— Xursandmiz, graf, — deb baqirdi Begemot. Kamin ichidan ketma-ket uchta tobut chiqib, qarsillab yorildi-yu, sochilib ketdi, shundan so‘ng kamindan qora rido kiygan odam chikdi, uning ketidan izma-iz yugurib chiqqan yana bittasi rido, kiyganning orqasiga pichoq sanchdi. Zina etagidan bo‘g‘iq faryod eshitildi. Keyin birdan kamin ichidan butunlay irib-chirib bo‘lgan murda otilib chiqdi. Margarita ko‘zlarini yumib oldi, shunda kimdir uning burniga oq tuz solingan shishacha tutdi. Bu Natashaga o‘xshab ketdi. Zina gavjum bo‘la boshladi. Endi har bir pillapoyani uzoqdan mutlaqo bir xil bo‘lib ko‘ringan frak kiygan erkaklaru ularning yonlarida boshlaridagi patlar va oyoqlaridagi tuflilarning rangi bilan bir-biridan farq qiluvchi yalang‘och ayollar to‘ldirgan edi.

Chap oyog‘iga alomat yog‘och etik kiygan, qotmadan kelgan, kamsuqum bir xonim xuddi rohibalardek ko‘zini yerga tikib Margarita istiqboliga chiqib kelardi, uning bo‘yni negadir keng yashil lenta bilan bog‘langan edi.

— Muncha ko‘karib ketgan? — deb yubordi dabdurustdan Margarita.

— Bag‘oyat purlatofat va purnufuz xonim, — deb pichirladi Korovyov, — tanishtiraman sizga: Tofana xonim, neapollik dilbar juvonlar, shuningdek, Palermo ayollari o‘rtasida, ayniqsa, erlari me’dalariga tekkan xonimlar orasida nihoyatda dovruq taratgan. Axir, er me’daga tegishi mumkin-ku, to‘g‘rimi, qirolicha?

— Ha, — deb javob qildi Margarita hirqiroq ovoz bilan, ayni paytda qarshisida birin-ketin tiz cho‘kib tizzasi va qo‘lidan o‘pgan ikkita erkakka jilmayib boqdi.

— Ana shunaqa, — deb pichirladi Korovyov Margaritaga va ayni vaqtda kimlirgadir qichqirardi: — Gertsog, bir qadah shampan vinosiga marhamat qilsinlar! Kamina mamnunman! Ha, qisqasi, Tofana xonim o‘sha sho‘rlik ayollarning hojatini chiqarib, ularga kichkina shishachalarda qandaydir suv sotardi. Xotin o‘sha suvni erining ovqatiga solar, er esa ovqatni yeb, mehribon xotiniga minnatdorlik izhor etar va o‘zini g‘oyat yaxshi his qilardi. To‘g‘ri, bir necha soatdan keyin u erning tomog‘i qaqrab, suv ichgisi kela boshlar, so‘ng to‘shagiga yotardi-yu… Xullas, yana bir kundan keyin erini totli ovqat bilan boqqan o‘sha neapollik sohibjamol misoli ko‘klam shamolidek erkin bo‘lardi-qolardi.

Margarita:

— Uning oyog‘idagi nima? — deb so‘rarkan, ayni paytda kalovlanib chiqib kelayotgan Tofana xonimdan o‘zib, o‘z qoshiga yetib kelgan mehmonlarga qo‘l cho‘zishdan to‘xtamasdi, — undan keyin, nega bo‘yniga yashil lenta bog‘lab olgan? Pesi bormi?

— Kamina behad mamnunman, knyaz! — deb qichqirardi Korovyov va shu paytning o‘zida Margaritaning qulog‘iga pichirlardi: — Bo‘yni juda ham go‘zal, lekin u qamoqda yotganida bir ko‘ngilsizlik sodir bo‘lgan. Oyog‘idagi narsa esa, qirolicham, ispan etigi, endi lenta masalasiga kelsak, bunga sabab shuki, o‘z xotinlariga yoqmagan besh yuztacha erkakning Neapol va Palermodan mangu rihlat etganini eshitgan turma xizmatchilari Tofana xonimni qiziq ustida bo‘g‘ib o‘ldirib qo‘ishgan edi.

— Siz bilan, qora qirolicha, ko‘rishishga musharraf bo‘lganimdan behad baxtiyorman, — deb Tofana rohibalar singari qimtinibgina pichirlarkan, tiz cho‘kishga urinardi. Ammo ispan etigi bunga yo‘l bermasdi. Korovyov bilan Begemot Tofanani turg‘azib qo‘yishdi.

— Xursandman, — deb javob qildi unga Margarita qo‘lini boshqa mehmonlarga cho‘zarkan.

Endi yuqoriga ko‘tarilayotgan odamlar oqimi zinani tamoman ko‘mib yuborgan edi. Shu bois Margarita pastda, darbonxonada nimalar bo‘layotganini endi ko‘rmas edi. U bir taxlitda qo‘lini ko‘tarib tushirar va mudom birday tishining oqini ko‘rsatgancha mehmonlarga jilmayardi. Bu yerda, zina maydonchasida qattiq g‘ovur ko‘tarildi, bal bo‘ladigan zallardan eshitilayotgan muzika xuddi dengiz shovqiniga o‘xshab yangrardi.

— Mana bu juda dilgir ayol, — derdi Korovyov endi baralla ovoz bilan, chunki bu yerdagi shov-shuvda unipg ovozini mehmonlar eshitmasligini bilardi, — joni-dili — bal, doim o‘z ro‘molchasi ustidan shikoyat qilish orzusida yuradi.

Margarita Korovyov ko‘rsatgan ayolni zinadan chiqib kelayotganlar orasidan ko‘zi bilan qidirib topdi. Bu yigirma yoshlardagi bo‘y-basti nihoyatda kelishgan juvon bo‘lsa ham, ko‘zlari negadir bejo, sullohona boqardi…

— Qanaqa ro‘molcha? — pichirlab so‘radi Margarita har bir mehmonga qo‘lini uzatishda davom etarkan.

— Ko‘k hoshiyali ro‘molcha. Gap shundaki, u qahvaxonada xizmat qilib yurganida, kunlarning birida xo‘jayini uni omborxonaga chaqirib olgan-u, keyin, oradan to‘qqiz oy o‘tgach, u o‘g‘il tuqqan. So‘ng u o‘g‘ilchasini o‘rmonga olib borib, og‘ziga ro‘molcha tiqib, yerga ko‘mgan. Sudda, bolani boqishga qurbim yetmasdi, deb aytgan.

— O‘sha qahvaxona xo‘jayini-chi, u qayokda qoldi? — deb so‘radi Margarita.

— Qirolicha, — dedi birdan g‘ijirlovchi ovoz bilan mushuk, — ijozatingiz bilan sizga bir savol bersam: xo‘jayinning bunga nima daxli bor? Axir u chaqaloqni o‘rmonga olib borib bo‘g‘ib o‘ldirmagan-ku!

Margarita mehmonlarga jilmayishda va o‘ng qo‘lini ularga uzatishda davom etarkan, chap qo‘lining tirnoqlarini Begemotning qulog‘iga botirdi va pichirlab dedi:

Перейти на страницу:

Похожие книги