«Astoriya» ning to‘rt yuz o‘n ikkinchi xonasidagi kiyim javoniga yashiringan Rimskiy darhol hibsga olingan va o‘sha yerda, Leningradda so‘roq qilingan. Shundan so‘ng Moskvaga yuborilgan telegrammada, Varetening moliya direktori mutlaqo esini yo‘qotgan holatda ekanligi, berilgan savollarga biron jo‘yali javob bermagani yoinki berishni xohlamagani haqida, bil’aks hadeb, uni qamoqxonaning zirhlangan kamerasiga qamab, qurolli soqchilar bilan qo‘riqlashlarini iltimos qilayotgani haqida yozilgan edi. Moskvadan yuborilgan telegrammada Rimskiyni soqchilar kuzatuvida Moskvaga jo‘natish buyurildi, shunga ko‘ra Rimskiy juma kuni kechqurungi poezdda soqchilar kuzatuvida yo‘lga chiqdi.

Shu juma kuni kechqurun Lixodeevning ham izi topiddi. Uning to‘g‘risida barcha shaharlarga telegramma yuborilib, qidiruv e’lon qilingan edi. Yaltadan: «Lixodeev Yaltada bo‘lgan, lekin aeroplanda Moskvaga uchib ketdi», degan javob telegrammasi olindi.

Birdan-bir daragi topilmagan odam Varenuxa bo‘ldi. Deyarli butun Moskvaga taniqli bo‘lgan bu mashhur teatr ma’muri dom-daraksiz yo‘qolgan edi.

Bu asnoda Varete teatridan chetda, Moskvaning boshqa yerlarida yuz bergan hodisalar bilan ham shug‘ullanishga to‘g‘ri keldi. Masalan, «Slavnoe more» qo‘shig‘ini ijro etgan xodimlarning g‘ayritabiiy raftorini (darvoqe, professor Stravinskiy teri ostiga qandaydir dori yuborish bilan ikki soat ichida ularning hammasini yana o‘z holiga keltirishga muvaffaq bo‘ldi), shuningdek, allambalo qog‘ozlarni ayrim kishilar yo muassasalarga pul o‘rnida o‘tqazgan shaxslar va shunday yo‘l tutilishi oqibatida ziyon ko‘rgan shaxslar masalasini ham oydinlashtirish lozim bo‘ldi.

Ma’lumki, bu hodisalar ichida eng ko‘ntilsiz, eng g‘alvali va eng mushkuli marhum Berliozning kallasini Griboedov zaliga qo‘yilgan tobutdan kuppa-kunduz kuni o‘g‘irlab ketilgani bo‘ldi.

Butun Moskvaga yoyilib ketgan bu murakkab ishning chigallarini bittama-bitta yechish uchun o‘n ikkita tergovchi safarbar qilindi.

Tergovchilardan biri professor Stravinskiyning shifoxonasiga bordi va birinchi navbatda keyingi uch kun ichida shifoxonaga keltirilgan shaxslarning ro‘yxatini so‘radi. Buning natijasida Nikonor Ivanovich Bosoy va kallasi uzilib qayta o‘rnatilgan bechora konferanse topildi. Lekin ular tergovchini qiziqtirmadi. Chunki bularning ikkovi ham o‘sha noma’lum sehrgar boshchiligidagi to‘daning qurboni bo‘lganligi ravshan edi. Ammo Ivan Nikolaevich Bezdomniy tergovchini haddan tashqari qiziqtirib qoddi.

Juma kuni kechga yaqin Ivanushka yotgan 117-xonaning eshigi ochilib, bu yerga Moskvadagi eng yaxshi tergovchilardan biri deb sanalishiga qaramay, qiyofasidan tergovchiga mutlaqo o‘xshamaydigan kulcha yuz, vazmin, muloyim bir yigit kirib keldi…

Tergovchi xushmuomalalik bilan o‘zini tanitdi va Ivan Nikolaevichning huzuriga o‘tgan kuni Patriarx ko‘li bo‘yida sodir bo‘lgan hodisalar xususida gaplashgani kelganini aytdi.

O, afsus, bu tergovchi sal oldinroq, hech bo‘lmasa, payshanbaga o‘tar kechasi kelganida bormi, Ivanning boshi osmonga yetgan bo‘lardi: o‘shanda u Patriarx ko‘lida yuz bergan voqeani rosa kuyib-pishib hikoya qilmoqchi bo‘lgan, ammo uning aytganlariga e’tibor berishmagan edi. Mana endi uning maslahatchini tutish orzusi ushaldi, endi u hech kimning orqasidan quvmaydi, aksincha o‘sha chorshanba kuni kechqurun sodir bo‘lgan voqeani eshitish uchun mana, uning huzuriga o‘zlari kelishipti.

Lekin, taassufki, Berlioz halokatidan keyin o‘tgan vaqt ichida Ivanushka tamomila o‘zgarib ketgan edi. U tergovchining barcha savollariga bajonidil va muloyimlik bilan javob qaytarar, ammo uning ni-gohida ham, gapirish ohangida ham loqaydlik sezilib turardi. Berlioz fojiasi endi shoirni tashvishga solmay qo‘ygan edi.

— Ayting-chi, Ivan Nikolaevich, Berlioz tramvay tagiga yiqilib tushganida siz turniketdai uzoqdami-dingiz?

Ivan negadir beparvolik bilan sezilar-sezilmas jilmayib qo‘ydi-da, javob qildi:

— Men uzoqda edim.

— Anavi katak kamzul kiygan turniket oldida turganmidi?

— Yo‘q, u sal nariroqdagi skameykada o‘tirgan edi.

— Berlioz yiqilib tushganida uning turniket oldiga bormaganini aniq eslaysizmi?

— Eslayman. Borgani yo‘q. U yastanib o‘tirgan edi. Tergovchi boshqa savol bermadi. U Ivanushka bilan qo‘l berib xayrlasharkan, tezroq tuzalib keting, dedi va tez kunlarda uning yangi she’rlarini o‘qishiga umid bildirdi.

— Yo‘q, — ohista javob qildi Ivan, — men endi hech qachon she’r yozmayman.

Tergovchi muloyim jilmayib qo‘yib dedi:

— Hozir siz bir oz ruhan siqilgansiz, lekin aminmanki, bu hol hademay o‘tib ketadi.

— Yo‘q, — dedi Ivan tergovchiga emas, so‘nib borayotgan olis ufqqa tikilib, — bu hol endi hech qachon tugamaydi. Men yozgan she’rlar — yomon she’rlar, buni men endi tushundim.

Перейти на страницу:

Похожие книги