsatdi.

— I-i, nima qilyapsiz, Afraniy, axir, muhr jomega taalluqli bo‘lsa kerak!

— Prokurator zinhor buning tashvishini qilmasinlar, — dedi Afraniy tugunchani qayta yoparkan.

— Nahot sizda hamma muhrlar bo‘lsa? — deb kuldi Pilat.

— Boshqacha bo‘lishi mumkin emas, prokurator, — deb javob qildi Afraniy o‘ta jiddiy tarzda.

— Kaifanikida nimalar bo‘lganini ko‘z oldimga keltiryapman.

— Ha, prokurator, bu hol ularni qattiq hayajonga solgan. Shu bois meni darhol chaqirtirishdi.

Pilatning ko‘zlari chaqnab ketgani hatto shu g‘ira-shirada ham aniq ko‘rindi.

— Bu qiziqarli, juda qiziqarli hol…

— Sizga e’tiroz bildirishga jur’at etaman, bu qiziqarli bo‘lmagan. Balki juda zerikarli va ko‘ngilsiz ishdir. Mening, Kaifa qasrida bironta odamga pul to‘lanmaganmidi, deb bergan savolimga, qat’iyan rad javobini berishdi.

— Shunaqa deng! Ha, yaxshi, to‘lashmagan bo‘lsa to‘lashmabdi-da. Unda qotillarni topish yana ham qiyinlashadi.

— Juda to‘g‘ri, prokurator.

— Darvoqe, Afraniy, miyamga to‘satdan bir fikr keldi: u o‘z joniga o‘zi qasd qilmaganmikin?

— E, yo‘q, prokurator, — deb javob qildi Afraniy taajjubdan o‘zini oromkursi suyanchig‘iga tashlarkan, — meni afv eting-u, ammo bunday bo‘lishi aslo mumkin emas!

— E, bu shaharda hamma narsa bo‘lishi mumkin!

Mana meni aytdi dersiz, bu haqdagi mish-mishlar hademay butun shaharga tarqaladi.

Shunda Afraniy prokuratorga ko‘z qirini tashlab oldi-da, o‘ylab turib javob qildi:

— Bu bo‘lishi mumkin, prokurator.

Garchi kiriaflik Iudaning o‘ldirilgani kunday ravshan bo‘lsa ham, prokurator bu masalani hech xayolidan chiqara olmayotganga o‘xshardi, shunga ko‘ra faromushroq kayfiyatda dedi:

— Uni qanday o‘ldirishganini o‘z ko‘zim bilan ko‘rishni istardim.

— U g‘oyatda ustalik bilan o‘ldirilgan, prokurator, — deb javob qildi Afraniy prokuratorga bir oz kinoya bilan boqarkan.

— Siz buni qayoqdan bilasiz?

— Marhamat qilib qopchiqqa e’tibor bering, prokurator, — deb javob qildi Afraniy, — sizni ishontirib aytamanki, Iudaning qoni tizillab otilgan. Kamina, o‘z umrimda qatl etilganlarni ko‘p ko‘rganman, prokurator!

— Demak, u qaytib o‘rnidan turmaydi?

— Yo‘q, prokurator, turadi, — Afraniy jilmayib turib faylasufona javob qildi, — faqat bu shaharda intizorlik bilan kutilayotgan Masiho karnayi uning boshi uzra yangragan chog‘da. Illo ungacha turmaydi!

— Bas, Afraniy! Bu masala oydinlashdi. Endi dafn masalasiga ko‘chaylik.

— Qatl etilganlar dafn qilindi, prokurator.

— O, Afraniy, sizni sudga berish jinoyat bo‘lardi. Siz eng yuksak mukofotga loyiqsiz. Xo‘sh, tafsilot-chi?

Afraniy gap boshlab, o‘zi Iudaning ishi bilan mashg‘ul bo‘lgan paytda, maxfiy qorovul xizmatchilari uning yordamchisi boshchiligida qosh qoraygan chog‘da Taqir Tepaga yetib borishgan, biroq u yerdan bir jasadning g‘oyib bo‘lgani haqida so‘zlab berdi. Pilat seskanib ketib, xirqiroq ovoz bilan dedi:

— Obbo, shu narsani oddini olish xayolimdan faromush bo‘lgan ekan-da!

— Aslo bezovta bo‘lmang, prokurator, — dedi Afraniy va hikoyasini davom ettirdi: — Ko‘zlarini quzg‘unlar cho‘qigan Dismas bilan Gestasning jasadlarini topishgach, darhol uchinchi jasadni axtarishga kirishishgan. Saldan keyin uni ham topishgan. Bir odam…

— Leviy Matvey, — dedi Pilat savol ma’nosida emas, ko‘proq tasdiq ma’nosida.

— Shundoq, prokurator…

Leviy Matvey Taqir Tepaning shimoliy yonbag‘ridagi bir g‘or ichida qorong‘i tushishini kutib o‘tirgan. Ieshua Ha-Notsrining yalang‘och jasadi ham uning yonida bo‘lgan. Soqchilar qo‘llarida mash’ala bilan g‘orga kirishganida Leviyning ruhi tushib ketib, g‘azablaia boshlagan. U: «Hech qanday jinoyat qilganim yo‘q, har bir inson, qonunga ko‘ra, agar xohlasa, qatl etilgan jinoyatchini dafn etish huquqiga ega», deb chinqirgan. Keyin jasaddan ayrilishni istamasligini aytgan. U qattiq hayajonlanib, tuturiqsiz gaplarni baqira boshlagan, goh yolvorgan, goh dag‘dag‘a va haqorat qilgan…

— Uni qo‘lga olishgandir? — deb so‘radi Pilat noxushlik bilan.

— Yo‘q, prokurator, yo‘q, — deb taskin berdi Afraniy, — gustoh telbaga, jasad albatta dafn etiladi, deb tushuntirishgan.

Leviy eshitgan gapini ma’nisiga yetgach, ko‘ngli tinchigan, lekin hech qayoqqa ketmay, dafn marosimiga qatnashmoqchi ekanini bayon qilgan. U, o‘ldirsanglar ham ketmayman, deb aytgan, hattoki, dafnda ishtirok etish evaziga yonida olib yurgan non kesadigan pichoqni ham tavsiya qilgan.

— Uni haydab yuborishgandir? — bo‘g‘iq ovoz bilan so‘radi Pilat.

— Yo‘q, prokurator, yo‘q. Yordamchim uning dafnda ishtirok etishiga ruxsat beripti.

— Yordamchilaringizdan qay biri bosh bo‘ldi dafnga? — deb so‘radi Pilat.

— Tolmay, — deb javob berdi Afraniy va xavotirlanib ilova qildi: — Yo xatoga yo‘l qo‘ydimikin u?

— Davom eting, — dedi Pilat, — xato qilmagan. Men, Afraniy, ochig‘i, sal gangib qoldim chog‘i, nazarimda, umrida xato qilmaydigan odam bilan muloqotda bo‘layotgandayman. O‘sha odam — sizsiz.

Перейти на страницу:

Похожие книги