«Oqilona fikr», — deb ko‘nglidan o‘tkazdi Varenuxa.

Lekin Rimskiy Yalta bilan gaplasha olmadi. U trubkani ilib, dedi:

— Aksiga yurib, liniya shikastlangan.

Negadir liniyaning shikastlangani uni, ayniqsa, qattiq ranjitdi, hattoki o‘ylantirib ham qo‘ydi. U bir oz o‘yga tolib turgach, bir qo‘li bilan yana trubkani oldi, ikkinchi qo‘li bilan esa trubkaga aytayotgan so‘zini yoza boshladi:

— O‘ta shoshilinch telegramma qabul qiling. Varete. Ha. Yalta. Jinoiy qidiruv bo‘limiga. Ha. «Bugun soat o‘n bir yarimlarda Lixodeev Moskvada men bilan telefon orqali gaplashdi, nuqta. Shundan keyin xizmat joyiga kelmadi va uni telefon orqali axtarib topa olmayapmiz, nuqta. Dastxatni tasdiqlayman, nuqta. Zikr etilgan artistni kuzatish chorasini ko‘ryapman. Moliya direktori Rimskiy».

«Juda ma’nili fikr!» — deb o‘yladi Varenuxa, lekin o‘yini oxiriga yetkazmay, miyasidan boshqa so‘zlar «lip» etib o‘tdi. «Bema’nilik! U Yaltada bo‘lishi mumkin emas!»

Bu payt Rimskiy bunday qildi: hamma olingan telegrammalarni, ularga qo‘shib o‘z telegrammasining nusxasini yaxshilab taxtlab paketga soldi, paketni konvertga solib, uni yelimladi, konvert ustiga bir necha so‘z yozib, uni Varenuxaga tutqazar-kan, dedi:

— Sen, Ivan Savelevich, hoziroq shaxsan o‘zing olib borib ber. O‘zlari bosh qotirib ko‘rishsin.

«Mana bu haqiqatan ham bama’ni fikr bo‘ldi!» — deb o‘yladi Varenuxa va konvertni portfeliga solib qo‘ydi. Keyin, u har ehtimolga qarshi, Styopaning te-lefoni nomerini yana bir marta terib ko‘rib, bir oz quloq solib turdi-da, birdan xursand bo‘lib sirli tarzda ko‘zini qisa boshladi. Rimskiy hushyor tortib bo‘ynini cho‘zdi.

— Artist Voland kerak edi! — muloyimlik bilan dedi Varenuxa.

— U kishi bandlar, — deb javob qildi trubkada bir qaltiroq ovoz, — kim so‘rayapti?

— Varete administratori Varenuxa.

— Ivan Savelevich? — shodlanib qichqirib yubordi trubkadagi ovoz. — Benihoya xursandman ovozingizni eshitganimdan! Salomatligingiz qalay?

— Mersi, — javob qildi hayron qolgan Varenuxa, — kim bu gapirayotgan?

— Uning yordamchisi, yordamchi va tarjimoni Korovyovman, — deb javrardi trubkadagi ovoz, — kamina xizmatingizga tayyorman, e’zozli Ivan Savelevich! Nima ishingiz bo‘lsa, hech tortinmay menga aytavering. Qulog‘im sizda!

— Kechirasiz, Stepan Bogdanovich Lixodeev hozir uyda yo‘qmi?

— Afsuski, yo‘qlar! Yo‘qlar! — shang‘illadi trubka. — Ketganlar.

— Qayoqqa?

— Shahar tashqarisiga, mashinada sayr qilgani..

— Qa… qayoqqa? Sa… sayrga?.. Qachon qaytib keladi.

— Bir oz toza havoda dam olamanu qaytib kelaman, deb aytdilar!

— Tushunarli… — dedi esankirab qolgan Varenuxa. — Mersi. Iltimos, mose Volandga aytib qo‘ysangiz, u kishi bugun sahnaga uchinchi bo‘limda chiqadilar.

— Aytaman. Bo‘lmasam-chi. Albatta. Shoshilinch garzda. Shak-shubhasiz. Aytaman, — trubkadan uzuq-uzuq javob keldi.

— Xo‘p, omon bo‘ling, — dedi ajablangan Varenuxa.

— Mening eng samimiy, eng otashin salomimni va istaklarimni qabul qilgaysiz! — derdi trubka. — Sizga muvaffaqiyatlar! Omad, baxt-saodat tilayman. Salomat bo‘ling!

— Hammasi ravshan! Aytuvdim-ku! — deb baqirdi administrator jig‘ibiyroni chiqib. — Hech qanaqa Yalta-palta yo‘q; shahar tashqarisiga sayrga ketipti!

— Agar shu rost bo‘lsa, — dedi g‘azabdan rangi dokadek oqarib ketgan moliya direktori, — bunday to‘ng‘izlikni nima deb atashni ham bilmayman!

Shu payt administrator sapchib turib ketib shunday shang‘illab baqirvordiki, Rimskiy seskanib ketdi:

— Bo‘ldi! Esimga tushdi! Pushkinoda «Yalta» degan cheburekxona ochilgan! Hammasi tushunarli! Styopa o‘sha yoqqa borgan, molday ichib olib, endi o‘sha yerdan telegramma yuborib yotipti!

— Bu endi g‘irt bema’nilik, — dedi Rimskiy asabdan yonog‘i pir-pir uchib, azbaroyi g‘azablanganidan ko‘zlarida o‘t chaqnarkan, — hali shoshmay tursin, bu sayr unga juda qimmatga tushadi, — shunday deb turib u birdan to‘xtab qoldi va taraddudlanib ilova qildi: — Ie, jinoiy qidiruv nima bo‘ladi…

— E, safsata u! Uning odatdagi nayrangi, — deb Rimskiy so‘zini bo‘ldi qiziqqon administrator va so‘radi: — Paketni eltib beraveraymi?

— Albatta, — dedi Rimskiy.

Shu payt eshik ochilib, yana o‘sha ayol kirib keldi… «O‘sha!» — deb o‘yladi Rimskiy negadir ma’yuslik bilan. Ikkovlari ham pochtachi ayolga peshvoz turishdi.

Bu galgi telsgrammada quyidagi so‘zlar yozilgan edi:

«Tasdiqlaganingiz uchun rahmat. Jinoiy qidiruv bo‘limi adresiga men uchun shoshilinch besh yuz yuboring, ertaga Moskvaga uchaman. Lixodeev».

— Jinni bo‘lib qolipti… — dedi Varenuxa zo‘r-bazo‘r.

Rimskiy esa kalitni sharakdatib, temir kassa yashigini ochdi-da, undan besh yuz so‘m pulni sanab olib, qo‘ng‘iroq chalib kurerni chaqirdi, pulni uning qo‘liga tutqazib, telegrafga yubordi.

— Esing joyidami, Grigoriy Danilovich? — dedi Varenuxa o‘z ko‘zlariga ishonmay. — Menimcha, pul yuborib bekor qilyapsan.

— Bekor bo‘lsa, qaytib keladi, — dedi Rimskiy sekingina, — lekin bu maishatbozligi uchun u hali rosa adabini yeydi, — so‘ng Varenuxaning portfeliga ishora qilib qo‘shib qo‘ydi: — Sen boraqol, Ivan Savelevich, fursat g‘animat.

Перейти на страницу:

Похожие книги