— Nima qilyapsizlar, o‘rtoql… — deya pichirladi esi og‘ib qolgan administrator, lekin shu zahoti, jamoatchilik hojatxonasida begunoh odamga hujum qilgan bezorilarni «o‘rtoqlar» deb atash to‘g‘ri kelmasligini tushunib xirilladi: — grajda… — lekin ularning bu nomga ham munosib emasliklarini fahmladi, ayni shu payt ikki bezoridan birining uchinchi dahshatli zarbasiga duch keldiyu burnidan laxta-laxta bo‘lib oqayotgan qon ko‘ylagini bo‘yadi.

— Portfelingda nima bor, yaramas? — deb chiyilladi mushuknamo odam. — Telegrammalarmi? Ularni hech qayoqqa olib borma deb telefonda seni ogohlanti-rishmabmidi? Ogohlantirishuvdimi deb so‘rayapman sendan!

— Ogoh… ogohlash… lantirishuvdi… — deb entika-entika javob qildi administrator.

— Shunga qaramay yugurib qopsan-da? Ber buyoqqa portfelni, gazanda! — boya telefonda eshitilgan manqa ovoz bilan baqirdi ikkinchi maxluq va Varenuxaning titroq qo‘llaridan portfelni tortib oldi.

Keyin ikkovlari administratorni ikki tomondan qo‘ltiqlab olib, uni bog‘dan sudrab chiqishdi-yu, Sadovaya ko‘chasi bo‘ylab g‘izillatib olib ketishdi. Momaqaldiroq tobora kuchliroq gumburlab, daryo bo‘lib oqayotgan yomg‘ir suvi kanalizatsiya o‘pqonlariga guvillab, shovullab tushar, hammayoqda suv sathida «chuchvara kaynar», to‘lqinlar paydo bo‘lar, tomga yoqqan yomg‘ir suvi tarnovlarga sig‘may, ular yonidan sharillab oqib tushar, darvozalar ostidan ko‘piklangan yomg‘ir suvi seldek oqib chiqardi. Sadovaya ko‘chasida bironta ham girik jon qolmagan edi, binobarin, Ivan Savelenichni hech kim xalos eta olmasdi. Chaqmoq chaqqandagina lip-lip ko‘zga tashlangan bezorilar loyqa suv oqimlaridan hatlab, chalajon administratorni bir zumda 302-bis uyiga yetqizib kelishdi-yu, lip etib bostirmaga kirishdi. Bu yerda ikkita yalangoyoq ayol, tufli va paypoqlarini qo‘llariga yechib olgancha devorga suqilib turishardi. Keyin, bezorilar oltinchi pod’ezd eshigi tomon yugurishdi. Hushidan deyarli ketib bo‘lgan Varenuxa beshinchi qavatga olib chiqilib, Styopa Lixodeevning unga yaxshi tanish bo‘lgan kvartirasining nimqorong‘i dahliziga uloqtirildi.

Bu yerda ikki bosqinchi g‘oyib bo‘lib, ular o‘rnida mallasoch, ko‘zlari fosfordek yaraqlovchi qip-yalang‘och bir qiz paydo bo‘ldi.

Varenuxa boshiga tushgan falokatlar ichida eng dahshatlisi shu ekanligini fahmladi, qattiq ingradiyu devor tomon tisarildi. Qiz esa administrator oldiga yuzma-yuz kelib, ikkala qo‘lini uning yelkasiga tashladi. Varenuxaning sochlari dahshatdan tikka turdi, chunki u shalabbo bo‘lgan sovuq ko‘ylagi orqali ham qizning muz singari sovuq kaftlarini his etgan edi. — Kel, seni bir o‘pay, — muloyim ovoz bilan dedi qiz va uning pirpiragan ko‘zlari Varenuxaning ko‘zlariga yaqinlashdi. Shunda Varenuxa hushidan ketdiyu qiz bo‘sasini his etmadi.

<p>O‘n birinchi bob</p><p>IKKI IVAN</p>

Daryoning narigi sohilidagi, bundan bir soatgina burun may quyoshi shu’lasiga g‘arq bo‘lib turgan qarag‘ayzor endi xiralashib, chaplashib, oxiri g‘oyib bo‘ldi.

Deraza tashqarisida sharros quyayotgan yomg‘ir sidirg‘a pardaga o‘xshab tuyulardi. Osmonda dam-badam olov iplar porlab, samo tors-tors yorilar, bemor yotgan xona lipillovchi qo‘rqinchli shu’laga g‘arq bo‘lardi.

Ivan ko‘pirib, qaynab oqayotgan loyqa daryoga tikilgancha o‘z karavotida tovushsiz yig‘lab o‘tirardi. Har gal momaqaldiroq gumburlaganida u ayanchli chinqirar, qo‘llari bilan yuzini qoplab olardi. U yozib tashlagan varaqlar yerda sochilib yotardi; momaqaldiroq arafasida xonaga huvillab esib kirgan shamol ularni har tomonga uchirib yuborgan edi.

Shoirning dahshatli konsultant to‘g‘risida ariza yozishga urinishlari hech qanday samara bermadi. U semiz feldsher ayoldan (uning ismi-sharifi Praskovya Fyodorovna edi) qog‘oz bilan kaltagina qalam olgan zahoti ishchan odamlardek kaftlarini bir-biriga ishqalab shosha-pisha stolcha yoniga o‘tirgan edi. U avvaliga g‘ayrati jo‘shib, xatni shunday boshladi:

«Militsiyaga. MASSOLIT a’zosi Ivan Nikolaevich Bezdomniydan. Ariza. Kecha kechqurun men marhum M. A. Berlioz bilan Patriarx ko‘liga borgan edim…»

Lekin shoirning fikri shu zahotiyoq, asosan «marhum» degan so‘z tufayli chuvalashib ketdi. Ariza boshidan betuturiq bo‘lib chiqayotgan edi: bu qanaqasi o‘zi — marhum… bilan borgan edim? Marhumlar yurmaydi! To‘g‘ri-da, yana jinniga yo‘yib yurishsa-ya!

Ivan Nikolaevich shu xayolga borib, yozganini tuzata boshladi. Endi bunday bo‘lib chikdi: «… keyinroq olamdan o‘tgan M. A. Berlioz bilai…» Bu ham muallifni qoniqtirmadi. Uchinchi marta tahrir qilishga to‘g‘ri keldi, lekin unisi avvalgi ikkitasidan ham battar bo‘lib chiqdi: «…Tramvay bosib ketgan Berlioz bilan…» — yana, buning ustiga anavi hech kim bilmaydigan adash familiyali kompozitorning shoir miyasiga xira pashshadek yopishib olgani ortiqcha, shuning uchun: «… kompozitordan boshqa Berlioz…» — deb qo‘yishga to‘g‘ri keldi.

Перейти на страницу:

Похожие книги