Ulkan toshqoya boshida, odamlar dengizi qirg‘og‘ida to‘q-qizil astarli oq rido paydo bo‘lishi bilan, ko‘zi hech narsa ko‘rmayotgan Pilatning qulog‘iga «A-a-a…» degan tovush to‘lqini kelib urildi. Hiipodrom yokda dunyoga kelgan bu sado avvaliga bazo‘r eshitildi, so‘ng momaqaldiroq singari bir necha soniya guddirab tur-di-da, keyin yana pasaya boshladi. «Meni ko‘rishdi», — deb o‘yladi prokurator. Shovqin to‘lqini susayib, tinish darajasiga yetganda to‘satdan yana kuchaya boshla-di va bu gal avvalgisidan ham balandroq avjga chiqdiki, xuddi dengiz dolg‘asi sathida ko‘piklar paydo bo‘lgani kabi bu suron orasidan hushtak sadosi va gul-diros shovqin orasidan elas-elas quloqqa chalinuvchi ayollar fig‘oni eshitildi. «Mahbuslarni supaga olib chiqishdi… — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Pilat, — olomon men sari talpinganda bir necha ayolni bosib, yanchib yuborgan bo‘lsa kerak, bu — o‘shalarning nolasi».

U sukut saqlab bir oz kutib turdi, zero olomon yuragidagi butun hovurni to‘kib solib, o‘zi tinchimaguncha, uni hech qanday kuch tinchita olmasligini Pilat bilardi.

Nihoyat shunday fursat keddi. Prokurator o‘ng qo‘lini yuqori ko‘targan edi, olomonning oxirgi sasi ham o‘chdi.

Shunda Pilat ko‘kragiga imkoni boricha ko‘proq issiq havo olib shunday chinqirdiki, uning xirillagan ovozi ming-minglab odamlarning boshi uzra yangradi:

— Qaysar imperator nomi bilan!

Shunday deyishi bilan qulog‘iga bir necha uzuq-uzuq dag‘al so‘zlar kelib urildi — saf tortib turgan askarlar nayza va temir nishonlarini yuqoriga siltab, mudhish ovoz bilan:

— Qaysar a’lo hazratlari omon bo‘lsin! — deb hayqirgan edilar.

Pilat boshini adl ko‘tarib, uni oftob tig‘iga tiradi. Qovoqlari ostida yashil o‘t chaqnadi, bu o‘tdan uning miyasi yona boshladi, shunda arameylar tilida hirqiroq ovoz bilan aytgan so‘zlari olomonning boshi uzra parvoz qildi:

— Qotillik qilgani, isyonga da’vat etgani hamda qonun va dinni tahqirlagani uchun Yershalaimda hibsga olingan to‘rt nafar jinoyatchi sazoyi o‘limga — ustunlarga osishga hukm qilindilar! Ushbu qatl bugun Taqir Tepada amalga oshiriladi! Jinoyatchilarning nomlari budir: Dismas, Gestas, Var-ravvan va Ha-Notsri. Mana, ular qarshingizda turishipti!

Pilat jinoyatchilarni ko‘rmay turib, qo‘li bilan o‘ng tomonga ishora qildi, lekin ularning shu yerda, belgilangan yerda turishganini u yaxshi bilardi.

Olomon go‘yo ajablangandek yoki ko‘ngli taskin topgandek, anchagacha g‘ala-g‘ovur qilib turdi. Nihoyat g‘ovur tindi va Pilat nutqini davom ettirdi:

— Vale, alarning uchtasi qatl etilgay, zeroki, qonun va taomilga ko‘ra Kichik Sinedrionning ixtiyori ila va Rim hokimiyatining tasdiqlashiga ko‘ra muqaddas pasxa bayrami sharofati ila saxovatli qaysar imperator on hazratlari o‘limga mahkumlardan biriga uning manfur hayotini siylov qiladilar!

Pilat so‘zlarni qichqirib-qichqirib aytarkan, ayni paytda, g‘ulg‘ula o‘rnini teran sukunat egallay boshlaganini his qila boshladi. Endi na bironta «tiq» etgan tovush, na birovning yengil tin olgani chalinardi uning qulog‘iga, hattoki bir payt, atrofidagi butun muhit tamoman g‘oyib bo‘lgandek ham tuyuldi Pilatga. Uning nazarida, o‘zi yomon ko‘rgan bu shahar butkul o‘lganday, yolg‘iz o‘zi boshini osmonga tirab, quyoshning tik shu’lasi ostida qovrilib turgandek bo‘ldi. Pilat sukunatni yana bir oz cho‘zdi, so‘ng chinqirib gapira boshladi:

— Hozir sizlarning ko‘z oldingizda ozod qilinadigan mahbusning ismi….

U ismni aytishdan oldin yana bir marta sukut qilib, biron gap yodimdan ko‘tarilmadimikin, deb ko‘nglidan o‘tkazdi, negaki, baxtiyor mahbusning nomi e’lon qilingach, bu o‘lik shaharga jon kirishini, undan keyin aytilgan so‘zlarning birontasini ham hech kim eshitmasligini yaxshi bilardi.

«Hamma gapni aytib bo‘ldimmi? — tovushsiz pichirladi Pilat o‘ziga o‘zi. — Ha. Ismi qoldi!»

So‘ng u «r» harfiga urg‘u berib sukutga tolgan olomon uzra qichqirdi:

— Var-ravvan!

Pilatning nazarida quyosh jaranglab, birdan yorilib ketgandek, olov bo‘lib qulog‘iga quyilayotgandek bo‘ldi. Bu olov to‘fonida hayqiriq, chinqiriq, faryod, qahqaha va hushtak sadolari jo‘sh urib butun maydonni boshga ko‘targandi.

Pilat orqasiga o‘girildi, qoqilib ketmaslik uchun ko‘zini supa sahniga terilgan rang-barang go‘shamalarga tikkancha, hech kimga qaramay, pillapoya tomon yura boshladi. Endi, uning orqasida, supaga bronza tangalar, xurmolar do‘lday yog‘ila boshlagan, olomon esa yuz bergan mo‘’jizani — ajal changaliga tushgan odamning endi u changaldan qanday qutulib chiqqanini, mahbusning so‘roq paytida lat yegan qo‘llarini legionerlar beixtiyor og‘ritib yecha boshlaganini, uning esa og‘riqdan aftini bujmaytirib, «voy-voy» lab bo‘lsa ham, telba odamlarday ma’no-siz tirjayishini o‘z ko‘zi bilan ko‘rish uchun uzluksiz na’ra tortib, bir-birini toptab, bir-birining yelkasiga mingashayotgan ediki, buni Pilat ko‘rmasa ham aniq tasavvur qilardi.

Перейти на страницу:

Похожие книги