Qora tanli bir odam Margaritaning oyog‘i ostiga yostiq tashladi, unga zarrishta bilan baroq itning tasviri tikilgan edi, shunda Margarita kimningdir yo‘rig‘iga yurib, o‘ng oyog‘ini yostiqqa qo‘ygan edi, tizzasi xiyol bukildi. U atrofiga ko‘z tashladi. Korovyov bilan Azazello uning yonginasida tantanavor vaziyatda turishardi. Azazelloning yonida yana uch nafar yigit bo‘lib, ular Margaritaning nazarida Abadonnaga sal-pal o‘xshab ketishardi. Margaritaning yelkasiga sovuq ura boshladi, u orqasiga o‘girilib, u yerdagi marmar devordan muz hovuzga gazli vino tizillab quyilayotganini ko‘rdi. Margarita chap oyog‘i tagida qandaydir iliq va momiq narsaning g‘imirlaganini sezdi. Bu Begemot edi.
Margarita yuksakda turar, uning shundoqqina oyog‘i ostidan pastga gilam poyondoz yozilgan juda mahobatli zina tushib borar edi. Pastda, xuddi durbinning teskari tomonidan ko‘ringanday juda-juda olisda kattakon darbonxona va qop-qora xunuk og‘ziga besh tonnali yuk mashinasi bemalol kira oladigan hayhotday kamin ko‘rindi. Ko‘zni ko‘r qilgudek darajada yoritilgan darbonxona ham, zina ham bo‘m-bo‘sh edi. Endi karnaylar sadosi juda uzoqdan eshitilardi. Shu zaylda bir daqiqacha qimir etmay turishdi.
— Qani, axir, mehmonlaringiz? — deb so‘radi Margarita Korovyovdan.
— Kelishadi, qirolicham, kelishadi, hozir kelib qolishadi. Qalashib ketishadi hali. Lekin, o‘lay agar, bu yerda turib ularni qarshi olgandan o‘tin yorish afzal menga.
— O‘tin yorish nima ekan, — deb gapga aralashdi ezma mushuk, — men tramvayda konduktor bo‘lib ishlashga ham rozi edim, o‘zingiz bilasiz, konduktorlikdan bema’niroq ish yo‘q dunyoda.
— Hamma narsa barvaqt shay qilib qo‘yilishi kerak, qirolicha, — deb izohladi Korovyov darz monokl taqqan ko‘zida o‘t chaqnatib. Birinchi bo‘lib kelgan mehmonning o‘zini qayoqqa qo‘yishni bilmay sandiroqlab yurganidan, bu asnoda uning jufti haloli — malikai dilozori, nega buncha barvaqt keldik, deb erini qoniga tashna qilib ming‘ir-ming‘ir qilgani-dan yomon narsa yo‘q dunyoda. Agar bal shunaqa bo‘ladigan bo‘lsa, unaqa baldan yuz o‘girmoq kerak, qirolicham.
— Albatta yuz o‘girish kerak, — deb ta’kidladi mushuk.
— Yarim kechaga atigi o‘n soniya qoldi, — deb ilova qildi Korovyov, — hozir boshlanadi.
Shu o‘n soniya juda uzayib ketgandek bo‘lib tuyuldi Margaritaga. Uning nazarida o‘n soniya allaqachon o‘tib ketgan-u, ammo hech nima sodir bo‘lmaganday edi. Lekin shu chog‘ birdan pastda, mahobatli kamin ichida bir nima taraqlab ketdi-yu, ichidan bir dor otilib chikdi — unga chirib to‘kila boshlagan jasad osilgan edi. Mana shu jasad sirtmoqdan yerga uzilib tushib, birdan egniga frak, oyog‘iga loklangan tufli kiygan tim qora sochli o‘ktam yigitga aylandi. Shundan keyin kamindan chiriy boshlagan kichikroq bir tobut otilib chiqdi, uning qopqog‘i ochilib, ichidan bir murda chiqib yerga tushdi. O‘ktam yigit nazokat bilan uning tepasiga yaqin borib, qo‘lini qo‘ltig‘iga olish uchun egdi, shunda tobutdagi murda ham oyoqqa turib qora tufli kiygan, sochiga qora patlar qadagan qip-yalang‘och qilpillama ayolga aylandi va bu erkak bilan ayol birgalikda zinadan yuqoriga ko‘tarila boshlashdi.
— Birinchi mehmonlar! — dedi Korovyov, — janob Jak o‘z zavjasi bilan. Tanishing, qirolicha, dunyodagi eng antiqa erkaklardan biri! Qalbaki pul yasashda tengi yo‘q davlat jinoyatchisi, ayni chog‘da yaxshigina kimyogar ham. Lekin, — deb pichirlay boshladi u Margaritaning qulog‘iga, — qirolning ma’shuqasini zaharlab dovruq qozongan. Axir bu hammaning ham qo‘lidan kelavermaydi. Qarang, qanday chiroyli yigit!
Rangi quv o‘chgan Margarita og‘zini ochgancha pastga tikilib qoldi, u yerda boyagi dor ham, tobug ham darbonxona yonidagi yo‘lakka kirib ko‘zdan g‘oyib bo‘lgan edi.
— Bag‘oyat xursandman, — deb baqirdi mushuk zinadan chiqib kelgan janob Jakning shundoqqina yuziga.
Bu payt pastda kamin ichidan boshi yo‘q, qo‘li uzilgan skelet chiqdi va yerga bir urilib, frak kiygan erkakka aylandi.
Bu mahal janob Jakning zavjasi Margarita qarshisida tiz cho‘kib, hayajondan rangi oqarib, uning tizzasini o‘pardi.
— Qirolicha, — deb g‘o‘ldirardi u.
— Qirolicha benihoya mamnunlar, — deb qichqirdi Korovyov.
— Qirolicha… — dedi ohista o‘ktam yigit janob Jak.
— Biz behad xursandmiz, — deb chiyilladi mushuk. Lekin bu payt Azazelloning hamrohlari bo‘lmish yigitchalar xushmuomala bilan tirjayishgancha janob Jak bilan uning zavjasini chetga, shamnan vinosi to‘ldirilgan qadahlarni ko‘tarib turgan negrlar tomon siqib borayotgan edilar. Zinadan esa frak kiygan yolg‘iz bir odam yugurib chiqib kela boshladi.
— Graf Robert, — deb pichirladi Korovyov Margaritaga, — hali ham o‘sha-o‘sha xushbichim. Tamomila teskari hodisaga e’tibor bering, qirolicha: bu odam qirolichaning o‘ynashi bo‘lgan va o‘z xotinini zaharlab o‘ldirgan edi.