— Yo‘q, — qiynalib javob qildi Margarita, — bilaman, siz bilan faqat ochiqchasiga gaplashish kerak, shu bois men ham sizga gapning ochig‘ini aytaman: men yengiltak odamman. Frida uchun iltimos qilganimga sabab, ehtiyotsizlik qilib unga va’da berib qo‘yuvdim. Endi u kutadi, messir, u mening qudratimga ishonadi. Agar umidi puchga chiqsa, men nihoyatda mushkul ahvolga tushib qolaman. Umrbod ko‘nglim taskin topmaydi. Nachora? Shunday bo‘lib qoldi.
— Ha, — dedi Voland, — bu tushunarli.
— Demak, o‘shanday qilasiz-a? — qimtinibgina so‘radi Margarita.
— Aslo, — deb javob qildi Voland, — gap shundaki, qimmatli qirolicha, bu o‘rinda andakkina chatoqlik yuz bergan. Har bir muassasa o‘z ishi bilan shug‘ullanmog‘i kerak. Oriy rost, bizning imkoniyatlarimiz benihoya ulkan, uzoqni ko‘rishga ko‘zlari ojiz bo‘lgan ayrim kaltabinlar tasavvuridan ko‘ra ancha kattaroqdir…
— Ha, judayam katta, — deb luqma tashlashdan o‘zini tiya olmadi mushuk, chamasi u mana shu imkoniyatlardan mag‘rurlanardi.
— Jim bo‘lsang-chi, jin urgur! — dedi unga Voland va Margaritaga o‘girilib gapida davom etdi: — Gapning sirasi, men muassasa deb ta’birlaganim boshqa shaxs qilishi lozim bo‘lgan ishga qo‘l urishdan nima hojat? Alqissa, men bu ishga aralashmayman, uni o‘zingiz bajarasiz.
— Nahotki, mening istagim bajarilsa? Azazello istehzo bilan g‘ilay ko‘zini Margaritaga tikdi va mallasoch boshini salgina chayqab, pishqirib qo‘ydi.
— Boshlang axir, azbaroyi shifo, — deb g‘o‘ldiradi Voland va globusni aylantirib, uning qaysiyam bir nuqtasiga tikilib qaray boshladi, chamasi u Margarita bilan suhbat qilgan paytida boshqa ish bilan mashg‘ul bo‘lganini ko‘rsatmoqchi edi.
— Qani, chaqiring Fridani, — deb o‘rgatdi Korovyov.
— Frida! — deb ovozining boricha chinqirdi Margarita.
Shunda eshik lang ochilib, xonaga sochlari parishon, yalang‘och, ammo sarxushligidan asar ham qolmagan, ko‘zlari olazarak ayol yugurib kirib, qo‘llarini Margarita tomon cho‘zdi, Margarita esa unga ulug‘vorlik bilan dedi:
— Seni kechirishdi. Endi senga ro‘molchangni tutqazishmaydi.
Frida qattiq faryod qilib, Margaritaning oyog‘i ostiga, polga xoch shaklida yuz tuban yotdi. Voland bir qo‘l siltagan edi, shu zahoti Frida ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
— Minnatdorman sizdan, endi xayr, — dedi Margarita va o‘rnidan turdi.
— Nima deysan, Begemot, — deb gapira boshladi Voland, — shunday bayram kechasida uquvsiz odamning raftoridan manfaat ko‘zlashimiz yaxshimasdir, — u Margaritaga o‘girildi, — bunisi hisob emas, chunki men hech nima qilganim yo‘q. Qani ayting, o‘zingiz uchun nima istaysiz?
Hamma sukutga toldi, bu sukunatni Korvovyov buzdi:
— Oltin donna, — dedi u Margaritaning qulog‘iga pichirlab, — bu gal sal mulohaza bilan ish ko‘ring! Yo‘qsa, baxtingiz qo‘lingizdan chiqib ketishi mumkin!
— Men hozirning o‘zida, shu zahotiyoq o‘z mahbubim — ustani qaytarib berishlarini istayman, — dedi Margarita va qattiq asabiylashganidan yuzi burishib ketdi.
Shu payt xonaga «g‘uv» etib shamol esib kirib, chil-chirokdagi shamlar alangasini bir tomonga yotqizdi, vazmin darpardalar yelpinib, deraza tavaqalari lang ochildi va juda olisda, samoda tonggi emas, tungi oyning porlab turgani ko‘rindi. Deraza etagida tungi oy shu’lasidan ko‘kish poyandoz yozilib, shu poyandoz ustida Ivanushkaning tungi mehmoni — o‘zini usta deb tanitgan odam paydo bo‘ldi. U kasalxona libosida (egnida xalat, oyog‘ida tufli) bo‘lib, hozir ham o‘sha qora qalpoqchasini boshidan qo‘ymagan edi. Uning soqol-mo‘ylovi olinmagan yuzi hadeb tortishar, jununvash ko‘zlari shamlarga zimdan cho‘chinqirab boqardi, oy shu’lasi uni tamomila qamrab olgan edi.
Margarita bir qarashdayoq uni tanidi, qo‘llarini qisirlatib, oh urdiyu uning istiqboliga yugurib bordi. U ustaning peshonasidan, lablaridan o‘par, tikandek tuk bosgan yuziga yuzini qo‘yardi, shu paytgacha tiyib turgan ko‘z yoshlari endi uning yuzidan duv-duv oqa boshladi. U hadeb faqat bir so‘zni ma’nosiz ohangda takrorlardi:
— Sen… sen, sen…
Usta uni o‘zidan chetlatib, bo‘g‘iq ovoz bilan dedi:
— Yig‘lama, Margo, yuragimni ezma. Men qattiq betobman. — U go‘yo derazaga sakrab qochmoqchi bo‘lganday, deraza tokchasiga chang soldi, tishlarini irshaytirgancha, xonada o‘tirganlarga bir-bir qarab chiqib, chinqirib yubordi: — Men qo‘rqyapman, Margo! Yana ko‘zimga allaqanday sharpalar ko‘rina boshladi.
— Yo‘q, yo‘q, yo‘q, — deb pichirlardi entikib-entikib yig‘laganidan nafasi ichiga tushib ketgan Margarita, — hech nimadan qo‘rqma! Men yoningdaman! Yoningdaman!
Korovyov epchillik bilan, sezdirmay ustaga stul surib qo‘ydi, u o‘tirdi, Margarita esa usta oldida tiz cho‘kib, yuzini uning biqiniga bosgancha qimir etmay qoldi. U hayajonlanganidan o‘zining endi yalang‘och emasligini ham sezmadi — uning egnida birdan qora shohi plash paydo bo‘lgan edi. Bemor boshini xam qilgancha, ma’yus va xasta ko‘zlarini yerga tikdi.
— Ha, — deb gap boshladi Voland bir oz sukutdan keyin, — rosa surobini to‘g‘rilashipti uni. Qani, ritsar, — deb buyurdi u Korovyovga, — bu odamga ichgani biron nima ber.
Margarita titroq ovoz bilan yolborardi.