Har safargiday, sotuvchi qizning aytishicha, filialning taniqli xushomadgo‘ylari Fanov bilan Kosarchuklar birinchi bo‘lib otilib chiqishib, xor to‘garagiga yozilishga rozilik berishipti. Shunda qolgan xizmatchilar ham qo‘shiq aytishdan qochib qutulib bo‘lmasligini tushunishib, to‘garakka yozilishgan. Qo‘shiqni tushlik tanaffus paytida aytishga qaror qilishipti, chunki qolgan vaqtlar Lermontov va shashka bilan band ekan. Mudir kollektivga o‘rnak ko‘rsatish uchun o‘zining tenor ovozi borligini e’lon qilipti, shundan keyin hamma narsa xuddi yomon tushdek boshlanib ketipti. Katak shim kiygan mutaxassis — xormeyster:

— Do-mi-sol-do! — deb baqiripti-da qo‘shiq aytishdan qochib shkaf orqasiga yashiringan uyatchanlarni tortib chiqipti. Kosarchukka esa, musiqiy hofizangiz g‘oyatda zo‘r, deb g‘inshiy, ingray boshlapti va, men — qari qo‘shiqchi — regentning so‘zini yerda qoldirmang, deb yolborib, kamertonni jingillatib chertib, «Slavnoe more» qo‘shig‘ini bir gumburlatib olasiz endi, deb iltimos qilipti.

Gumburlatib olishipti. Olishgandayam juda yaxshi olishipti. Katak shim kiygan regent chindanam o‘z ishini yaxshi bilar ekan. Birinchi bandni oxiriga yetkazishganda regent uzr so‘rab: «Menga bir daqiqaga ruxsat!» — debdi-yu… g‘oyib bo‘lipti. Hamma uni, hozir, bir daqiqadan keyin qaytib keladi, deb o‘ylagan. Lekin oradan o‘n daqiqa vaqt o‘tsa ham undan darak bo‘lmapti. Filial xodimlarining ko‘ngli yorishib ketipti — regent qochdi, deb o‘ylashgan-da.

Lekin shu payt birdan hammalari qo‘shiqning ikkinchi bandini kuylay boshlashipti, Kosarchuk ularga bosh bo‘lipti: ehtimol uning musiqiy hofizasi unchalik zo‘rmasdir-u, ammo ovozi xiylagina yoqimli baland tenor ekan. Qo‘shiq tugapti. Regentdan darak yo‘q! Hamma joy-joyiga tarqala boshlagan, lekin o‘z o‘rinlariga borib ulgurishmasdan, xohlashmasalar ham yana qo‘shiq boshlashipti. Hech o‘zlarini to‘xtatisha olmapti. Ikki-uch minut jim o‘tirisharmish-da, yana badanglatisharmish. Bir zum jim o‘tirib, yana badanglatisharmish! Ana shunda falokat yuz berganini tushunishipti. Mudir sharmanda bo‘lganidan o‘z kabinetiga kirib, ichidan qulflab olipti.

Shu yerga kelganda qizning hikoyasi uzildi. Valeryanka ham kor qilmagan edi.

Yana chorak soatdan keyin Vagankovskiy tor ko‘chasidagi panjara devor oldiga uchta yuk mashinasi kelib to‘xtadi, filialning barcha xodimlari mudir boshchiligida shu mashinalarga chiqishdi.

Birinchi mashina bir chayqalib darvozadan tor ko‘chaga chiqishi bilan kuzovda bir-birlarining yelkalaridan ushlab zich turgan xizmatchilar og‘izlarini ochishdiyu butun ko‘chani boshlariga ko‘tarib, ommaviy qo‘shiqni ijro eta boshladilar. Ikkinchi yuk mashinasi, undan keyin uchinchi mashinadagilar ham ularga jo‘r bo‘lishdi. Xodimlar shu tarzda jo‘nab ketishdi. Ko‘cha-ko‘yda o‘z ishlari bilan yugurib yurgan odamlar yuk mashinalariga qiyo boqib qo‘yisharkan, hech ajablanishmasdi, chunki ularni shahar tashqarisiga ketayotgan ekskursiyachilar deb o‘ylashardi. To‘g‘ri, ular chindanam shahar tashqarisiga ketishayotgan edi, ammo ekskursiya emas, balki professor Stravinskiyning shifoxonasiga yo‘l olishgan edi.

Tamomila esi og‘ib qolgan buxgalter yarim soatdan keyin tomoshaxonalar sektorining moliya bo‘limiga yetib bordi, bu yerda u qo‘lidagi davlat sarmoyasidan tezroq qutulish niyatida edi. Uning ko‘zi pishib qolgan edi, shunga ko‘ra cho‘zinchoq zalga oldin ehtiyotlik bilan asta mo‘raladi — bu yerda oltin harflar yozilgan sirlangan oynalar ortida xizmatchilar ishlab o‘tirishardi. Buxgalter bu yerda hech qanday vahima yo betartiblik alomatini ko‘rmadi. Botartib idoralarda bo‘lgani singari bu yerda osoyishtalik hukm surardi.

Vasiliy Stepanovich: «Pul qabul qilinadi», deb yozilgan oynaga boshini sukdi, notanish bir xizmatchi bilan salomlashdi va muloyimlik bilan kirim orderi blankini so‘radi.

— Nima qilasiz uni? — deb so‘radi xizmatchi. Buxgalter taajjublandi.

— Pul topshirmoqchiman. Varetedanman.

— Bir daqiqa sabr qiling, — dedi xizmatchi va tuynukni simto‘r bilan to‘sdi.

«Qiziq!» — deb o‘yladi buxgalter. U to‘g‘ri ajablanayotgan edi. Chunki bunday holni umrida birinchi marta uchratishi edi. Hamma biladi: pul olish qiyin; bu ishda hamisha biron ishkallik topilishi mumkin. Lekin buxgalter o‘zining o‘ttiz yillik ish tajribasida bironta odamning, xoh u adliya vakili, xoh xususiy shaxs bo‘lsin, pul topshirishda qiynalganini ko‘rmagan edi.

Mana, nihoyat simto‘r ochilib, buxgalter yana boshini oynaga tiqdi.

— Ko‘pmi topshiradigan pulingiz? — deb so‘radi xizmatchi.

— Yigirma bir ming yetti yuz o‘n bir so‘m.

— O‘hho‘! — dedi xizmatchi negadir kinoyaviy oxdngda va buxgalterga yashil blank uzatdi.

Buxgalter o‘ziga yod bo‘dib ketgan blankni bir zumda to‘ldirib, pul o‘ralgan paketning kanopini yecha boshladi. U paketni yechdiyu birdan ko‘zi jimirlab ketdi, qattiq iztirobda bir nima deb g‘o‘ldiradi.

Uning ko‘z oldida chet el pullari yotardi. Bu yerda pachka-pachka Kanada dollarlari, ingliz funtlari, golland guldenlari, Latviya latlari, eston kronlari bor edi…

Перейти на страницу:

Похожие книги