— Ha-Notsri! — dedi jallod.

Ha-Notsri shishib ketgan lablarini zo‘rg‘a qimirlatib, qaroqchilarnikiga o‘xshagan hirqiroq ovoz bilan javob qildi:

— Nima istaysan? Nega kelding?

— Ich! — jallod nayza uchiga o‘rnatilgan lattani chelakdagi suvga botirib Ieshuaning og‘ziga olib bordi. Mahbusning ko‘zlari shodlikdan charaqlab ketdi, u lattani ochko‘zlik bilan so‘ra boshladi. Qo‘shni ustundan Dismasning ovozi eshitildi:

— Adolatsizlik! Men ham unga o‘xshagan qaroqchiman-ku.

Dismas kuchanib ko‘rdi, lekin qimirlay olmadi, chunki har bir qo‘li uch joydan ko‘ndalang to‘singa arqon bilan chandib bog‘langan edi. U boshini Ieshua bog‘langan ustunga qaratgancha, qornini ichiga tortdi, tirnoqlarini to‘sin uchiga botirdi, ko‘zlarida g‘azab uchqunlari yondi.

Maydonchani chang-to‘zon burkadi, qorong‘ilashdi. Shamol to‘zonni uchirib ketgach, kenturion qichqirdi:

— Ikkinchi ustundagi, o‘chir uningni!

Dismas jim bo‘lib qoldi. Ieshua nihoyat lattani og‘zidan qo‘yib yubordi, mayin va qat’iy ovoz bilan gapirishga urinsa ham, baribir buni eplolmay, xirillab jallodga dedi:

— Ungayam ichir!

Zulmat quyuqlasha bordi. Yershalaim sari esayotgan chang-to‘zon endi osmonning yarmini burkab olgan, eng oldinda qora obiyat va o‘tli chaqmoqlarni ortmoqlagan oppoq bulutlar ko‘pirib-toshib borardi. Shundoqqina tepa ustida chaqin chaqib, momaqaldiroq gumburladi. Jallod lattani nayza uchidan oldi.

— Himmatli igemonga hamd ayt! — deb tantanavor ohangda pichirladi u va Ieshuaning yuragiga ohista nayza uchini botirdi. U qaltirab ketib pichirladi:

— Igemon…

Qon uning qornidan oqib tusha boshladi, shunda u bir-ikki marta jon talvasasida iyak qoqdi-yu, so‘ng boshi «shilq» etib osilib qoldi. Momaqaddiroq ikkinchi marta gumburlaganda jallod Dismasga suv ichira boshladi, keyin yana o‘sha:

— Igemonga hamd ayt! — so‘zini takrorlab, uni ham o‘ldirdi.

Telba bo‘lib qolgan Gestas jallodni o‘z ustuni tagida ko‘rishi bilan qo‘rqib chinqirib yubordi, lekin latta lablariga tegishli bilan bir nima deb irilladi-da, uni mahkam tishlab oldi. Bir necha soniyadan keyin uning ham boshi «shilq» osilib qoldi.

Qaytarma qalpoqli odam jallod bilan kenturion orqasidan izma-iz borar, uning orqasidan esa jome soqchilari sardori ergashgan edi. Qaytarma qalpoqli odam birinchi ustun tagida to‘xtab, qonga bo‘yalgan Ieshuani diqqat bilan ko‘zdan kechirdi, oppoq qo‘li bilan uning tovonini ushlab ko‘rib hamrohlariga dedi:

— O‘lgan.

Qolgan ikki ustun tagida ham shu narsa takrorlandi.

Keyin tribun kenturionga imo qildi-da, orqasiga o‘girilib, jome soqchilari sardori va qaytarma qalpoqli odam bilan birgalikda tepadan pastga tusha boshladi. Havo nim qorong‘i bo‘ldi, qop-qora osmonda chaqmoqlar chaqildi. Birdan samodan o‘t yoqilgandek bo‘ldi va kenturionning: «Halqadagi askarlar olinsin!» — degan buyrug‘ini momaqaldiroq sadosi bosib ketdi. Askarlar suyunib ketib, yo‘l-yo‘lakay boshlariga dubulg‘alarini kiyishib, pastga chopib tusha boshladilar. Yershalaimni bu payt zulmat qamrab olgan edi.

Kenturiya askarlari Tepaning yarim beliga yetishganida birdan sharros jala quyib yubordi. Yomg‘ir suvi shu qadar kuchli ediki, u seldek quturib askarlar orqasidan quvib yetdi. Tekis yo‘lga tushib olishga oshiqqan askarlar chalp-chalp loyda tiyg‘anib, dam-badam yiqilishardi. Tekis yo‘lda esa ich-ichigacha jiqqa ho‘l bo‘lib, Yershalaim sari ketayotgan suvoriylar sharros quyayotgan yomg‘ir pardasi orqali ko‘zga tashlanardilar. Yana bir necha daqiqadan so‘ng momaqaldiroq, jala va chaqmoq omixtasi burkab olgan tepada faqat bitta odam qolgan edi. U bejiz o‘g‘irlanmagan pichoqni silkitib, o‘ydim-chuqur joylardan tiyg‘anib, to‘g‘ri kelgan har bir narsaga yopishib, kezi kelganda emaklab ustunlar sari shoshilardi. U goh quyuq zulmat qo‘ynida g‘oyib bo‘lar, goh parpiragan chaqmoq shu’lasi ostida ko‘zga yaqqol tashlanardi.

Mana, nihoyat u ustunlar poyiga yetib kelib, to‘pig‘igacha suvga botgan holda, yomg‘irda bo‘kib, zil bo‘lib ketgan tallifini yechib tashladi, ko‘ylakchan holda Ieshuaning oyoqlaridan quchdi. Avvalo uning boldirini bog‘lagan arqonni kesib tashladi, so‘ng pastki to‘singa oyog‘ini qo‘yib chikdi-da, Ieshuaning jasadini quchoqlab turib uning yuqori to‘singa bog‘langan qo‘llarini bo‘shatdi. Yalang‘och va jiqqa ho‘l jasad Leviyni yerga yiqitib, ustiga bosib tushdi. Leviy shu zahotiyoq uni yelkasiga ortmoqlamoqchi bo‘ldi-yu, lekin ko‘ngliga bir fikr kelib, niyatidan qaytdi. U qulochi kerilgan jasadni chalqancha yotganda yomg‘ir suvida qoldirib, balchiqda tiyg‘anganidan oyoqlari har tomonga kerila-kerila, boshqa ustunlar tomon yugurdi. U ustunlardagi arqonlarni ham kesib gashlagan edi, jasadlar yerga tushdi…

Oradan bir necha daqiqa o‘tgach, tepa boshida faqat shu ikki jasad bilan uchta ustun qo‘qqayib qolgan edi. Jala jasadlarni savalar, sel oqizib ag‘darardi.

Bu payt tepa boshida Leviy ham, Ieshuaning jasadi ham qolmagan edi.

<p>O‘n yettinchi bob</p><p>BEXALOVAT KUN</p>
Перейти на страницу:

Похожие книги