Juma kuni, ya’ni kasofat seansning ertasi ertalab Varetening barcha mavjud xodimlari — buxgalter Vasiliy Stepanovich Lastochkin, ikki hisobchi, uchta mashinistka, ikkala kassir, kurerlar, kapeldinerlar va farrosh ayollar — xullas, xodimlarning bari o‘z ishlari bilan shug‘ullanmasdan, Sadovayaga ochiladigan derazalarga o‘tirib olishib, Varete ostonasida yuz berayotgan voqeani kuzatishardi. Bu yerda ko‘p ming kishilik olomon ikki qator bo‘lib navbatda turar, uning oxiri Kurdin maydoniga yetgan edi. Olomonning eng oldida Moskva teatr muhitiga otning qashqasidek tanish bo‘lgan chayqovchilardan yigirmatachasi turardi.

Navbatda turganlar nihoyatda bezovtalanib o‘tgan-ketganning diqqatini o‘ziga tortar, kechasi sehrgarlik seansi haqida tarqalgan g‘aroyib hikoyalarni muhokama qilar edi. Aynan shu hikoyalar kecha spektaklda bo‘lmagan buxgalter Vasiliy Stepanovichni qattiq esankiratib qo‘ygan edi. Kapeldinerlar allanimalarni, chunonchi o‘sha mashhur seans tugagandan keyin ba’zi bir ayollarning ko‘chada uyatli qiyofada chopib yurgani va shunga o‘xshash hokazo voqealarni hikoya qilishardi. Kamtarin va vazmin tabiat Vasiliy Stepanovich mana shu mo‘’jizalar to‘g‘risidagi oddi-qochdi gaplarni eshitib, angraygancha faqat ko‘zlarini pirpiratardi-yu, qanday ish tutishni bilmay boshi qotardi, holbuki, aynan shu Vasiliy Stepanovich biror tadbir o‘ylab topishi kerak edi, chunki Varetening barcha xodimlari orasida eng yuqori martabadagi odam bo‘lib endi shu qolgan edi.

Ertalabki soat o‘nga borib, biletga talabgorlar shunchalik ko‘payib, hammayoqni bosib ketdiki, ovozasi militsiyaga ham yetib borib, ko‘z ochib-yumguncha vaqt o‘tmay, teatr oldida ham piyoda, ham otliq rshryadlar paydo bo‘ldi va navbatda turganlar o‘rtasida ozmi-ko‘pmi tartib o‘rnatdi. Biroq, bir kilometrga cho‘zilgan bu odamlar tizmasi, garchi endi tartibga kelgan bo‘lsa ham, Sadovaya ko‘chasidan o‘tgan grajdanlarni hamon hayratga solardi.

Bu tashqaridagi ahvol edi, lekin Varetening o‘zida ham axvol juda chatoq edi. Erta tongdan boshlab Lixodeevning ham, Rimskiyning ham kabinetidagi, buxgalteriyayu kassadagi, Varenuxaning kabinetidagi telefonlar to‘xtovsiz jiringlay boshladi. Avvaliga Vasiliy Stepanovich, kassir ayol bir amallab javob qilib turishdi, kapeldinerlar ham bir nimalarni g‘o‘ldirab javob qaytarishdi, lekin keyin, bora-bora trubkani butunlay ko‘tarmay qo‘yishdi, chunki, Varenuxa, Rimskiy qaerda, degan savolga javob qaytarish mutlaqo mumkin emas edi. Oldiniga, «Lixodeev o‘z kvartirasida», degan javob bilan qutulmoqchi ham bo‘lishdi, lekin shahardan telefon qilayotganlar: «Lixodeevnikiga qo‘ng‘iroq qilgan edik, uni Vareteda deb aytishdi», deyishardi.

Qattiq hayajonlangan bir xonim telefon qilib, Rimskiyni talab qila boshladi, unga: «Siz Rimskiyning xotiniga telefon qiling», deb maslahat berishgan edi, telefondagi ayol ho‘ngrab yig‘lab yuborib: «O‘zim xotiniman, Rimskiy hech yerda yo‘q», deb javob qildi. O‘ta bema’nilik yuz berayotgan edi. Farrosh ayol moliya direktorining kabinetini yig‘ishtirgani kirib, kabinetning eshigi lang ochiq yotgani, chiroqlar o‘chirilmagani, boqqa ochiladigan derazaning singani, kreslo yerda ag‘anab yotgani-yu, ammo kabinetda hech kimni ko‘rmaganini hammaga yoyib bo‘lgan edi.

Soat o‘ndan oshganda Varetega Rimskaya xonim otilib kirib keldi. U yum-yum yig‘lar, qattiq kuyunardi. Vasiliy Stepanovich xonimga nima maslahat berishni ham bilolmay, muglaqo esankirab qoldi. Soat o‘n yarimga borib militsiya yetib keldi. Militsiya bergan oirinchi va asosli savol bunday bo‘ldi:

— Nima bo‘lyapti o‘zi teatringizda, grajdanlar? Nima gap?

Varete komandasi orqaga tisarilib, rangi quv o‘chgan, tashvishli Vasiliy Stepanovichni militsiyaga ro‘para qildi. Shunda gapning ochig‘ini aytib, Varetening direktori, moliya direktori va administratoridan iborat ma’muriy hay’atining noma’lum tomonga ketib, g‘oyib bo‘lganini, konferansening esa kechagi seansdan keyin jinnixonaga olib ketilganinii, xullasi kalom, kechasi seansning g‘irt rasvo seans bo‘lganini e’tirof etishga to‘g‘ri keldi.

Перейти на страницу:

Похожие книги