Shu chog‘ kutilmaganda shafqatsiz vayrongarlik taqqa to‘xtadi. Margarita uchinchi qavatga suzib tushib, nafis qora parda tutilgan eng chekka derazadan ichkariga mo‘raladi. Xonani qalpoqcha kiydirilgap bitta chiroq g‘ira-shira yoritib turardi. Ikki yoniga to‘r tutilgan kichkina bir karavotchada to‘rt yoshlar cha-masidagi bola shovqinga quloq solib qo‘rqib o‘tirardi. Xonada kattalardan hech kim yo‘q edi. Chamasi, hamma tashqariga yugurib chiqib ketgan bo‘lsa kerak.
— Oyna sindirishyapti! — dedi bola va: — Oyi! — deb chaqirdi.
Hech kim javob bermadi, shunda u:
— Oyi, qo‘rqaman, — dedi.
Margarita pardani chetga surib derazadan uchib kirdi.
— Qo‘rqaman, — deb takrorladi bola va dag‘-dag‘ titray boshladi.
— Qo‘rqma, hech qo‘rqma, oblakay, — dedi Margarita shamol tegib xirillab qolgan ovozini mayinroq qilishga urinib. — Oyna sindirgan sho‘x bolalar edi.
— Rogatka otishdimi? — deb so‘radi bola qaltirashdan to‘xtab.
— Ha, rogatka otishdi, rogatka, — deb tasdiqladi Margarita, — sen yotib uxla!
— Sitnik otgan, — dedi bola, — o‘shanda rogatka bor.
— Ha, to‘g‘ri, o‘sha otdi!
Bola quvlik bilan bir chetga qaradi-da, so‘radi:
— Siz qaerdasiz, xola?
— Men yo‘qman, — deb javob qildi Margarita. — Tushingga kiryapman.
— O‘zimam shunaqa deb o‘ylovdim, — dedi bola.
— Sen yuzingni kaftingga qo‘yib yot, — deb buyurdi Margarita, — men sening tushingga kiraman.
— Ha, mayli, tushimga kira qoling, — deb rozi bo‘ldi bola va shu zahoti yuzini kaftiga qo‘yib yotdi.
— Senga ertak aytib beraman, — dedi Margarita va qaynoq qo‘lini bolaning sochi olingan boshiga qo‘ydi, — bor ekan, yo‘q ekan, dunyoda bir xola bor ekan. U befarzand, yana, umuman bebaxt ham ekan. Mana shu xola nuqul yig‘layverib-yig‘layverib, oxiri badjahl jodugarga aylanipti… — Margarita jim bo‘lib, qo‘lini bolaning boshidan oldi — u uxlab qolgan edi.
Margarita bolg‘achani astagina deraza tokchasiga qo‘yib, o‘zi tashqariga uchib chiqdi. Uy oddi to‘s-to‘polon edi. Oyna siniqlariga ko‘milib ketgan asfalt yo‘lkada odamlar bir nimalarni baqirishib, zir yugurishardi. Ular orasida endi militsionerlar ham paydo bo‘lgan edi. Birdan qo‘ng‘iroq bong chaldi va ustida narvoni bor o‘t o‘chiruvchi qizil mashina Arbatdan tor ko‘chaga burilib kirib keldi.
Bundan keyingi voqealar endi Margaritani qiziqtirmas edi. U bironta simga tegib ketmaslik uchun eng avval qay tomonga uchishini ko‘zlab oldi-da, cho‘tka dastasini mahkamroq siqqan edi, bir zumda bu mash’um uydan ancha balandlab ketdi. Tor ko‘cha uning poyida bir tomonga og‘ib, keyin butkul pastlikka tushib ketdi. Endi shu bitta ko‘cha o‘rnida Margaritaning oyog‘i ostida g‘ij-g‘ij tomlar paydo bo‘ldi — ularni har yer-har yeridan charog‘on yo‘llar chor burchak qilib kesib o‘tgan edi. Bularning bari to‘satdan bir tomonga suzib ketdi, chiroqlar zanjiri surkalib, bir-biriga qorishib ketdi.
Margarita yana bir siltanib oddinga otilgan edi, boyagi tomlar yer qa’riga kirib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldilar, endi ularning o‘rnida pastda elektr chiroqlaridan vujudga kelgan miltillovchi ko‘l paydo bo‘ldi va bu ko‘l birdan yoni bilan tikka turdi, so‘ng Margaritaning tepasiga chiqib oldi, oy esa uning oyog‘i ostida porlay boshladi. Margarita o‘zining chalqancha uchayotganini angladi va yana asl holatiga tushib, o‘grilib qaragan edi, chiroqlar ko‘lining ham endi g‘oyib bo‘lganini, orqada ufqda faqat pushti rang shafaqqina qolganini ko‘rdi. Bir lahzadan so‘ng bu shafaq ham yo‘qoldi, shunda Margarita o‘zidan balandda, chap tomonida suzayotgan oydan bo‘lak hamrohi yo‘qligini ko‘rdi. Uning sochlari allaqachon hurpaygan, oy esa badanini «uv» tortib o‘z nuriga cho‘miltirardi. Margarita pastda ikki qator bo‘lib tizilgan siyrak chiroqlarning ikkita o‘tli chiziqqa aylangani va zum o‘tmay orqada qolib ko‘zdan g‘oyib bo‘lganini ko‘rib, o‘zining hayratona tez uchib ketayotganini fahmladi-yu, ammo hech nafasi qaytmaganidan hayron bo‘ldi.
Oradan yana bir necha soniya o‘tishi bilan juda uzoqda, pastda, yer sathida elektr shu’lalaridan vujudga kelgan yangi ko‘l porladi, lekin u shu lahzadayoq chirpirak bo‘lib aylanib, yer qa’rida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Yana bir necha soniya o‘tishi bilan — yana boyagi manzara takrorlandi.
— Shaharlar! Shaharlar! — deb chinqirib yubordi Margarita.
Shundan keyin ham u o‘z oyog‘i ostida ochiq qora g‘ilofda yotgan qandaydir shamshirlarning ikki-uch marta g‘ira-shira tovlanganini va ularning daryo ekanligini fahmladi.
Parvozdagi ayol boshini yuqoriga, chap tomonga o‘girib, oyning nihoyatda shiddat bilan orqaga, Moskva tomon suzayotganini va ayni paytda, ajabtovur qilt etmay turganini ko‘rdiki, bu oy yuzidagi o‘tkir tumshug‘i tark etilgan shahar yoqqa qaragan ajdar yo bukri toychoqni eslatuvchi mavhum qora dog‘ ko‘zga yaqqol tashlanib turardi.
Shu mahal Margarita, nazarimda, cho‘tkani bekorga bunchalik shitob bilan uchiryapman, bunaqa tezlikda tevarak-atrofni tuzukroq kuzata olmayman ham, parvozdan lazzatlana olmayman ham, deb ko‘nglidan o‘tkazdi…