— Marhamat, Nikonor Ivanovich, o‘tiring, — deb shang‘illardi grajdanin raisning do‘qiga parvo ham qilmay, so‘ng xushomad qilib, uni kresloga taklif qila boshladi.
Lekin Nikonor Ivanovich tamoman darg‘azab bo‘lib, kresloga o‘tirmadi va:
— Kimsiz axir o‘zingiz? — deb baqirdi.
— Hay, eshiting bo‘lmasa: men mazkur kvartirada istiqomat qiluvchi bir ajnabiy shaxsning tarjimoniman, — tushuntirdi o‘zini Korovyov deb tanitgan shaxs mallarang isqirt botinkasining poshnasini yerga «do‘q» etib urib.
Nikonor Ivanovichning og‘zi lang ochilib qoldi. Bu kvartirada qandaydir xorijiy shaxsning, boz ustiga, o‘z tarjimoni bilan turishi uning uchun mutlaqo kutilmagan hol edi, shu bois u izoh talab qildi.
Tarjimon bajonu dil izohlab berdi. Ma’lum bo‘lishicha, Varete direktori Stepan Bogdanovich Lixodeev ajnabiy artist janob Volandni taxminan bir hafta davom etuvchi gastrollari paytida o‘zining kvartirasida yashab turishga lutfan taklif qilgan va bu haqda kecha Nikonor Ivanovichga xat yozib, undan to o‘zi (ya’ni Lixodeev) Yaltaga borib dam olib kelguncha, ajnabiy artistni shu kvartiraga vaqtinchalik propiska qilishni iltimos qilgan ekan.
— U menga hech qanaqa xat yozgani yo‘q, — hayron qolib dedi rais.
— Siz portfelingizni kavlab ko‘ring, Nikonor Ivanovich, — dedi Korovyov muloyim ohangda.
Nikonor Ivanovich kiftini bir uchirib, portfelini ochdi-yu, u yerda yotgan Lixodeevning xatini ko‘rdi.
— Tavba, qanday qilib xotiramdan ko‘tarilipti-ya, — Nikonor Ivanovich ochilgan konvertga ma’nosiz tikilgancha g‘o‘ldirardi.
— E, Nikonor Ivanovich, bundan ham qismat voqealar bo‘ladi hayotda! — deb shang‘illadi Korovyov. — Parishonxotirlik, ha, parishonxotirlik, yana, charchagansiz, qon bosimingiz ko‘tarilgan, qadrdon do‘stimiz Nikonor Ivanovich! Men o‘zim ham o‘lgudek parishonxotirman. Bir vaqt topib, dilkashlik qilga-nimizda o‘z boshimdan kechirganim ayrim voqealarni sizga hikoya qilib beraman, kulaverib ichagingiz uziladi!
— Lixodeev qachon ketarkan Yaltaga?
— O, u allaqachon ketib bo‘ldi! — deb chiyilladi tarjimon. — U, menga sizga aytsam, hozir safarda! Xullas, qaerdaligini shayton ham bilmaydi! — shunday deb u ikkala qo‘lini xuddi shamol tegirmonining parraklariga o‘xshatib aylantira boshladi.
Nikonor Ivanovich ajnabiy janob bilan shaxsan uchrashmog‘i shartligini aytgan edi, lekin tarjimondan rad javobini oldi: hech mumkin emas. Band. Mu-shuk bilan mashq qilyapti.
— Agar xohlasangiz, mushukni ko‘rsatishim mumkin, — deb taklif qildi Korovyov.
Bu safar endi taklifii Nikonor Ivanovich rad etdi, lekin shu payt tarjimon raisga nihoyatda qiziqarli bir taklifni bayon qildi.
Janob Voland mehmonxonada turishni mutlaqo yoqtirmasligi va keng joyda erkin yashashga odatlanganligi sababli uy boshqarmasi bir haftaga, ya’ni Volandning Moskvadagi gastrollari paytida butun kvartirani, ya’ni marhumning ham xonalarini qo‘shib, ijaraga bermasmikin?
— Axir endi marhum uchun baribir-ku, — bo‘g‘iq ovoz bilan pichirladi Korovyov, — o‘zingiz ham tushunib turibsiz, Nikogyur Ivanovich, endi unga bu kvartiraning hech hojati yo‘q, shunday emasmi?
Bu taklifdan bir oz hayron bo‘lgan Nikonor Ivanovich, ajnabiy shaxslar xususiy kvartirada emas, balki «Metropol» mehmonxonasida turishlari kerak, degan mazmunda e’tiroz bildirdi.
— Aytyapman-ku sizga, o‘lgudek injiq! — pichirladi Korovyov. — Hech xohlamaydi! Yoqtirmaydi sira mehmonxonada turishni! Mana bunday to‘yganman bu inturistlardan! — imi-jimida zorlandi Korovyov tomirlari bo‘rtib chiqqan bo‘yniga barmog‘ini olib borib. — Ishonasizmi, jonimdan to‘ydirib yuborishdi! Kelishadi-da… yo xuddi iskovuch itvachcha singari josuslik qilishadi, yo surunkasiga injikdik qilaverib qoningga tashna qilib yuborishadi: undoq emas — bundoq, uni yoqtirmayman, bunisining keragi yo‘q!.. Lekin sizning uy boshqarmangiz, Nikonor Ivanovich, bu bitimdan faqat foydayu sof daromad ko‘radi. U pulni ayamaydi. — Korovyov atrofga ko‘z tashlab olib, raisning qulog‘iga pichirladi: — Millioner u!
Tarjimonniig bu taklifida aniq amaliy ma’no mavjud edi, u ma’no nihoyatda salobatli edi-yu, ammo tarjimonning o‘zi gapirish tarzi bilan ham, kiyim-boshi, ko‘zidagi hech nimaga yaroqsiz pensnesi bilan ham mutlaqo bachkana odam bo‘lib ko‘rinayotgan edi. Shunga ko‘ra raisning ko‘nglini qandaydir bir shubha kemirardi, ammo shunday bo‘lsa ham taklifni qabul qilmoqchi bo‘ldi. Gap shundaki, uy boshqarmasida yetishmovchilik judayam katta edi. Kuzga borib uyni bug‘ bilan isitish uchun neft xarid qilish kerak edi, biroq buning uchun shimildiriq ham yo‘q edi. Mana, inturist beradigan pul bilan mushkulni oson qilsa bo‘ladi. Shunga qaramay, ishbilarmon va ehtiyotkor Nikonor Ivanovich bu masalani oldin inturist byurosi bilan kelishib olishi kerakligini izhor qildi.