U odam yana poyintar-soyintar javob qiddi. Lekin bu g‘aliz javobdan, rais kvartirasida yo‘q, degan ma’noni anglasa bo‘lardi.

— Qachon bo‘ladi?

Stol ortida o‘tirgan odam bu savolga javob bermay, qandaydir hasrat bilan derazaga qaradi.

«Ihi!» — dedi o‘ziga-o‘zi farosatli Poplavskiy va kotibni so‘radi.

G‘alati odam xuddi mushkul ahvolga tushganday cho‘g‘ bo‘lib qizarib ketdi va yana poyintar-soyintar g‘o‘ldirab, kotib ham yo‘q… qachon kelishi ham ma’lum emas, xullas… kotib kasal… deganday bo‘ldi.

«Aha!..» — dedi o‘zicha Poplavskiy: — Lekin boshqarma a’zolaridan biron kishi bormi?

— Men, — hazin ovoz bilan javob qildi u odam.

— Gap bunday, — deb salobat bilan gapira boshladi Poplavskiy. — Kamina marhum jiyanim Berliozning yagona vorisi hisoblanaman — maTumingizki, u Patriarx ko‘li yaqinida halok bo‘ldi — binobarin, qonun bo‘yicha men bizning elliginchi kvartiramizni meros tariqasida qabul qilib olishim…

— Bexabarman, o‘rtoq, — deb so‘zini bo‘ldi tund odam.

— Kechirasiz, — dedi jarangdor ovoz bilan Poplavskiy, — siz boshqarma a’zosi sifatida…

Shu payt xonaga bir grajdanin kirib keddi. Stol ortida o‘tirgan odam uni ko‘rdiyu dokadek oqarib ketdi.

— Boshqarma a’zosi Pyatnajko sizmisiz? — deb so‘radi undan kirgan odam.

— Men, — eshitilar-eshitilmas javob qaytardi u. Kirgan odam Pyatnajkoning qulog‘iga bir nima deb pichirlagan edi, u sarosimada o‘rnidan turdi-yu, yana bir necha soniyadan keyin boshqarma xonasida Poplavskiy yolgiz o‘zi qoldi.

«Eh, chatoq bo‘ldi-da! Kelib-kelib, birvarakayiga hammalarini…» — deb o‘yladi o‘kinch bilan Poplavskiy asfalt yotqizilgan hovlidan o‘tib, 50-kvartira tomon shosharkan.

Maksimilian Andreevich qo‘ng‘iroq tugmasini bosgan hamonoq eshik ochildiyu, u qorong‘i dahlizga kirdi. Uni bir qadar taajjubda qoldirgan hol shu bo‘ldiki, eshikni kim ochgani ma’lum emas edi, chunki dahlizda stulda cho‘qqayib o‘tirgan bahaybat bir mushukdan boshqa hech qanday jonzot yo‘q edi.

Maksimilian Andreevich, o‘zini sezdirish uchun yo‘talib, yer tepinib qo‘ydi. Shunda kabinet eshigi ochilib, dahlizga Korovyov chiqdi. Maksimilian Andreevich unga nazokat bilan, ammo o‘z qadrini yo‘qotmagan holda ta’zim qilib, dedi:

— Familiyam Poplavskiy. Men marhum Berliozning…

U gapini tugatib ham ulgurmagan edi, Korovyov cho‘ntagidan isqirt bir ro‘molcha olib, u bilan og‘iz-burnini yopgancha yig‘lab yubordi.

— … pochchasi bo‘laman…

— Bo‘lmasam-chi, bilaman, — deb uning so‘zini bo‘ldi Korovyov ro‘molchani yuzidan olarkan. — Bir ko‘rishdayoq siz ekanligingizni fahmladim! — dedi u butun vujudi bilan silkinib yum-yum yig‘larkan: — Qanday musibat, a? Nimalar bo‘lyapti o‘zi? A? — deb qo‘shib qo‘ydi.

— Tramvay bosib ketdimi? — pichirlab so‘radi Poplavskiy.

— Voy, sekinroq aytasizmi, — deb chinqirib yubordi Korovyov, uning pensnesi ostidan ko‘z yoshla-ri duv-duv oqa boshladi, — bosganda qandoq! O‘z ko‘zim bilan ko‘rdim. Ishonasizmi — boshi… cho‘rt uzilib ketdi!.. Ung oyog‘i qars etib ikki bo‘lak bo‘ldi! Chap oyog‘i qars etib ikki bo‘lak bo‘ldi! Mana shunaqa bir balo jan bu tramvay degani! — Keyin Korovyovning yana xo‘rligi keldi shekilli, ko‘zgu yonidagi devorga yuzini bosib, butun vujudi bilan silkinib ho‘ng-ho‘ng yig‘lay boshladi.

Bu notanish odamning xatti-harakati pochchani qattiq hayratga soldi. «Bizning zamonda rahmdil odamlar qolmagan deyishadi, mana, bor ekan-u!» — deb o‘yladi u o‘zining ham xo‘rligi kela boshlaganini his qilib, lekin shu zahoti uning miyasidan, tag‘in bu rahmdil odam marhumning kvartirasiga o‘zini propiska qilib ulgurgan bo‘lsa-ya, degan fikr lip etib o‘tdi, zero hayotda bunday hollar ham bo‘lib turadi.

— Afv etasiz, siz mening rahmatli Mishamning do‘stimidingiz? — deb so‘radi u qup-quruq chap ko‘zini yengi bilan artarkan, o‘ng ko‘zi bilan g‘amga botgan Korovyovni kuzatib. Lekin u uyni buzgudek bo‘lib shunaqa ho‘ngrab yig‘lardiki, takror-takror qaytarilgan «cho‘rt uzildi, ikki bo‘lak bo‘ldi!» — degan so‘zlardan boshqa hech nimani anglab bo‘lmasdi. Korovyov ho‘ngrab-ho‘ngrab xumordan chiqqach, yuzini devordan uzib dedi:

— Yo‘q, ortiq chidolmayman! Borib efir valeryankasidan uch yuz tomchi ichmasam bo‘lmaydi! — shundan keyin u ko‘z yoshidan jiqqa ho‘l yuzini Poplavskiyga o‘girib ilova qildi: — Mana sizga tramvayning kasofati!

— Kechirasiz, menga telegrammani siz yuborganmidingiz? — deb so‘radi Maksimilian Andreevich, bu g‘ayritabiiy yig‘loqi odam kim bo‘ldiykin, deb hamon peshanasini tirishtirib o‘ylarkan…

— Anavi! — dedi Korovyov barmog‘i bilan mushukni ko‘rsatarkan.

Poplavskiy, yanglish eshitdim, deb o‘ylab baqrayib qoldi.

— Yo‘q, chidolmayman, yig‘lashga ortiq majolim qolmadi, — deb davom etdi Korovyov burnini «sho‘lq-sho‘lq» tortarkan, — eslasam: g‘ildirak sho‘rlikning oyog‘ini… bitta g‘ildirak kamida o‘n pud kelar-ov… Qars etib! Borib yotib, pinakka ketmasam, ortiq chidolmayman, — shunday dediyu dahlizdan g‘oyib bo‘ldi.

Mushuk esa o‘rnidan qo‘zg‘aldi, stuldan «tap» etib sakrab tushib, orqa oyoqlariga turdi, old oyoqlarini beliga qo‘ydi-da, og‘zini pattoyi kavushdek ochib, tilga kirdi:

Перейти на страницу:

Похожие книги