Margarita cho‘tkaning bosh tomonini oldinga itargan edi, uning dastasi — dumi yuqori ko‘tarildi, shunda u uchishni sekinlatib, yer sari pastlay boshladi. Mana shu, xuddi samoviy chanada uchganday pastga sirpanib tushish unga eng zo‘r huzur bag‘ishladi. Yer Margarita sari ko‘tarilib kelarkan, uning shu paytgacha mavhum bo‘lgan qop-qora sathidagi sirli jihatlari ochilib, jamiki jozibalari oydin tunda yaqqol ko‘zga tashlana boshladi. Yer Margaritaga yaqinlashib kelar va uning dimog‘iga endigina yashil libos kiya boshlagan o‘rmonlar hidi ufurayotgan edi. Margarita shudringli o‘tloqni burkagan tuman ustidan, so‘ng bir ko‘l uzra suzib o‘tdi. Margaritaning oyog‘i ostida qurbaqalar baralla qurillashar, qaerdadir, juda olisda poezd negadir yurakni hayajonga solib pishillab borardi. Margarita ko‘p o‘tmay o‘sha poezdni ham ko‘rdi.

U havoga uchqunlar sachratib, xuddi pilla qurti kabi imillab ketib borardi. Margarita undan o‘zib ketib yana bir ko‘l ustidan uchib o‘tdi (bu ko‘l sathida yana bitta oy porlab turardi), yana ham pastlab, azim qarag‘aylarning uchlariga oyoqlari tegay-tegay deb ucha boshladi.

Shu payt orqadan havoni tarillatib yirtayotganday mudhish shovqin eshitiddi, bu shovqin Margaritaga tobora yaqinlab kela boshladi. Xuddi uchib kelayotgan zambarak o‘qini eslatuvchi bu shovqinga ayol kishining ancha chaqirimga eshitiluvchi qahqahasi asta-sekin omixta bo‘la boshladi. Shunda Margarita orqasiga o‘grilib, mavhum bir qora qorishmani ko‘rdi. Bu qorishma ancha yaqinlashib kelganida uning bir nimaga minib olgan odam ekanligi ayon bo‘ldi. Yana bir ozdan keyin u odamning kimligi ham ma’lum bo‘ldi. Bu — Natasha edi. U Margaritaga yetib olib, tezlikni kamaytirdi.

Sochlari shamolda to‘zib ketgan qip-yalang‘och Natasha bir semiz to‘ng‘izga miiib olgan edi, to‘ng‘iz oldingi tuyoqlariga portfel ushlab olgan, orqa tuyoqlari bilan jon holatda tinmay tepinardi. Uning ko‘zidan tushib, ipiga ilinib qolgan pensnesi ahyon-ahyonda oy shu’lasida yaraqlab qo‘yar, shlyapasi esa hadeb ko‘ziga tushib ketaverardi. Margarita to‘ng‘izga tikilibroq qarab, uni tanidi, bu — Nikolay Ivanovich edi. Ana shunda Margaritaning qahqahasi o‘rmon uzra yangrab, Natashaning xandasiga qorishib ketdi.

— Natashka! — deb chinqirdi Margarita, — yog‘upa surdingmi sen ham?

— Aylanib ketay sizdan! — deb javob qildi Natasha o‘z hayqirig‘i bilan mudroqdagi qarag‘ayzorni uyg‘otib, — o mening frantsuz qirolicham, men manavining ham kal boshiga surgan edim yog‘upadan!

— Malikam! — deb bo‘kirdi to‘ng‘iz yig‘loqi ovoz bilan ustiga mingan suvori ayolni shataloq otib uchirib borarkan.

— Tasadduq! Margarita Nikolaevna! — deb chinqirardi Natasha o‘z bekasi bilan yonma-yon uchib borarkan, — rost, yog‘upangizni oldim. Axir bizam odammiz — yashashni, uchishni xohlaymiz! Meni kechiring, malikam, endi men qaytmayman, o‘lsam ham qaytmayman! Voy, qanday yaxshi-ya, Margarita Nikolaevna! Menga uylanmoqchi, — dedi Natasha xijil bo‘lib xishillab borayotgan to‘ng‘izning gardaniga barmog‘i bilan niqtab, — uylanmoqchi! Meni nima deb chaqirding, a? — deb chinqirdi u to‘ng‘izning qulog‘iga? engashib.

— Ma’buda, — deb xurilladi to‘ng‘iz, — men bunday tez ucha olmayman! Muhim qog‘ozlar sochilib ketishi mumkin. Natalya Prokofevna, men norozilik bildiraman.

— E, jin ursin seni, qog‘oz-pog‘ozlaring bilan birga! — deb chiyilladi Natasha gustohona xaxolab.

— Sekinroq, Natalya Prokofevna! Axir birov eshitib qolishi mumkin-ku! — deb baqirdi to‘ng‘iz yolvorib.

Natasha Margarita bilan yonma-yon uchib borarkan, bekasi uchib ketganidan keyin uning uyida nimalar bo‘lganini kula-kula gapirib berdi.

Natasha, sovg‘a qilingan buyumlarning birontasiga ham boshqa qo‘l urmay, darhol kiyimlarini yechib taxlabdiyu, yog‘upaga otilipti, so‘ng uni apil-tapil badaniga sura boshlapti. Qarasa, bekasida yuz bergan o‘zgarish unda ham sodir bo‘lipti. Natasha suyunganidan xandon tashlab kulib, o‘zining ko‘zguda aks etgan mo‘’jizakor go‘zalligidan sarmast bo‘lib turganida, eshik ochilib, ostonada Nikolay Ivanovich paydo bo‘lipti. U Margarita Nikolaevnaning ko‘ylagini va o‘zining shlyapasi bilan portfelini qo‘lida ushlagancha qattiq hayajonlanib turganmish. Uning ko‘zi Natashaga tushiptiyu esi og‘ib qolipti. So‘ng bir oz hushini yig‘ib olib, cho‘g‘dek qizargancha, g‘o‘ldirapti:

— Shu ko‘ylakni yerdan ko‘tarib, shaxsan olib chiqishni o‘z burchim deb bildim.

— Boya nima deb aytding, yaramas, a? — deb chiyillar va xandon tashlab kulardi Natasha. — Nimalar deding, nima deb yo‘ldan urding meni! Jaraq-jaraq pul va’da qilding. Klavdiya Petrovna bilmaydi, deb aytding. Nima, yo gapim yolg‘onmi? — deb chinqirardi Natasha to‘ng‘izga, u esa xijil bo‘lib, tumshug‘ini chetga burardi.

Перейти на страницу:

Похожие книги