— Hechqisi yo‘q, aslo aziyat chekmang! — deb g‘o‘ldirardi Korovyov hovuzchali xona eshigi oldida turib, — o‘zga iloj yo‘q, shu narsa kerak, kerak, kerak. Ijozatingiz bilan, qirolicha, sizga oxirgi maslahatim. Mehmonlar orasida turli toifadagi shaxslar bo‘ladi, o, juda-juda ko‘p ular, ammo hech kimga, qirolicha Margo, hech qanday imtiyoz berilmasligi kerak! Agar bordi-yu birontasi didingizga yoqmasa… aminmanki, siz buni o‘z chehrangizda ifoda etmaysiz, albatta… Yo‘q, yo‘q, bunday o‘ylash mumkin emas! U sezadi, o‘sha zahoti sezib qoladi. Unga mehr qo‘yish, sevish kerak, qirolicha. Buning evaziga bal bekasi yuz hissa ko‘proq mehrga sazovor bo‘lajak! Yana: hech kimni e’tiborsiz o‘tkazvormaysiz. Agar luqma tashlab gaplashishga vaqtingiz bo‘lmasa, yo‘q deganda, jilvali nigoh tashlaysiz yo salgina qiyo boqib qo‘yasiz. Nima qilsangiz qiling, ammo hech kimni e’tiborsiz qoldirmang. Ular shu e’tiborsizlikdan zavolga uchraydilar…
Shundan keyin Margarita Korovyov bilan Begemot kuzatuvida zim-ziyo qorong‘ilikka qadam qo‘ydi.
— Men, men, — deb pichirladi mushuk, — men signal beraman!
— Mayli! — dedi Korovyov qorong‘ida.
— Bal! — deb qattiq chiyilladi mushuk, shu zahoti Margarita chinqirib yuborib, ko‘zlarini bir necha lahzaga chirt yumib oldi. Chunki bal uning ko‘ziga charog‘on shu’la hamda har xil hidu tovushlar timsolida namoyon bo‘lgan edi. Korovyov qo‘ltiqlab olib ketayotgan Margarita o‘zini tropik o‘rmonda ko‘rdi. Qizilto‘sh, yashildum to‘tiqushlar lianalarga osilishar, ular ustidan sakrashar va: «Men g‘oyat mamnunman!» — deb shang‘illashardi. Lekin o‘rmon bir zumda tugab, hammomona dimlik bal zalining salqin havosi bilan almashdi. Bu zal ham o‘rmon singari huvillagan edi, faqat sarg‘ish yaltiroq toshlardan tiklangan ustunlar poyida boshlariga oppoq salla o‘ragan yarim-yalang‘och negrlar qimir etmay turardilar. Margarita o‘z mulozimlari bilan (ular safiga endi Azazello ham qo‘shilgan edi) zalga uchib kirganida negrlarning yuzlari hayajondan xira-qo‘ng‘ir rangga kirdi. Shu yerda Korovyov Margaritaning qo‘lini qo‘yib yuborib, qulog‘iga pichirladi:
— To‘g‘ri lolazor tomon yuring! Margaritaning ro‘parasida uncha baland bo‘lmagan oq lolalar zich bo‘lib qad ko‘targan edi, ular ortida esa ustiga qalpoqcha o‘rnatilgan son-sanoqsiz chiroqlar, chiroqlar qarshisida qora frak kiygan odamlar ko‘rindi. Margarita bal muzikasining qaerda chalinayotganini shundagina tushundi… Yuz elliktacha odamdan iborat orkestr polonez kuyini chalardi.
Orkestr oldidagi supachada turgan, frak kiygan odam Margaritani ko‘rib oqarib ketdi, bir amallab jilmaydi va birdan qo‘l siltab, butun orkestrni oyoqqa turg‘azdi. Orkestr bir zum ham chalishdan to‘xtamay, tik turgancha, Margarita boshidan muzika sadosini yog‘dira boshladi. Mis karnaylar ovozi orqasidan faryoddek eshitilgan skripkalar sasi uning boshidan, boya hovuzchada yuz berganidek, quyuq qon bo‘lib quyildi. Dirijyor orkestrga orqa o‘tirib, qo‘llarini keng yoygancha, ikki bukilib ta’zim qildi, shunda Margarita jilmayib turib, unga qo‘l silkitdi.
— Yo‘q, bu oz, kam, — deb pichirladi Korovyov, — u kechasi bilan mijja qoqmay chiqadi. «Salom sizga, o valslar qiroli!» — deb qichqiring unga.
Margarita shunday deb qichqirgan edi, ovozi xuddi qo‘ng‘iroq sadosidek butun orkestr ovozini bosib ketdiki, bundan o‘zi ham hayron qoldi. Dirijyor bunday baxtdan seskanib ketdi va chap qo‘lini ko‘ksiga qo‘ygancha o‘ng qo‘lidagi oq tayoqchani silkitib orkestrga dirijyorlik qilishda davom etdi.
— Yana, yana, — deb pichirlardi Korovyov, — chapga, birinchi skripkalarga qarang, shunday bosh irg‘ating-ki, ularning har biri meni tanidi deb o‘ylasin o‘zicha. Faqat jahonga mashhur bo‘lgan muzikachilar yig‘ilgan bu yerga. Anavi birinchi pult oldida o‘tirgan bilan salomlashing, — u Vetan bo‘ladi. Yaxshi, juda yaxshi. Endi ketdik.
— Dirijyor kim bo‘ldi? — deb so‘radi Margarita nariga uchib ketarkan.
— Ioxan Shtraus, — deb shang‘illadi mushuk, — agar bironta balda, biron marta bo‘lsin shunday sara orkestr yig‘ilgan bo‘lsa, mayli, meni tropik o‘rmonda o‘sgan lianaga osisha qolsin. Men taklif qildim bu orkestrni. E’tibor bering-a, bironta muzikachi kasal ham bo‘lib qolmadi, kelishdan bosh ham tortmadi…
Keyin ular bir maydonchaga uchib chiqishdi. Margarita bu yerni tanidi: Korovyov uni shamchiroq tutib shu yerda kutib olgan edi. Endi bu maydonchada yonib turgan uzum boshlarini eslatuvchi billur qandil yorug‘idan ko‘z qamashardi. Margarita uchun maxsus joy tayyorlangan edi — uni o‘sha yerga qo‘yishdi, uning chap tirsagi ostida ametist ustuncha paydo bo‘ldi.
— Agar juda toliqsangiz, qo‘lingizni shu ustunchaga qo‘yishingiz mumkin, — deb shipshidi Korovyov.