U yalangoyoq, egniga yirtilib dabdala bo‘lgan oqish rang uzun ko‘ylak va yo‘l-yo‘l oq ishton kiygan edi; ko‘ylagining ko‘ksiga ingliz to‘g‘nog‘ichi bilan noma’lum avliyoning tasviri tushirilgan (tasvir ham o‘chib ketgan edi) qog‘oz ikonani qadab olgandi. Ivan Nikolaevichning qo‘lida yoniq nikoh shami bor edi. Uning o‘ng yonog‘i shilingan edi. Shu hodisa oqibatida rovonda vujudga kelgan sukunatning nechog‘liq teranligini o‘lchash mutlaqo mahol edi. Bir ofitsiantning qo‘lidagi qiyshiq ushlangan krujkadan pivo jildirab oqardi.
Shoir shamni boshi uzra ko‘tarib, baland ovoz bilan dedi:
— Salom, do‘stlar! — shundan keyin u yaqinroqda turgan stolning tagiga mo‘ralab qaradida, qayg‘uli ohangda dedi: — Yo‘q, bu yerdayam yo‘q u!
Shu choq bir erkak va bir ayolning ovozi eshitildi:
— Tamom bo‘pti. Telba bo‘lib qolipti, — dedi do‘rillagan erkak ovozi rahmsiz ohangda.
— Bu ahvolda uni militsiya qanday tutib olmadi ekan ko‘chada? — dedi qaysiyam bir ayol qo‘rquv ohangida.
Ivan Nikolaevich bu gapni eshitib, javob qildi:
— Xa, ikki marta: Skatertniy bilan Bronnayada meni ushlamoqchi bo‘lishdi, lekin men devordan oshib qochib qoldim, mana, yuzim shilinib ketdi! — Shundan keyin Ivan Nikolaevich shamni baland ko‘targancha qichqirdi: — Birodari adiblar! (Uning hirqiroq ovozi o‘tkirlashgan va qizg‘inlashgan edi.) Hammangiz gapimga quloq solingiz! U paydo bo‘ldi! Darhol uni tutinglar, aks holda ko‘p og‘ir falokatlarga sababchi bo‘ladi!
— Nima? Nima? Nima dedi u? Kim paydo bo‘lipti? — deya shov-shuv ko‘tarishdi odamlar chor yoqdan.
— Kottsultant! — javob qildi Ivan. — Ana o‘sha konsultant hozir Patriarx ko‘li yaqinida Misha Berliozni o‘ldirdi.
Shu payt ichki zaldan olomon gurra yopirilib chiqib, Ivanning shami atrofida jipslana boshladi.
— Kechirasiz, aniqroq gapirsangiz, — degan muloyim ovoz ohista eshitildi Ivan Nikolaevichning qulog‘i ostida. — Aytingchi, qanday o‘ldirdi o‘zi? Kim o‘ldirdi?
— Ajnabiy konsultant, professor va josus! — atrofga alanglagancha javob berdi Ivan.
— Familiyasi nima uning? — deb Ivanning qulog‘i oldida pichirlashdi.
— Hamma balo shunda-da! — alam bilan chinqirib yubordi Ivan. — Koshkiydi familiyasini bilsam! Uning tashrifnomasida yozilgan familiyasini yaxshi ko‘rolmay qoldim… Faqat familiyasining bosh harfi esimda: «Ve». «V» dan boshlanardi familiyasi! Qanaqa familiya «V» bilan boshlanishi mumkin? — Ivan peshanasini changallagancha o‘ziga o‘zi savol berdi va birdan g‘o‘ldiray boshladi: — Ve, ve, ve! Va… Vo… Vashpermi? Vagnermi? Vaynermi? Vegnermi? Vintermikin? — Ivan peshanasini astoydil tirishtirganidan boshidagi sochi u yoq-bu yoqqa siljiy boshladi.
— Vulfdir? — ayanchli ohangda chiyilladi bir ayol.
Ivanning achchig‘i chiqib ketdi.
— Esi past! — deb baqirdi u chiyillagan ayolni ko‘zi bilan axtararkan. — Vulfning nima daxli bor bunga? Vulfda hech qanday ayb yo‘q! Vo, vo… Yo‘q! Hech eslolmayapman! Gap bunday, grajdanlar: hozir siz militsiyaga telefon qiling, professorni tutish uchun pulemyot o‘rnatilgan beshta mototsiklet yuborishsin. Yana shuniyam aytinglarki, u yolg‘iz emas: yonida ko‘ziga shishasi darz ketgan pensne taqqan, katak shim kiygan bir naynov bilan to‘ng‘izday semiz bir qora mushuk ham bor. Ungacha men Griboedovni tintib chiqaman… Ko‘nglim sezyapti, u shu yerda!
Ivan qattiq bezovtalanib, qo‘lidagi shamning mumini o‘z ustiga sachratgancha atrofidagi odamlarni turtib, stollarning ostiga mo‘ralay boshladi, Shu payt: «Doktor!» — degan ovoz eshitildiyu, Ivanning ro‘parasida bir odamning muguz ko‘zoynak taqqan, soqol-mo‘ylovi qirilgan, muloyim, go‘shtdor yuzi paydo bo‘ldi.
— O‘rtoq Bezdomniy, — tantanavor ohangda gap boshladi shu odam, — tinchlaning! Siz hammamiz uchun aziz bo‘lgan Mixail Aleksandrovichning… yo‘q, aniqrog‘i, Misha Berliozning o‘limidan qattiq xafa bo‘lgansiz. Bizlar buni juda yaxshi tushunib turibmiz. Siz dam olishingiz kerak. Hozir o‘rtoqlar sizni olib borib o‘ringa yotqizishadi, bir oz mizg‘ib, qayg‘uni unutasiz…
— Sen, — deb Ivan tishlarini irjaytirgancha uning so‘zini bo‘ldi, — professorni zudlik bilan tutish kerakligini tushunasanmi O‘zingni bema’ni maslahatlaring bilan do‘stlashasan shu topda! Ovsar!
— O‘rtoq Bezdomniy, meni kechiring dedi boyagi odam cho‘g‘dek qizarib orqasiga burildi va bu g‘alvaga aralashganidan pushaymon oo‘lib.
— Yo‘q, hammani kechirsam ham, seni kechirmayman, — nafrat bilan ohista dedi Ivan Nikolaevich.
Uning asabdan afti bujmaydi, o‘ng qo‘lidagi shamni tez chap qo‘liga olib, rahmdillik qilgan bu odamning qulog‘i ostiga tarsaki tushirdi.
Shundan keyin hamma Ivanga tashlandi. Sham o‘chdi, tarsaki yegan odamning ko‘zoynagi yerga tushib, bir zumda majaqlandi. Ivan hattoki xiyobonda yurgan odamlarga ham eshitiladigan, hammani vasvasaga soladigan dahshatli jangovar na’ra tortib, o‘zini himoya qila boshladi. Stollardan tushib singan idishlar ja-rangi, ayollarning chinqirgani eshitildiyu Ofitsiantlar shoirning qo‘l-oyog‘ini sochiqlar bilan bog‘layotgan paytda, garderobxonada restoran xo‘jayini bilan eshikog‘asi o‘rtasida shunday gap bordi.