Ivan bu ikki Berlioz bilan qiynalib ketib, hamma yozganlarini chizib tashladi. O‘quvchi diqqatini boshlanishdan o‘ziga tortib olish uchun juda ta’sirli, kuchli so‘zlardan boshlamoqchi bo‘ldi-yu, tramvayga chiqqan mushuk haqida yozib, shundan keyin uzilgan kalla epizodiga o‘tdi. Uzilgan bosh va konsultantning bashorati uning miyasida Pontiy Pilat haqidagi fikrlarni uyg‘otdi, shunda Ivan, yana ham ishonchliroq bo‘lishi uchun prokurator haqida eshitganlarini batafsil bayon qilishga ahd qildi.

Ivan tirishqoqlik bilan ishlarkan, yozganlarini chizib tashlar, yangi so‘zlar kiritar, hattoki Pontiy Pilatning, undan keyin orqa oyoqlarida turgan mushukning rasmini ham chizishga urinib ko‘rdi. Biroq rasmlar ham yordam bermadi — shoirning arizasi tobora chigallasha, g‘alizlasha bordi.

Qirralari jimirlovchi mudhish bulut yaqinlashib kolib, qarag‘ayzor ustini burkagan va kuchli shamol turgan paytda Ivan o‘zining holsizlanganini, ariza yozishni eplolmasligini his qildi-yu, shamol uchirib yuborgan varaqlarini yerdan yig‘ishtirib ham o‘tirmay, alam bilan tovushsiz yig‘lay boshladi.

Momaqaldiroq paytida oqko‘ngil feldsher ayol Praskovya Fyodorovna shoirdan xabar olgani kirdi, kirdiyu uning yig‘lab o‘tirganini ko‘rib qo‘rqib ketdi va chaqmoqdan bemor cho‘chimasin deb darpardani yopdi, yerda sochilib yotgan varaqlarni yig‘ishtirib, g‘izillagancha vrach huzuriga yugurdi.

Vrach kelib, Ivanning qo‘liga ukol qildi, so‘ng: endi boshqa yig‘lamaysiz, hozir hammasi o‘tib ketadi, o‘zgaradi, unut bo‘ladi, deb unga taskin berdi.

Vrach to‘g‘ri aytgan ekan. Hademay daryo ortidagi o‘rmon avvalgi qiyofasiga kirdi. Avvalgi beg‘ubor holiga qaytgan musaffo osmon ostida o‘rmondagi har bir daraxt yaqqol ko‘zga tashlana boshladi, daryo ham tinch oqa boshladi. Ukol qilishgan zahoti g‘ussa ham shoirni tark eta boshladi, mana endi u o‘z karavotida osmonga yoyilgan kamalakni bamaylixotir kuzatib yotardi.

Bu hol oqshomgacha davom etdi, u kamalakning asta-sekin g‘oyib bo‘lganini ham, osmonning quti o‘chib, mahzun bo‘lganini ham, o‘rmonning qora tusga kirganini ham payqamay qoldi.

Ivan qaynoq sut ichib yana o‘ringa yotdi, mulohazalari o‘zgarganini his qilib, o‘zi ham hayron qoldi. Shaytonnamo la’nati mushuk haqidagi fikri mayinlashdi, uzilgan kalla endi uni cho‘chitmas, shunga ko‘ra, Ivan buni xotirasidan faromush qilib, endi, sira-sini olganda, bu shifoxonada yotish hecham yomon emas, Stravinskiy bama’ni va mashhur odam, u bilan muloqotda bo‘lish nihoyatda ko‘ngilli, buning ustiga momaqaldiroqdan keyin oqshom havosi g‘oyatda totli va tarovatli bo‘larkan, deb o‘ylay boshladi.

Hasrat uyi pinakka ketdi. Sokin yo‘laklardagi sirlangan oq lampalar o‘chib, ular o‘rniga, qoidaga ko‘ra havorang tungi chiroqlar yondi, eshiklar ortida yo‘lakka to‘shalgan rezina poyandoz ustida ohista yurgan feldsher ayollarning oyoq tovushlari tobora kamroq eshitila boshladi.

Endi Ivan shirin orom olib yotarkan, goh shiftdagi abajur ostidan mayin shu’la sochayotgan chiroqqa, goh qora o‘rmon ortidan bosh ko‘tarib chiqayotgan oyga nigoh tashlab, o‘zi bilan o‘zi suhbatlashardi.

— O‘zi nega buncha qattiq hayajonlandima Berliozni tramvay bosib ketganiga? — deb mulohaza qilardi shoir. — Shungayam ota go‘ri qozixonami? Nima, u mening yetti tug‘ib bir qolganimmidi? Agar bu masalani yaxshilab tahlil qilinadigan bo‘lsa, men, hatto durustroq ham bilmas ekanman marhumni. Darhaqiqat, uning to‘g‘risida nima bilardim? Hech narsa, agar uning boshi kal, tili juda burro ekanligini aytmasam. Undan keyin, grajdanlar, — Ivan kimlargadir murojaat qilgancha gapini davom ettirdi, — kelinglar, bir narsani oydinlashtirib olaylik: qani, menga tushuntirib bering-chi, nega endi men anavi bir ko‘zi o‘lik va qora shubhali konsultant, sehrgar va professorga itday tashlandim o‘zi? Sham ushlab olib ichki ishtonda uni orqasidan telbalarcha quvishimning, undan keyin, restoranda ko‘rsatgan bema’nigarchilikning nima keragi bor edi?

— E, yo‘q, yo‘q, — dedi avvalgi Ivan shoirning yo ichida, yo boshi uzra turgan yangi Ivanga qat’iyat bilan, — har qalay, professor Berliozning boshi uzilajagini oldindan bashorat qildimi? Demak, nega hayajonlanmaslik kerak ekan?

— Masala boshqa yoqda, o‘rtoqlar! — deb e’tiroz bildirdi yangi Ivan avvalgi Ivanga. — Buning tagida qandaydir bir palidlik borligi hatto go‘dakka ham ayon. O‘sha konsultant yuz foiz favqulodda va sirli shaxs. Lekin eng qiziq tomoni ham shunda-da! U Pontiy Pilat bilan shaxsan tanish bo‘lgan ekan, bundan ham antiqaroq yana nima bo‘lishi mumkin? Patriarx ko‘li bo‘yida g‘irt ahmoqona g‘alva ko‘targandan ko‘ra undan muloyimlik bilan Pilat va mahbus Ha-Notsri to‘g‘risida batafsil so‘zlab berishni iltimos qilinsa, to‘g‘ri bo‘lmasmidi?

Перейти на страницу:

Похожие книги