— Gap shundaki… — professor u yoq-bu yoqqa olazarak bo‘lib qarab qo‘ydi, — men shaxsan o‘zim shohid bo‘lganman bu voqealarga. Pontiy Pilatning huzurida rovonda ham, u Kaifa bilan gaplashayotganida bog‘da ham, shohsupada ham bo‘lganman, faqat maxfiy tarzda, ya’ni inkognito desayam bo‘ladi, shu bois o‘tinaman sizlardan — bu haqda hech kimga lom-mim demay, sir saqlasangiz!.. Tss!

Jim bo‘lib qolishdi, Berliozning rangi oqarib ketdi.

— Siz… siz qachon keldingiz Moskvaga? — titroq ovoz bilan so‘radi u.

— Men Moskvaga hozirgina, shu daqiqada kirib keldim, — esankirabroq javob qildi professor, shu gapdan keyingina ikki o‘rtoq uning ko‘zlariga tikilibroq qarashdi va uning chap ko‘zi ko‘k va butkul jununvash, o‘ng ko‘zi esa — qora, beziyo, o‘lik ekanligiga shohid bo‘lishdi.

«Mana, hamma narsa oydinlashdi-qoldi! — deb o‘yladi Berlioz yuragi bejo urib, — jinni nemisni yuborishipti yo bo‘lmasa, hozir shu yerda jinni bo‘lib qolgan. Ana xolos!»

Ha, darhaqiqat, hamma narsa: marhum faylasuf huzuridagi g‘oyat antiqa nonushtayu pista moyi va qandaydir Annushka haqidagi tuturiqsiz gaplaru Berliozning boshi uzilishi haqida aytilgan bashoratu hokazo va hokazolar sababi oydinlashgan edi — professor telba edi.

Berlioz nima ish qilishi kerakligini darhol tushundi. U skameykaga suyanib, professorning orqasidan Bezdomniyga, o‘chakishma, demoqchi bo‘lganday ko‘z qisdi, ammo dovdirab qolgan shoir do‘stining imosiga tushunmadi.

— Ha, ha, ha, — to‘lqinlanib derdi Berlioz, — lekin bo‘lishi mumkin! Hatto judayam bo‘lishi mumkin, Pontiy Pilat ham, rovon ham, qolgan gaplar ham… Siz yolg‘iz keldingizmi yo rafiqangiz bilanmi?

— Yolg‘iz, yolg‘iz o‘zim, men hamisha yolg‘izman, — hasrat bilan dedi professor.

— Buyumlaringiz qaerda, professor? — mug‘ambirlik bilan luqma tashladi Berlioz. — «Metropol» dami? Qaerga qo‘ndingiz?

— Menmi? Hech qaerga, — deb javob qildi telba nemis, ko‘k ko‘zini o‘ynatib, Patriarx ko‘liga ma’yus va vahshiyona nazar tashlarkan.

— Ie! Unda… qaerda yashamoqchisiz?

— Sizning kvartirangizda, — deb surbetlik bilan javob qildi telba va ko‘z qisib qo‘ydi.

— Ba… bajonu dil… u… — deya g‘o‘ldiradi Berlioz, — lekin menikida turish sizga o‘ng‘aysiz bo‘ladi-da… «Metropol» da esa xonalar g‘oyat shinam, u eng yaxshi mehmonxona…

— Shayton ham yo‘q deng? — dabdurustdan quvnoq ohangda savol berdi telba Ivan Nikolaevichga.

— Shayton ham…

— Ra’yini qaytarma! — pichirladi Berlioz, professorning orqasidan unga imo-ishora qilarkan.

— Hech qanaqa shayton yo‘q! — deb tuturiqsiz gaplardan gangib qolgan Ivan Nikolaevich chinqirib o‘rinsiz gaplarni aytib yubordi. — Qayoqdan keddi bu dardisar?! Bas qiling jinnilikni…

Shu payt telba qah-qah urib kulib yuborgan edi, tepalaridagi jo‘ka shoxiga qo‘nib o‘tirgan chumchuq pir etib uchib ketdi.

— O, bu endi bag‘oyat qiziq gap bo‘ldi, — deya xoxolardi professor butun gavdasi bilan silkinib. — Mamlakatinglar qanaqa o‘zi, nimani so‘rasang — yo‘q! — U birdan xoxolashdan taqqa to‘xtab, mutlaqo teskari kayfiyatga o‘tdiki, ruhiy kasallarda bunday holning sodir bo‘lishi tushunarli edi: — Demak, shunday qilib, yo‘qmi? — g‘ijinib, jahl bilan baqirdi u.

— Tinchlaning, o‘zingizni bosing, professor, — deb g‘o‘ddirardi Berlioz bemorning asabi buzilishidan xavotirlanib. — Siz shu yerda o‘rtoq Bezdomniy bilan bir minutgina o‘tirib turing, men muyulishga g‘ir etib borib, telefon qoqib kelaman, keyin sizni xohlagan yeringizga kuzatib qo‘yamiz. Siz axir shaharni yaxshi bilmaysiz-ku…

Berlioz to‘g‘ri reja tuzgan edi: eng yaqin avtomat-telefonga g‘izillab borib, xorijiylar byurosiga, ajnabiy bir konsultant Patriarx ko‘lida es-hushi noraso hodda o‘tirgani haqida xabar qilmoqchi edi. Xullas, darhol chora ko‘rish kerak, aks holda qandaydir ko‘ngilsiz bema’nilik yuz berishi muqarrar edi.

— Telefon qilasizmi? Mayli, qila qoling, — ma’yus rozi bo‘ldi bemor, keyin birdan zo‘r hissiyot bilan ilova qildi: — Lekin vidolashuv oldidan o‘tinib so‘rayman sizdan, hech bo‘lmasa, shaytonning borligiga ishoning! Yagona iltimosim shu. Bilingki, buni isbotlovchi yettinchi dalil mavjud, u eng ishonchli dalil! Hademay bunga o‘zingiz shohid bo‘lasiz.

— Yaxshi, yaxshi, — dedi yasama iltifot bilan Berlioz va telba nemisni qo‘riqlab o‘tirishdek mashaqqatdan sarosimaga tushgan shoir do‘stiga ko‘z qisib qo‘ydi-da, Bronnaya ko‘chasi bilan Yermolaevskiy tor ko‘chasi muyulishiga chiqadigan yo‘lak tomon otildi.

Professor esa darhol sog‘ayib, chehrasi yorishib ketdi.

— Mixail Aleksandrovich! — deb qichqirdi u Berliozning orqasidan.

U seskanib ketib, orqasiga o‘girildi ammo ismi-sharifimni professor bironta gazetada o‘qigandirda, degan xayolga borib, o‘ziga tasalli berdi. Professor esa qo‘llarini og‘ziga karnay qilib qichqirdi:

— Nima deysiz, hoziroq Kievdagi pochchangizga telegramma yuboraverishsinmi?

Перейти на страницу:

Похожие книги