— Grajdanlar! — darz ketgan ovoz bilan chiyilladi u, — nimalar bo‘lyapti o‘zi bu yerda, a? Men sizlardan so‘rayapman! Bu bechora, — Korovyov ovozida titroq hosil qilib, Begemotni ko‘rsatdi (u darhol yig‘lamoqchi bo‘lganday basharasini bujmaytirdi), — bu bechora uzzukun primus tuzatib, qorni ochib qolgan bo‘lsa… lekin qayokdan olsin valyutani?
Odatda fe’li vazmin va bamaylixotir Pavel Iosifovich Korovyovga jaholat bilan:
— Bas qil maynabozchilikni! — deb baqirdi va endi sabrsizlik bilan eshikog‘asiga qo‘l silkidi. Shunda magazin eshigi oldida hushtak yana ham balandroq churillay boshladi.
Lekin Korovyov Pavel Iosifovichning gaplaridan hech xijolat bo‘lmay gapida davom etdi:
— Qayokdan olsin — men sizlardan so‘rayapman! Uning ochlikdan, tashnalikdan sillasi qurigan! Issiqdan nafasi qaytgan! Hay, yegan bo‘lsa, bor-yo‘g‘i uch tiyin turadigan bitta mandarin yepti bu sho‘rpeshona. Shunga darrov bulbuligo‘yo bo‘lib hushtak churillatish, militsiyani bezovta qilib, ishdan qo‘yish shart ekan-chi? Anavi yesa maylimi? A? — Korovyov shunday deb binafsha rang paltoli baqaloqni ko‘rsatgan edi, uning chehrasida qattiq hayajon alomatlari paydo bo‘ldi, — kim o‘zi bu? A? Qayoqdan kelgan? Nega kelgan! Nima, ko‘zimiz uchib turuvdimi unga? Yo uni yurtimizga taklif qilganmidik? To‘g‘ri, — dedi baralla ovoz bilan sobiq regent zaharxanda qilib, — ko‘rib turibsiz, u binafsha rang palto kiyib yasanib kelgan, qimmatbaho losos balig‘ini yeb pufakdek shishib ksgipti, uning hammayog‘i jaraq-jaraq valyuta, ammo bizning birodarimiz-chi?! Qanday nadomat! Chidolmayman! Chidolmayman! — deb chinqirdi Korovyov xuddi so‘yilayotgan cho‘chqaday.
Bu betuturiq, beadab va hattoki siyosiy jihatdan isyonli bo‘lgan va’z Pavel Iosifovichni g‘azabdan tutaqtirib yubordi, lekin, taajjubki, bu yerda uymalashib turgan olomonning ko‘zlariga boqib, va’z aksar odamlarning rahmini keltirganiga shohid bo‘lish mumkin edi! Begemot isqirt va yirtiq yengini ko‘ziga olib borib, fojiona ohangda:
— Mendek jabrdiydaning yonini olganing uchun rahmat senga, sadoqatli do‘stim! — degan edi hamki, mo‘’jiza sodir bo‘ldi. Hozirgina shirinliklar bo‘limidan mag‘iz solingan uchta pirojniy xarid qilgan, g‘aribona, ammo juda ozoda kiyingan, o‘ta nazokatli, yuvosh tabiat chol birdan o‘zgarib ketdi. Uning ko‘zlarida jangovar o‘t chaqnadi, cho‘g‘dek qizarib ketdi va pirojniylar solingan xaltachani yerga otib, go‘daklarnikidek ingichka ovoz bilan chiyilladi:
— To‘g‘ri! — Keyin u boya Begemot buzib yuborgan shokolad minorasi ostidagi patnisni tortib olib, bir qo‘li bilan ajnabiyning boshidan shlyapasini yulib oldi-da, o‘ng qo‘lidagi patnisning o‘rtasi bilan uning kal boshiga qulochkashlab shunday urdiki, yuk mashinasidan yerga tunuka tushirilayotganda qanday taraqlagan ovoz eshitilsa, hozir ham shunday dahshatli ovoz butun magazinni bosib ketdi. Baqaloq ajnabiy rangi quv o‘chib, chalqancha yiqilarkan, Kerch selyodkasi solingan bochkaga o‘tirib qoldi va buning oqibatida selyodkaning namakobi uning chor yonidan fontan bo‘lib otildi. Ayni shu payt ikkinchi mo‘’jiza yuz berdi. Bochkaga orqasi bilan tiqilib qolgan bu ajnabiy sof rus tilida chinqirib yubordi:
— Voy, o‘ldirishyapti! Militsiya! Meni banditlar o‘ldirishyapti! — o‘ziga shu choqqacha begona bo‘lgan tilni u, chamasi, hozirgi asabiy hayajon oqibatida, dabdurustdan o‘zlashtirib olgan bo‘lsa kerak.