Yig‘lab o‘tirgan oyimqiz birdan seskanib ketib: — Ana, yana boshlandi! — deb chinqirdi jazavasi tutib va dabdurustdan titroq ovoz bilan kuylay boshladi:
Shu payt zina boshida paydo bo‘lgan kurer musht tugib kimgadir po‘pisa qildi va o‘zining jilosiz, xira bariton ovozi bilan oyimqizga jo‘r bo‘ldi:
Kurerning ovoziga olis xonalardan boshqalarning ham ovozi qo‘shilib, xor vujudga kela boshladi va nihoyat, bu qo‘shiq filialning hammayog‘ida yangray boshladi. Hisoblash-tekshiruv bo‘limi joylashgan eng yaqin 6-xonadan kelayotgan ovozlar orasida kimningdir xiyol hirqiroq, ammo juda kuchli yo‘g‘on ovozi ajralib turardi. Telefon apparatlarining tobora kuchaya boshlagan qo‘ng‘iroqlari bu xorga jo‘rlik qilardi.
deb bo‘kirardi kurer zinada turib.
Qizning ko‘z yoshlari marjon-marjon bo‘lib oqar, tishlarini g‘ijir qilishga urinar, lekin og‘zi o‘z-o‘zidan ochilib, kurerdan bir parda yuqori tovushda kuylardi:
Molodtsu bp’ nedalechko!
Filialga ish bilan kelib, lol bo‘lib serrayib qolgan odamlarni ko‘proq hayratga solgan narsa shu ediki, xor qatnashchilari garchi binoning turli tomonlarida bo‘lishsa ham, go‘yo ko‘rinmayotgan dirijyordan ko‘z uzmay turganday, juda ravon va uyg‘un kuylashardi.
Vagankovskiy tor ko‘chasidan o‘tayotgan odamlar hovlini o‘ragan panjara oldida to‘xtashib, filialda bo‘layotgan vaqtichog‘likdan hayron bo‘lishardi.
Qo‘shiqning birinchi bandi tugashi bilan xor yana go‘yo dirijyor ishorasi bilan birdan kuylashdan to‘xtadi. Kurer ohista so‘kinib, xonaga kirib ketdi. Shu mahal filialning hovli eshigi ochilib, oq xalat ustidan avra palto kiygan bir grajdanin bilan militsioner kirib keldi.
— Jon doktor, biron ilojini qiling, — deb azza-bazza chinqirdi qiz.
Zina boshiga filial kotibi otilib chiqdi, xijolatpazlikdan bo‘lsa kerak, duduqlanib dedi:
— Bilasizmi, doktor, biz hammamiz qandaydir ommaviy gipnoz ta’siriga uchraganga o‘xshaymiz… Shunga ko‘ra, albatta… — u gapini tugata olmadi, so‘zlar tomog‘iga tiqilib qolib, birdan tenor ovoz bilan kuylay boshladi:
Shilka i Nerchinsk…
— Ahmoq! — deb chinqirdi qiz, lekin kimni haqorat qilganini izohlashga ulgurolmadi, buning o‘rniga o‘zi o‘sha Shilka va Nerchinsk to‘g‘risida kuylashga majbur bo‘ldi.
— O‘zingizni qo‘lga oling! Ko‘ylashni bas qiling! — dedi doktor kotibga.
Holbuki kotibning o‘zi ham, ko‘rinishidan qo‘shiq aytmaslik uchun ko‘p narsadan voz kechishga tayyor edi, biroq, nima qilsinki, qo‘shiq aytishdan o‘zini to‘xtata olmasdi, shunga ko‘ra u xorga qo‘shilib bandning oxirigacha ijro etib ko‘chadan o‘tganlarning diqqatini o‘ziga tortdi.
Band tugashi bilan birinchi bo‘lib sotuvchi qiz vrachdan valerianka oldi, shundan so‘ng vrach boshqalarga ham valerianka ichirish uchun kotib orqasidan yugurib ketdi.
— Meni afv etasiz, yaxshi qiz, — deb Vasiliy Stepanovich sotuvchi qizga yuzlandi, — filialingizga kirmaganmidi qora mushuk?..
— Yana qanaqa mushuk? — deb chiyilladi jahl bilan qiz, — bitta eshshak o‘tiripti filialimizda, eshshak! — shunday deb turib, yana ilova qildi: — Mayli, eshitsin! Hammasini gapirib beraman, — shundan keyin u yuz bergan butun voqeani so‘zlab berdi.
Ma’lum bo‘lishicha, shahar filialining «engil tomoshalar ishini tamoman barbod qilgan» (sotuvchi qiz ta’biri) mudiri har xil to‘garaklar ochishga ishqiboz ekan.
— Rahbarlarni shu yo‘l bilan go‘sxo‘r qilib kelyapti! — deb baqirdi qiz.
Mudir shu bir yil mobaynida Lermontovni o‘rganish, shaxmat-shashka, ping-gyung va chavandozlik to‘garaklarini ochibdi. Yoz kelsa, hali yana eshkak eshish va alpinistlar to‘garaklarini ham tashkil qilmoqchimish.
— Mana, bugun esa tushlik tanaffus paytida… — deb hikoyasini davom ettirdi qiz, — mudir allaqanday bir itvachcha bilan qo‘ltiqlashib kirib keldi… egnida katak matodan shim, ko‘ziga shishasi darz ketgan pensne taqqan… basharasi — xuddi hozir go‘rdan chiqqanga o‘xshaydi!
Sotuvchi qizning gapicha, mudir u odamni o‘sha zahoti, filialning oshxonasidayoq ovqatlanib o‘tirgan xodimlarga, xor to‘garaklarini tashkil qilish bo‘yicha yirik mutaxassis, deb tanishtiripti.
Bo‘lg‘usi alpinistlarping qovoqlari osilib tushgan, albatta, lekin mudir hammani bardam bo‘lishga undabdi, xor mutaxassisi bo‘lsa ham hazil, ham qochiriq gaplar aytib, qo‘shiq o‘rganish uchun arzimagan naqt kerak bo‘lishi, vaholanki, uning bir olam foyda keltirishi haqida ont ichib ishontiriiti.