— Obbo! Bunisigayam zirhlangan kamera zarur bo‘lib qopti, — deb to‘ng‘illadi tergovchilardap biri.
— Anavi yaramaslar qattiq qo‘rqitib qo‘ygan bularni, — dedi Ivanushkaning oldida bo‘lib qaytgan tergovchi.
Varenuxaga qo‘ldan kelgancha tasalli berishib, sizni kamerasiz ham himoya qilamiz, deb va’da qilishdi, shundan keyin uning hech qanday devor tagida starka ichmagani, aksincha, so‘yloq tishli malla odam bilan baq-baqaloq bir nusxa uni do‘pposlagani ma’lum bo‘ldi.
— O‘sha baqaloq mushukka o‘xsharmidi?
— Ha, ha, ha, — deb pichirlardi ma’mur qo‘rquvdan shamdek qotib va zum o‘tmay atrofiga olazarak bo‘lib qarab, so‘ng u qariyb ikki kun 50-kvartirada qonxo‘r poyloqchi sifatida kun kechirgani va sal bo‘lmasa moliya direktori Rimskiyning umriga zomin bo‘layozgani haqida batafsil so‘zlab berdi…
Shu payt Leningrad poezdidan tushgan Rimskiyni olib kirishdi. Biroq avvalgi moliya direktoriga butkul o‘xshamay qolgan, qo‘rquvdan dag‘-dag‘ titrayotgan, ruhiy kasalga mubtalo bo‘lgan, sochlari oqarib ketgan bu chol oyoq tirab turib olib haqiqatni gapirishdan butkul bosh tortdi. U o‘z kabinetining derazasida tunda hech qanday yalang‘och Gellani ham, shuningdek, Varenuxani ham ko‘rmagani, balki ko‘ngli behuzur bo‘lib, hushi og‘ib, bilmay Leningradga ketib qolgani haqida gapira boshladi. Qizig‘i shundaki, betob Rimskiy guvohlik berib bo‘lib, yana uni zirhlangan kameraga qamashlarini iltimos qila boshladi.
Annushka esa Arbatdagi univermag kassiriga o‘n dollarlik qog‘oz pul tutqizmoqchi bo‘lganida qo‘lga olindi. Uning Sadovaya ko‘chasidagi uyning derazasidan uchib chiqib ketgan odamlar va taqacha haqidagi (Annushkaning aytishicha, u taqani militsiyaga eltib berish uchun yerdan ko‘targan ekan) gaplarini diqqat bilan eshitishdi.
— Taqacha chinakam oltindanmidi, gavhar toshlari ham bormidi? — deb so‘rashdi Annushkadan.
— Voy, gavharning qanaqaligini bilmay o‘libmanmi, — deb javob qildi Annushka.
— O‘sha odam sizga bergan pul chervon pulmidi?
— Voy, chervonning qanaqaligini bilmay o‘libmanmi, — dedi Annushka.
— Xo‘sh, u pullar qachon dollarga aylanib qoldi bo‘lmasam?
— Hech nima bilmayman, qanaqa dollarni gapiryapsiz, men hech qanaqa dollar-pollarni ko‘rganim yo‘q, — derdi Annushka chiyillab, — biz o‘z huquqimizni bilamiz! Bizga mukofot berishgan ekan, demak unga chit sotib olamiz… — shundan keyin u, beshinchi qavatni jinu alvastilar makoniga aylantirib, hammaning tinchini buzgan uy boshqarmasining qing‘ir ishlari uchun javob beradigan ahmoq yo‘q, deb shunaqangi poyintar-soyintar gaplarni javrab ketdiki…
Annushka hammani joniga tekkan edi, tergovchi qo‘l siltab uning ovozini o‘chirdi va yashil qog‘ozga ruxsatnoma yozib berib, hammaning ko‘nglidagi ishni qildi. Annushka binodan chiqib ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi.
Shundan keyin juda ko‘p odamlar birin-ketin tergovdan o‘ta boshladilar. Bular orasida Nikolay Ivanovich ham bo‘lib, u rashkchi xotinining tentakligi tufayligina (xotini militsiyaga erining ertalabga yaqin g‘oyib bo‘lganini xabar qilgan edi) hibsga olingan edi. Nikolay Ivanovich o‘zining shayton huzurida bazmda bo‘lgani haqida o‘ta tuturiqsiz guvohnomani ko‘rsatdi, lekin bu bilan tergov ahlini unchalik ajablantirmadi. U Margarita Nikolaevnaning uy xodimasini o‘z ustiga mindirib allaqaysi go‘rga cho‘milishga olib borgani va undan sal oldin Margarita Nikolaevnaning qip-yalang‘och holda derazada o‘tirgani haqida so‘zlab berdi-yu, qolgan gaplarni sir saqlab qoldi. Masalan: u Margarita Nikolaevnaning yotoqxonasiga ko‘ylak ko‘tarib kirgani va Natashani Venera deb ataganini so‘zlab berishni lozim ko‘rmadi. Uning hikoya qilishicha, Natasha derazadan uchib chiqqanu uni minib olib, Moskva tashqarisiga parvoz etgan edi.
— Kamina bu zo‘ravonlikka bo‘ysunishga majbur bo‘ldim, — deb hikoya qildi u va o‘z uydirmalarini bunday yakunladi: — O‘tinaman, shu aytgan gaplarimni zinhor-bazinhor xotinim bila ko‘rmasin.
Unga va’da berishdi.
Nikolay Ivanovich bergan guvohlikdan Margarita Nikolaevnaning, shuningdek uning uy xodimasi Natashaning nom-nishonsiz g‘oyib bo‘lishgani aniqlandi. Ularni qidirib topish choralari ko‘rila boshladi.
Shanba shuni ertalab guvohlarni tergov qilish bir zum ham to‘xtamadi. Bu payt shaharda mutlaqo kurakda turmaydigan mish-mishlar paydo bo‘lib, yashin tezligida chor yoqqa tarqala boshladi. Tariqdakkina haqiqat tuyaday uydirmaga aylandi. Aytishlaricha, Varete teatrida berilgan sehrgarlik seansidan keyin ikki mingta tomoshabinning hammasi ko‘chaga onadan qanday tug‘ilgan bo‘lsa, shunday holda otilib chiqqanmish, Sadovaya ko‘chasida qalbaki pul yasaydigan bosmaxona topilganmish, allaqanday o‘g‘rilar to‘dasi maishatxonadan birvarakayiga beshta mudirni o‘g‘irlab ketganmish-u, lekin militsiya o‘sha zahoti ularni topganmish, hokazo va hokazo.