— Vaqt tig‘iz o‘zi. To men uyga kirib chiqqunimcha, u qorasini ko‘rsatmay g‘oyib bo‘lishi mumkin!
— Shunday deng. Xo‘sh, militsiyaga borib, birinchi navbatda nima deysiz?
— Pontiy Pilat haqida gapiraman, — javob qildi Ivan Nikolaevich, shunda uning ko‘z oldi xiralashganday bo‘ldi.
— Xo‘-o‘sh, juda soz! — dedi taslim bo‘lgan Stravinskiy, so‘ng soqolli odamga yuzlanib buyurdi: — Fyodor Vasilevich, marhamat qilib grajdanin Bez-domniyning shaharga chiqishiga ijozat bering. Lekin bu xona band qilinmasin, o‘rni ham yig‘ishtirilmasin. Chunki grajdanin Bezdomniy ikki soatdan keyin yana shu yerda bo‘ladi. Hay, nachora, — deb u shoirga o‘girildi, — sizga muvaffaqiyat tilamayman, negaki, muvaffaqiyat qozonishingizga zig‘ircha ham ishonmayman. Hademay ko‘rishgunimizcha xayr! — U o‘rnidan turdi, qolganlar ham qimirlab qolishdi.
— Yana qaytib kelishimga qanday asosingiz bor? — xavotirlanib so‘radi Ivan.
Stravinskiy aynan shu savolni kutayotgan bo‘lsa kerak, darhol yana o‘rniga o‘tirib, gapira boshladi:
— Asos shuki, siz ichki ishtonda militsiya idorasiga borib, Pontiy Pilat bilan shaxsan tanish bo‘lgan odamni uchratdim, deb aytishingiz bilan, o‘sha zahoti sizni g‘izillatib bu yerga olib kelishadi-yu, yana o‘zingizni aynan shu xonada ko‘rasiz.
— Ichki ishtonning bunga nima daxli bor? — so‘radi Ivan esankirab atrofga nazar tashlarkan.
— Eng muhim sabab — Pontiy Pilat. Lekin ichki ishton ham katta ahamiyatga ega. Zero, ketadigan bo‘lsangiz, egningizdagi davlat kiyimini yechib olib, sizga o‘z kiyimingizni beramiz. Ma’lumki, sizni bu yerga ichki ishtonda olib kelishgan. Holbuki, men shama qilib aytgan bo‘lishimga qaramay uyingizga kirishni xayolingizga ham keltirmadingiz. Keyin navbat Pilatga keladi-yu… ish pishadi-qo‘yadi!
Shu chog‘ birdan Ivan Nikolaevich o‘zini juda g‘alati his qila boshladi. Uning irodasi darz ketganday bo‘ldi, o‘zining zaif ekanligini, o‘zgalar maslahatiga muhtojligini his qila boshladi.
— Bo‘lmasa, nima qilay? — deb so‘radi u endi jur’atsizlik bilan.
— Bu boshqa gap! — dedi Stravinskiy. — Bu o‘rinli savol. Endi sizga aslida nima bo‘lganligini men gapirib beraman. Kecha, kimdir Pontiy Pilat va boshqa narsalar haqidagi hikoyalari bilan sizni qattiq cho‘chitib, dilingizni og‘ritgan. Oqibat, siz tajang bo‘lib, asabingiz buzilib, shahar kezib Pontiy Pilat haqida gapira boshlagansiz. Turgan gapki, sizni jinni deb hisoblashgan. Bu kechinmalardan xalos bo‘lishingiz uchun hozir yagona yo‘l — mutlaqo xotir-jamlikdir. Binobarin, siz albatta shu yerda qolishingiz kerak.
— Axir uni qo‘lga olish kerak-ku! — dedi Ivan endi yolvoruvchi ohangda.
— Yaxshi, lekin buning uchun o‘zingiz yugurishingiz shartmi? Yaxshisi, siz o‘sha odam haqidagi shubhalaringizni, uning ayblarini yozma ravishda bayon qilib bering. Bayonotingizni tegishli joyga osongina jo‘natishimiz mumkin. Mabodo, o‘sha odam haqiqatan ham, siz aytgandek, jinoyatchi bo‘lib chiqsa, bu narsa xiyol vaqt o‘tmay aniqlanadi. Lekin faqat bitta shart bor: boshingizni ko‘pam qotirmang, Pontiy Pilat haqida mumkin qadar kamroq o‘ylang. Odamlar nimalarni o‘ylab topmaydi! Hammasigayam ishonaverish kerak emas.
— Tushundim! — dedi Ivan qat’iy ohangda. — Iltimos, menga qog‘oz bilan qalam berishsin.
— Qog‘oz bilan kalta qalam bering, — buyurdi Stravinskiy semiz xotinga, so‘ng Ivanga bunday dedi: — Lekin maslahatim, bugun yozmang.
— Yo‘q, yo‘q, shu bugunoq, albatta shu bugun yozaman, — hayajonlanib qichqirvordi Ivan.
— Ha, yaxshi. Faqat miyangizni ko‘p qotirmang. Bugun yaxshi chiqmasa, ertaga chiqadi.
— U ketib qoladi-ku!
— Aslo, — qat’iy e’tiroz bildirdi Stravinskiy, — hech qayoqqa ketmaydi, kafolat beraman. Yodingizda bo‘lsin, bu yerda sizga har jihatdan yordam berishadi, shu yordamsiz ishimiz olg‘a jilmaydi. Gapimni eshityapsizmi? — birdan o‘z savoliga urg‘u qo‘yib dedi Stravinskiy va Ivan Nikolaevichning ikkala qo‘lidan ushlab oldi. Uning qo‘llarini qo‘yib yubormagan holda, Ivanning ko‘zlariga uzoq vaqt tikilarkan, takrorladi: — Sizga bu yerda yordam berishadi… Gapimni eshityapsizmi?.. Sizga bu yerda yordam berishadi… Ruhingiz yengillashadi. Bu yer tinch, hammayoq osuda… Sizga bu yerda yordam ko‘rsatishadi…
Ivan Nikolaevich kutilmaganda esnadi, chehrasi muloyimlashdi.
— Ha, ha, — dedi u ohista.
— Ana, juda soz! — Stravinskiy o‘z odati bo‘yicha suhbatga yakun yasab, o‘rnidan turdi. — Xayr, ko‘rishguncha! — u Ivanning qo‘lini siqdi, eshikdan chiqa turib, soqolli odamga o‘girilib dedi: — Darvoqe, kislorodni qo‘llab ko‘ring… yana vanna ham.
Yana bir zumdan keyin Ivanning xonasida Stravinskiy ham, uning hamrohlari ham qolmagan edi. Derazaga tutilgan to‘rning orqasida, daryoning narigi tomonida bahor libosini kiygan qarag‘ayzor choshgoh oftobida sho‘x mavjlanar, undan beriroqda esa daryo oftobda tovlanardi.
To‘qqizinchi bob
KOROVYOVNING NAYRANGLARI
Moskvaning Sadovaya ko‘chasidagi marhum Berlioz yashagan 302-uy boshqarmasining raisi Nikonor Ivanovich Bosoy chorshanbadan payshanbaga o‘tgan tundan boshlab juda sertashvish bo‘lib qolgan edi.