— Buni qara-ya! — deb qo‘ydi Voland.
— Hazillashgandim, — dedi mushuk mutelik bilan, — yo‘lbarslar masalasiga kelsa, hozir buyuraman — ularni kabob qilishadi.
— Yo‘lbars go‘shtini yeb bo‘lmaydi, — dedi Gella.
— Siz shunday deb o‘ylaysizmi? Unda, mana, eshiting, — dedi mushuk va ko‘zlarini suzgancha, bir paytlar sahroda o‘n to‘qqiz kun yolg‘iz darbadar yurganida o‘zi o‘ldirgan yo‘lbars go‘shti bilan kun kechirganini huzur qilib so‘zlab berdi. Hamma bu g‘aroyib qissani zo‘r qiziqish bilan tingladi, lekin Begemot so‘zlab bo‘lgach, hamma bir ovozdan:
— G‘irt yolg‘on! — deb yubordi.
— Hammadan ham qiziq tomoni shundaki, — dedi Voland, — bu hikoyat — boshdan-oyoq bo‘hton.
— Shunaqami hali? Bo‘hton deng? — deb baqirdi mushuk, hamma uni, hozir e’tiroz bildiradi, deb o‘ylagan edi, lekin u sekingina dedi: — Tarix ajrim qiladi bizni.
— Ayting-chi, — dedi spirt ichib ana tiyraklashgan Margo Azazelloga yuzlanib, — siz anavi sobiq baronni otib tashladingizmi?
— Shak-shubhasiz, — deb javob qildi Azazello, — nega endi uni otmas ekanman? Uni albatta otib tashlash kerak edi.
— Men biram hayajonlandimki! — dedi Margarita, — tasodifan bo‘ldi-da o‘ziyam.
— Buning hech qanday tasodif tomoni yo‘q, — deb e’tiroz bildirdi Azazello, Korovyov esa chiyillab ingray boshladi:
— Axir hayajonlanmay bo‘larkanmi? Meniyam a’zoi badanim «dag‘-dag‘» titrab ketdi! Paq! Tamom! Baron qulab tushdi!
— Men, sal bo‘lmasa, jinni bo‘lib qolayozdim, — deb qo‘shib qo‘ydi mushuk, baliq ikrasi olib yegan qoshig‘ini yalarkan.
— Men bir narsaga tushunmayapman, — dedi Margarita ko‘zlarida billur qandilning zarrin uchqunlari o‘ynab, — nahotki bu yerda bo‘lgan muzikayu balning barcha gumbur-gumburi tashqariga eshitilmagan bo‘lsa?
— Ha, eshitilmadi, qirolicha, — deb izohladi Korovyov, — o‘zi bunaqa balni eshitilmaydigan qilib o‘tkazish lozim. Ehtiyotkorlik bilan ish ko‘rish kerak bo‘ladi.
— Ha-da, ha-da… Aks holda bilasizmi, zinada turgan anavi odam… Boya Azazello bilan uning yonidan o‘tib ketdik-ku… o‘sha… Keyin eshik oldida turgan odam ham… Menimcha, u sizning kvartirangizni kuzatib turgan edi…
— To‘g‘ri, to‘g‘ri! — deb qichqirdi Korovyov, — to‘g‘ri, qimmatli Margarita Nikolaevna! Siz mening gumonimni tasdiqlayapsiz. Ha, u kvartirani kuzatib turgan edi. O‘zim ham uni avvaliga bironta parishonxotir privat — dotsent yo ma’shuqasini intizor bo‘lib kutayotgan oshiq bo‘lsa kerak deb o‘ylagan edim, yo‘q, unday emas ekan! Ko‘rdimu ko‘nglim g‘ash bo‘la boshladi! Ah! Rostdanam, u kvartirani kuzatayotgan edi! Eshik oldida turgani ham! Yana bostirma tagida turgani ham!
— Qiziq, sizlarni hibsga olgani kelisharmikin-a? — deb so‘radi Margarita.
— Albatta kelishadi, latofatli qirolicha, albatta! — deb javob qildi Korovyov. — Ko‘nglim sezib turipti — kelishadi, lekin hozir emas, kezi kelganda, albatta, kelishadi. Ammo qiziqarli hech nima bo‘lmaydi menimcha.
— Voy, biram hayajonlanib ketdimki, anavi baron yiqilib tushganida, — dedi Margarita, chamasi, u o‘z umrida birinchi marta ko‘rgan qotillikdan hamon o‘ziga kela olmayotgan edi. — Siz mo‘ljalga yaxshi tekkizsangiz kerak-a?
— Binoyiday, — deb javob qildi Azazello.
— Necha qadamdan? — deb Margarita sal mujmalroq savol berdi Azazelloga.
— Hamma gap nimani mo‘ljalga olishda, — deb jo‘yali javob qiddi Azazello, — masalan, tanqidchi Latunskiyning derazasiga bolg‘a urish boshqayu uning yuragini mo‘ljalga olish butunlay boshqa.
— Yuragini! — dedi Margarita, negadir o‘z yuragiga qo‘lini qo‘yib, — yuragini! — deb takrorladi u hirqiroq ovoz bilan.
— Kim ekan o‘sha tanqidchi Latunskiy? — deb so‘radi Voland Margaritaga ko‘zini suzib qararkan.
Azazello, Korovyov va Begemot istihola qilgandek yerga qaradilar, Margarita esa javob berarkan cho‘g‘dek qizarib ketdi:
— Shunaqa bir tanqidchi bor. Bugun kechqurun men uning butun kvartirasini dabdala qilib tashladim.
— Ana xolos! Nega endi?
— U, messir, — deb tushuntira boshladi Margarita, — bir ustaning umriga zomin bo‘ldi.
— Nima qilardingiz o‘zingiz urinib? — dedi Voland.
— Menga ruxsat eting, messir, — deb sho‘x ohangda chinqirib yubordi mushuk, «dik» etib o‘rnidan turarkan.
— E, o‘tirsang-chi, — deb to‘ng‘illadi Azazello o‘rnidan turarkan, — o‘zim hozir borib kelaman…
— Yo‘q! — dedi Margarita, — yo‘q, o‘tinaman, messir, keragi yo‘q buning.
— Ixtiyoringiz, ixtiyoringiz, — dedn Voland, Azazello yana o‘z o‘rniga o‘tirdi.
— Xo‘sh, biz nimaga kelib to‘xtagan edik, bebaho qirolicha Margo? — dedi Korovev, — e, ha, yurak. Yurakka anavi tekkizadi. — Korovyoz uzun barmog‘ini Azazello tomonga cho‘zib ko‘rsatdi, — buyurtma bo‘yicha yurakning xohlagan bo‘lmasiga yoki uning istagan qorinchasiga tekkizishi mumkin.
Margarita avvaliga tushunmadi, tushungach, hayron bo‘lib dedi:
— Axir o‘sha qorinchalar yopiq-ku!
— Azizam, — dedi Korovyov xirqi ovoz bilan, — qizig‘iyam shunda-da! Ochiq narsaga hamma ham tekkizishi mumkin!