Natashaning sho‘xligi tutib ketib, bexosdan Nikolay Ivanovichga ham yog‘upa suripti, suriptiyu ajablangandan dong qotib qolipti. Pastki qavatda ishovchi bu muhtaram zotning yuzi burishib, cho‘chqa tumshug‘iga aylanipti, qo‘l va oyoqlaridan tuyoqlar o‘sib chiqipti. Shunda Nikolay Ivanovich ko‘zguta qarapti-yu jon achchig‘ida alam bilan chinqirib yuboripti, ammo fursat o‘tgan edi. Yana bir necha soniyadan keyin u boshiga tushgan musibatdan yum-yum yig‘lagancha, ustiga Natashani mindiribdi-yu, Moskvadan allaqaysi tomonga shamoldek uchib ketipti.

— Meni avvalgi asl qiyofamga qaytarishingizni talab qilaman! — dedi u hirqiroq ovoz bilan yo g‘azablanib, yo yolborib, so‘ng xurxurlay boshladi, — men g‘ayriqonuniy yig‘inda ishtirok etishni istamayman! Margarita Nikolaevna, siz uy xodimangizni tartibga chaqirishingiz kerak.

— E, ha, darrov senga men uy xodimasi bo‘lib qoldimmi? Uy xodimasi degin? — deb chiyillardi Natasha to‘ng‘izning qulog‘idan chimchilab-chimchilab olarkan, — boya ma’buda deb atovdingmi? Otimni nima devding?

— Venera! — dedi yig‘lamsirab to‘ng‘iz, u toshlar orasidan jildirab oqayotgan jilg‘a uzra ucharkan, tuyoqlari bilan yong‘oq butasini shitirlatib o‘tdi.

— Venera! Venera! — deb mag‘rurona chinqirdi Natasha bir qo‘lini beliga qo‘yib, ikkinchi qo‘lini oy tomon cho‘zgancha, — Margarita! Qirolicham! Iltimos qilib ko‘ring, meni shu alvastiligimcha qoldirishsin. Aytganingiz — amri vojib, siz axir hokimasiz!

Shunda Margarita:

— Yaxshi, so‘z beraman! — deb javob qildi.

— Rahmat! — deb chinqirdi Natasha va birdan shiddatli va allaqanday mahzun ohangda baqirdi: — Hey! Hey! Tezroq! Tezroq! Qani bir shataloq ot-chi! — U to‘ng‘izning jon holatda yelib-yugurish oqibatida ich-ichiga botib ketgan biqiniga tovonlari bilan niqtagan edi, to‘ng‘iz yana havoni chok qilib yashinday olg‘a otildiki, bir lahza o‘tar-o‘tmas Natasha olisda qora bir nuqta bo‘lib ko‘rindi, keyin esa mutlaqo ko‘zdan g‘oyib bo‘lib, sharpasi ham o‘chdi.

Margarita huvillagan, notanish joylarda, tepaliklar uzra boyagi-boyagicha asta-sekin uchib borardi: bu tepaliklarda o‘sgan siyrak azim qarag‘aylar orasida u yer-bu yerda xarsangtoshlar yotardi. Margarita uchib borarkan, hozir Moskvadan juda ham olislab ketgan bo‘lsam kerak, deb o‘ylardi. U mingan cho‘tka endi qarag‘aylar ustidan emas, balki bir tomoni oy shu’lasidan kumush rangda tovlanayotgan daraxtlar orasidan uchib borardi. Uning yengil soyasi yerda, o‘zidan ancha oldinda o‘rmalab borardi — endi oy Margaritaning yelkasiga yog‘du sochardi.

U suv yaqinligini sezdi, demak manzil shu o‘rtada. Margarita qarag‘aylar orasidan uchib chiqib, bo‘rjar labiga ohista uchib keldi. Jarning oy shu’lasi tushmagan tubida daryo oqardi. Bu tikka jar etagida tuman butalar shoxiga ilinib turar, daryoning narigi sohili esa yassi va past edi. U yerda bir to‘p bo‘lib o‘sgan allaqanday sershox daraxtlar ostida yonayotgan gulxandan uchqunlar chatnar va qandaydir sharpalarning izg‘ib yurgani ko‘rinardi. Margaritaning qulog‘iga o‘sha yoqdan g‘ashga teguvchi allaqanday sho‘x muzika eshitilganday bo‘ldi. Undan narida — to ko‘z yetgungacha oyning kumush shu’lasiga g‘arq bo‘lgan tekis dashtda na biron kulba, na qilt etgan jonzod ko‘rinardi.

Margarita jar yoqasidan pastga sakrab, zum o‘tmay o‘zini daryo bo‘yida ko‘rdi. Samoviy parvozdan so‘ng uning cho‘milgisi keldi. U cho‘tkani bir chetga otib yuborib, yugurib kelib suvga sho‘ng‘idi. Uning qushday yengil jismi mavjlarga misoli kamon o‘qiday botib, olamjahon suv ustunini deyarli oyga qadar sachratdi. Suv xuddi hammomdagidek iliq ekan, Margarita suv qa’ridan ko‘tarilib, daryoda hech zog‘ yo‘qligidan foydalanib, rosa miriqib suzdi…

Margarita oxiri sohilga chiqdi. Uning badani cho‘milish oqibatida qizib ketgan edi. Endi u hech qanday charchoq sezmay, jiqqa ho‘l maysa ustida shodlikdan o‘yin tusha boshladi…

Keyin u qattiq hushtak chalgan edi, oldiga cho‘gkasi uchib keldi, u cho‘tkaga minib olib, daryo ustidan narigi sohilga uchib o‘tdi. Bo‘r tog‘ining soyasi bu yerga yetmagan, shu bois butun sohil oy yog‘dusiga g‘arq bo‘lib yetardi.

Margaritaning oyog‘i shudring ingan o‘tloqqa tegishi bilan sambittollar ostida chalinayotgan muzika balandroq yangradi va gulxan uchqunlari shoda-shoda bo‘lib yanada sho‘xroq chatnadi. Navdalariga nafis va momiq kuchalalar osilgan sambittollar ostida ikki qator tizilishib o‘girgan lunjdor baqalar xuddi rezinkadan yasalganday, goh shishib, goh puchayib, yog‘och surnaylarda sho‘x bir marshni chalardilar. Bu mashshoqlar qarshisida tol navdalariga osilgan yaltiroq cho‘kaklar notalarni yoritar, baqalarning basharalarida gulxanning sarosimali shu’lasi o‘ynardi.

Перейти на страницу:

Похожие книги