Gluxaryov shoira Tamara Polumesyats bilan tantsa qila boshladi, Kvant raqsga tushdi, romannavis Jukolov sariq ko‘ylak kiygan bir kino artistka bilan tantsaga tushdi. Dragunskiy ham, Cherdakchi ham, gumbazday keladigan adiba Shturman Jorjni quchib olgan jikkak Deniskin ham tantsa tushishdi, oq bo‘z shim kiygan noma’lum bir shaxs mahkam quchib olgan go‘zal me’mor ayol Semeykina-Gall ham tantsa tushardi. «Kunda-shunda» xo‘randalar ham, taklif etilgan mehmonlar ham, moskvaliklaru chetdan kelganlar ham raqs tusha boshlashdi: kronshtadtlik yozuvchi Iogann, G‘ostovdan kelgan, butun yuziga qip-qizil temiratki toshgan qandaydir (rejissyor bo‘lsa kerak) Vitya Kuftik degan shaxs, MASSOLITda poeziya bo‘limining eng mashhur namoyandalari, ya’ni Pavianov, Bogoxulskiy, Sladkiy, Shpichkin va Adelfina Buzdyaklar ham raqs tushishardi, sochlarini boks fasoni bo‘yicha oldirgan, yelkalariga modaga moslashib paxta qo‘ydirgan kasbi noma’lum yoshlar ham raqs tushishardi.
Qora terga botgan ofitsiantlar boshlari uzra pivo to‘ldirilgan krujkalarni ko‘tarib o‘tarkanlar, nafrat aralash hirqiroq ovoz bilan qichqirishardi: «Uzr, grajdanin!» Chiyildoq xonanda eidi kuylamas, «Alliluyya!» — deb uv tortardi. Jazdagi mis zillarning gumburi idish-tovoqlarning shaqir-shuqurini xam bosib ketgandi….
Shu asnoda birdan bir stol uzra: «Berlioz!» — degan sado parvoz etdi. Birdan, allakimdan qattiq musht yegandek, jaz shalvirab, so‘ng gung bo‘lib qoldi. «Nima, nima, nima bo‘pti, nima?!!» «Berlioz!!!» Odamlar o‘rinlaridan turib ketishdi, baqiriq-chaqiriqlar yangradi… Mixail Aleksandrovich haqidagi shumxabar hammani og‘ir qayg‘uga solib qo‘ygandi. Kimdir kuyib-pishib, hoziroq, shu yerning o‘zida kollektiv nomidan qandaydir telegramma yozib, zudlik bilap jo‘natish kerak, deb chinqirardi. Lekin qanaqa telegramma, qayoqqa yuborish kerak, degan savol tug‘iladi. Uni yuborishdan nima foyda? Darhaqiqat, uni qayoqqa yuborish kerak? Undan keyin, telegramma qanday mazmunda bo‘lmasin, majaqlangan ensasi hozir projektorning rezina qo‘lqop kiygan qo‘li ostida ezg‘ilinayotgan, bo‘ynini esa professor igna bilan teshib tikayotgan jasad uchun uning nima hojati bor deysiz? U halok bo‘lgan, endi hech qanday telegramma kerak emas unga. U adoyi tamom bo‘ldi, telegrafni band qilmaylik.
Ha, halok bo‘ldi u, halok bo‘ldi… Lekin bizlar tirikmiz-ku.
Xa og‘ir qayg‘u xuddi ulkan to‘lqin kabi toshgan edi, ancha vaqtgacha ko‘pirib turgan bu to‘lqin oxiri pasaya boshladi va endi ayrimlar o‘z stoliga — avvaliga o‘g‘rincha, keyin oshkora — qayta boshlashdi, araq ichib, gazak qilishdi. Darhaqiqat, devolyay usulida tayyorlangan tovuq kotletlarini qoldirsa uvol bo‘lmaydimi? Xo‘sh, nima yordamimiz tegadi Mixail Aleksandrovichga? Och qolganimizmi? Axir, bizlar tirikmiz-ku!
Turgan gap, royalning qopqog‘ini qulflab qo‘yishdi, bir nechta jurnalist ta’ziyanoma yozgani o‘z redaktsiyasiga jo‘nab ketdi. Jeldibinning o‘likxonadan kelganini xabar qilishdi. U marhumning ikkinchi qavatdagi kabinetida o‘tirganmish. Bir zumda Berliozning o‘rniga shuni qo‘yishadi, degan ovoza tarqaldi. Jeldibin o‘n ikkita pravlenie a’zosining hammasini restorandan chaqirtirib oldi, so‘ng Berliozning kabinetida shoshilinch ravishda boshlangan majlisda Griboedovning ustunli zalini motam marosimiga hozirlash, marosimning boshlanish payti va shu ko‘ngilsiz voqeaga daxldor bo‘lgan boshqa zaruriy masalalar haqida muhokama yurita boshlashdi.
Restoranning yana odatdagi tungi hayoti boshlanib ketdi, bu hayot to restoran yopilguncha, ya’ni tonggi soat to‘rtgacha davom etishi mumkin edi, agar xo‘randalarni Berliozning halokati haqidagi xabardan ham ko‘proq hayratga solgan mutlaqo kutilmagan antiqa bir voqea yuz bermaganda. Birinchi bo‘lib Griboedov uyining darvozasi oldida yo‘lovchilarni kutib turgan izvoshchilar bezovta bo‘la boshlashdi. Ulardan qaysi biriyam o‘rindiqdan turib, qichqirib yubordi:
— Ye tavba! Anavini qaranglar!
Shu payt cho‘yan panjara oldida qayokdandir paydo bo‘lgan olov «milt» etib yonib, peshayvon tomon yaqinlasha boshladi. Stollar atrofida o‘tirgan xo‘randalar o‘rinlaridan turib, o‘sha tomonga tikilib qaray boshlashdi va o‘sha miltillagan olov bilan birga oppoq bir sharpaning ham restoran tomonga yaqinlashayotganini ko‘rishdi. U shundoqqina gul so‘risi tagiga kelganda xo‘randalarning bari qo‘llarida vilkalarga ilingan sterlyad balig‘i bilan ko‘zlarini baqraytirgancha o‘tirgan o‘rinlarida serrayib qoldilar. Shu mahal papiros chekish maqsadida restoran garderobxonasidan hovliga chiqqan eshikog‘asi papirosni tovoni bilan ezg‘iladi-yu, sharpaning restoranga kirishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun u tomon yura boshladi, lekin keyin, negadir, bu ahdidan qaytib, taqqa to‘xtab qoldida, ovsarona tirjaydi.
Oqibat sharpa gul so‘risi ostidan o‘tib, bemalol rovonga qadam qo‘ydi. Ana shundagina bu sharpaning hech qanday sharpa emas, balki taniqli shoir Ivan Nikolaevich Bezdomniy ekaniga hamma shohid bo‘ldi.