Uy-joy masalasi ko‘riladigan xonadan keyin g‘oyat hashamatli plakat ko‘zga tashlanardi, bu plakatda baland qoya, uning cho‘qqisida yelkasiga miltiq ilib, ot choptirib ketayotgan chakmonli suvoriy tasvirlangan edi. Undan pastroqda — palmalar soyasidagi peshayvonda qo‘liga avtoruchka ushlagan kokildor bir yigit judayam o‘tkir ko‘zlarini olis-olis fazoga tikib o‘tirardi. Bu tasvir ostiga shunday so‘zlar yozilgan edi: «Ikki haftadan (hikoya, novella) bir yilgacha (roman, trilogiya) to‘laqonli ijodiy otpuskalar beriladi. Yalta, Sovuq Suv, Borovoe, Sixidziri, Maxipjauri, Leningrad (Qishki saroy)». Bu eshik oldida ham pavbat-da turganlar bor edi, lekin judayam ko‘p emas, taxminan yuz elliktacha kelardi.

Bu yerdan o‘tib, Griboedov uyining serhashamat muyulishlaridan, pastu baland yo‘laklaridan borgan odam: «MASSOLIT Pravleniesi», «Kassalar № 2, 3, 4, 5», «Redaktsioi kollegiya», «MASSOLIT raisi», «Bilyardxona» deb yozilgan eshiklardan o‘tar, shuningdek, MASSOLITning turli-tuman qo‘shimcha idoralarni, nihoyat, yuqorida nomi zikr etilgan xola buyuk jiyanining komediyasini huzur bilan tinglagan o‘sha serustun zalni ko‘rardi.

«Griboedov» ga kirgan har bir odam, agar unda zig‘ircha fahm-farosat bo‘lsa, MASSOLIT a’zolarining qanday baxtiyor hayot kechirishini bir qarashda fahmlab olardi, fahmlardiyu, shu zahoti uning ichini hasad mushuk bo‘lib timdalardi. Shu zahoti u, tug‘ilganimda nega menga ham yozuvchilik iste’dodini ato etmading, degandek achchiq ta’na to‘la ko‘zlarini ko‘kka tikardi, zero, MASSOLIT a’zosining butun Moskva taniydigan, xushhid, asl nav charm qoplangan zarhal hoshiyali jigarrang biletiga muyassar bo‘lishni, turgan gapki, o‘shal yozuvchilik iste’dodisiz orzu ham qilib bo‘lmasdi.

Qani, hasadni yoqlab kim bir og‘iz so‘z ayta oladi? Hasad eng razil hissiyot toifasidandir, lekin shunga qaramay, Griboedovga kelgan mehmonning ahvoliga tushunish kerak. Chunki u yuqori qavatda ko‘rgan narsalar hali daryodan tomchi. Uyning birinchi qavatini butunicha restoran ishg‘ol etgan edi. Yana — restoranmisan, restoran! Vijdonan gapiriladigan bo‘lsa, butun Moskvada eng yaxshi restoran hisoblanardi u. Griboedov nainki qubbali shiftlariga ayyoorona yolli nafarmon otlarning tasviri solingan ikkita ulkan zalga joylashgani bilan, nainki bu yerdagi har bir stolchaga shol ro‘mol soyavonli chiroqlar o‘rnatilgani bilan, nainki unga kirish har qanday o‘tkinchiga nasib bo‘lavermagani bilan, shuningdek, bu yerda tayyorlanadigan ovqatlarning sifati bilan ham Moskvadagi har qanday manaman degan restoranni bir cho‘qishda qochirardi, buning ustiga, bu yerda taomlar kishiga malol kelmaydigan bahoda tortilardi.

Shunga ko‘ra Griboedovning cho‘yan panjarasi yonida mazkur kitob mualliflarining qulog‘iga chalingan quyidagi haqqoniy suhbatning hech ajablanarli yeri yo‘q bo‘lsa kerak:

— Bugun qaerda kechlik qilasan, Amvrosiy?

— Qaerda bo‘lardi, albatta shu yerdada, azizim Foka! Archibald Archibaldovich bugun kechlikka portsiya-portsiya qilib tayyorlangan anatyurel olabug‘a baliqlari bo‘ladi deb shipshidi menga. Quling o‘rgilsin narsada o‘ziyam!

— Yashashning yo‘lini bilasan-da, Amvrosiy! — xo‘rsinib qo‘yib dedi abgor kiyingan, bo‘yniga ho‘ppoz oshgan, cho‘pdek oriq Foka yuzlari do‘mboq, lablari durdoq, sochi oltinrang, barvasta qomat shoir Amvrosiyga.

— Aytarli hech qanday yo‘lni bilmayman, — dedi e’tiroz bilan Amvrosiy, — faqat odamlarday yashashni xohlayman, xolos…

— Uydayam pishirsa bo‘ladi-ku, o‘sha ovqatni, — deb miyilladi Foka.

— Salomatliklari kerak, — deb do‘rilladi Amvrosiy, — uyda o‘sha anatyurel olabug‘a balig‘ini xotining umumiy oshxonada kastryulda pishiradimi? Qoyil-e! Hi-hi-hi!.. Orevuar, Foka! — shundan keyin Amvrosiy qo‘shiq xirgoyi qilgancha soyabon ostidagi yozlik restoranga yo‘l oldi…

Yetar, kitobxon, mavzudan chiqib ketdik! Qani, yana izimdan olg‘a!

O‘sha Berlioz halok bo‘lgan kuni kechqurun soat o‘n yarimda Griboedovning yuqori qavatida faqat bitta xona yoritilgan bo‘lib, u yerda majlisga to‘plangan o‘n ikki nafar adabiyotchi Mixail Aleksandrovichning kelishini kutib, zerikib o‘tirardi.

MASSOLIT Pravleniesi xonasida stullarda, stollarda, hatto ikki deraza raxida o‘tirganlar havoning dimligidan qiynalardilar. Ochiq derazadan qilt etgan shabada kirmas edi. Moskva kun bo‘yi asfalt singdirgan haroratni qaytarar, tunda ham havoning tafti pasaymasligi ko‘rinib turardi.

Uyning podvaliga joylashgan oshxonadan piyoz hidi keldi, shunda xonada o‘tirganlarning tomog‘i qaqrab, hammalari tajang bo‘lib, achchiqlana boshlashdi.

Durustgina kiyingan, yuvosh tabiat, ko‘zlari ziyrak va ayni paytda bejo belletrist Beskudnikov yonidan soatini chiqardi. Soat mili o‘n birga borib qolgan edi. Beskudnikov tsiferblatga chertib qo‘yib, uni shoir Dvubratskiyga ko‘rsatdi, u stol chekkasida tagi rezina sariq tufli kiygan oyoqlarini likillatib o‘tirardi.

— Voy-bo‘-o‘, — deb g‘o‘ldiradi Dvubratskiy.

Перейти на страницу:

Похожие книги