— Xo‘p, salomat bo‘ling, messir, — dedi u eshittirib, o‘zi esa: «Ishqilib, bu yerdan tezroq chiqib ketsam bo‘lgani, keyin bir amallab daryo bo‘yiga boraman-u, o‘zimni suvga tashlayman», deb ko‘nglidan o‘tkazdi.

— O‘tiring, — deb buyurdi Voland birdan qat’iy ohangda. Margaritaning rangi o‘chib ketib o‘tirdi. — Balki biron nima demoqchidirsiz xayrlashuv oldidan?

— YO‘q, messir, gapim yo‘q, — dedi Margarita g‘urur bilan, — faqat shuki, agar sizga yana kerak bo‘lsam, barcha istaklaringizni bajonidil bajarishga doim tayyorman. Men hech charchaganim yo‘q, balda juda bahri-dilim ochildi. Shunga ko‘ra, agar u yana davom etgan bo‘lganida, yana tizzamni ming-minglab qatllaru qotillarga o‘pish uchun jonim bilan tutib bergan bo‘lardim. — Margarita Volandni go‘yo qalin parda orqali elas-elas ko‘rayotganday — ko‘zlari g‘ilt-g‘ilt yosh edi.

— To‘g‘ri! Siz mutlaqo haqsiz! — dyodi Voland gumburlovchi ovoz bilan dahshatli hayqirib, — shunday bo‘lish kerak!

— Shunday bo‘lish kerak! — deb takrorlashdi Volandning mulozimlari xuddi aks-sadodek.

— Biz sizni sinab ko‘rdik, — deb davom etdi Voland, — hech qachon, hech nima so‘ramang! Hech qachon, hech nima, ayniqsa, o‘zingizdan kuchliroqlardan. O‘zlari tavsiya qilishib, o‘zlari istagan narsangizni berishadi! O‘tiring, takabbur ayol! — Voland Margaritaning yelkasidagi vazmin ridoni yulqib olib tashladi, shun-da u yana o‘zini Voland bilan yonma-yon uning to‘shagida o‘tirganini ko‘rdi. — Xo‘sh, Margo, — deb davom etdi Voland, endi ancha muloyim ovoz bilan, — bugun mening balimda bekalik qilganingiz uchun nima istaysiz? Ushbu balni yalang‘och holda o‘tkazganingiz evaziga mendan nima so‘raysiz? Tizzangiz xizmatini qanchaga baholaysiz? Hozir siz qatllar deb atagan mehmonlarim sizga qancha ziyon yetkazishdi? Gapiring! Mana endi hech tortinmasdan gapirishingiz mumkin. Zero, men so‘rayapman sizdan.

Margaritaning yuragi qattiq-qattiq tepa boshladi, u chuqur xo‘rsinib qo‘yib, nimalarnidir o‘ylay boshladi.

— Xo‘sh, qani, dadilroq! — deb dalda berardi Voland, — o‘z fantaziyangizni uyg‘oting, uni ishga soling! Anavi uchchiga chiqqan ablah — baronni qatl etish sahnasida ishtirok etishning o‘zi ham mukofotga loyiq, agar ishtirok etgan odam ayol kishi bo‘lsa — alalxusus. Qani, xo‘sh?

Margaritaning nafasi qaytib ketdi, u dilida tayyorlab qo‘yilgan ezgu so‘zlarini aytishga endigina og‘iz juftlagan edi hamki, birdan rangi quv o‘chib, og‘zi lang ochilib, ko‘zlari baqraygancha qoldi. Uning qulog‘iga kimningdir bezovta qiluvchi, yolboruvchi ovozi: «Frida! Frida! Frida! — deb qichqirdi. — Mening ismim Frida!» — Shundan keyin Margarita duduqlanib gapira boshladi:

— Demak, men sizdan bitta narsani iltimos qilishim mumkin-a?

— Talab, talab qilishingiz mumkin, mening donnam, — deb javob qildi savolning ma’nosiga tushungan Voland jilmayib, — talab qilishingiz mumkin bitta narsani!

O, Voland Margaritaning o‘z og‘zidan chiqqan «bitta narsa» so‘zini takrorlarkan, unga ustalik bilan va aniq urg‘u berib gapirdi.

Margarita yana bir marta xo‘rsinib qo‘yib dedi:

— Istardimki, Fridaga, o‘z chaqalog‘ini o‘ldirganda og‘ziga tiqqan o‘sha ro‘molchasini endi tutqazishmasa.

Mushuk ko‘zlarini shiftga tikarkan, pishqirib xo‘rsindi, lekin bal paytida qulog‘i buralganini eslab, churq ham etmadi.

— O‘sha ovsar Fridadan, — deb miyig‘ida kulgancha gap boshladi Voland, hech qanday pora olmasligingizga qat’iy ishonch hosil qilganim tufayli (zero bunday narsa sizning qirolichalik sha’ningizga mutlaqo nomuvofiqdir) nima qilishimni ham bilmay qoldim. Chamamda faqat bitta iloj bor — ko‘proq latta-puttalar topib kelib, xobxonamdagi hamma teshik, tirqishlarga tiqib tashlashim kerak.

— Gapingizga tushunmadim, messir! — dedi hayron qolgan Margarita, u Volandning gaplariga chindanam tushunmagan edi.

— Fikringizga to‘la-to‘kis qo‘shilaman, messir, — deb gapga aralashdi mushuk, — albatta latta bilan, — deb g‘ijingancha panjasini stolga «gurs» etib urdi.

— Men rahm-shafqat haqida gapiryapman, — deb izohladi Voland o‘z gapini hamon Margaritadan o‘tli ko‘zlarini uzmay. — U narsa ba’zan mutlaqo kutilmaganda ayyorlik bilan eng tor tirqishlardan ham singib kiradi. Latta-putta haqida gapirishimning boisi shunda.

— Men ham shuni aytyapman-da! — dedi mushuk va har ehtimolga qarshi, pushti rang krem yuqilik pan-jalari bilan uchli quloqlarini berkitgancha, o‘zini Margaritadan chetga oldi.

— Pisht! Daf bo‘l! — dedi unga Voland.

— Hali qahva ichganim yo‘q, — dedi mushuk, — qanaqasiga ketarkanman? Nahotki shunday bayram oqshomida ham, messir, bir dasturxon atrofida o‘tirgan mehmonlarni ikki navga bo‘lishsa? Birovlar birinchi nav-u, boshqalar, sho‘rtumshuq qurumsoq bufetchining ta’biri bilan aytganda, aynigan ikkinchi nav hisoblansa?

— Jim bo‘l, — yeb buyurdi Voland, so‘ng Margaritaga yuzlanib, undan so‘radi: — Bu raftoringizga qaraganda, siz bag‘oyat saxovatli, kamoli xushaxloq odam bo‘lsangiz kerak-a?

Перейти на страницу:

Похожие книги