— Aytib berolmaysizmi, grajdanin, — deb ma’yus ohangda so‘radi jujuncha kostyum kiygan odam, — nomer elliginchi kvartira qaerda?
— Yuqorida! — dedi Poplavskiy javobni qisqa qilib.
— Behad minnatdorman, grajdanin, — dedi jikkak odam hamon mungli ohangda va yuqoriga ko‘tarila boshladi. Poplavskiy esa o‘rnidan turib, pastga yugurib tushib ketdi.
Maksimilian Andreevich, kuppa-kunduz kuni uni vahshiyoa talagan bezorilar ustidan shikoyat qilgani militsiyaga shoshmayaptimikin, degan savol tug‘iladi. Yo‘q, aslo, deb qat’iy ishonch bilan aytish mumkin. Militsiya idorasiga borib, mana, hozir ko‘zoynak taqqan mushuk pasportimni o‘qidi, keyin triko kiygan, pichoq taqqan odam… deb shikoyat qilsinmi… yo‘q, grajdanlar, Maksimilian Andreevich haqiqatan ham dono odam edi!
U pastga tushib, ko‘cha eshikning yonginasida qandaydir bir hujrani ko‘rib qoldi. Hujra eshigining oynasi singan edi. Poplavskiy pasportini yoniga solib qo‘ydi-da, yuqoridan tashlab yuborilgan narsalarini qidirib, atrofga ko‘z yugurtira boshladi. Lekin u narsalardan asar ham yo‘q edi. Bu hol Poplavskiyni deyarli hech ranjitmadi, qizig‘i shundaki, ranjimaganidan o‘zi ham hayron qolgan edi. Hozir xayoli uni vasvasaga soluvchi boshqa ajoyib fikrga qaratilgan edi — u anavi qarg‘ish tekkan kvartirani hozir yuqoriga ko‘tarilgan jikkak odam timsolida yana bir sinab ko‘rish ishtiyoqida yonardi. Darhaqiqat: baski, u odam kvartirani so‘ragan ekan, demak, bu yerga birinchi kelishi. Demak, u hozir to‘ppa-to‘g‘ri 50-kvartirani makon qilib olgan bezorilar panjasiga borib tushadi. Poplavskiy, bu jikkak odamni juda tez qaytib chiqadi deb faraz qilgan edi. Turgan gapki, Maksimilian Andreevich endi hech qanaqa jiyanining hech qanday dafn marosimiga shoshilmas, Kiev poezdining jo‘nashiga esa hali ancha vaqt bor edi. Ekonomist u yoq-bu yoqqa qarab qo‘yib, «lip» etib hujraga kirib oldi. Xuddi shu mahal ancha yuqorida eshik ochilib yopilgani eshitildi. «Ana, u kirdi!» — deb o‘yladi Poplavskiy yuragini hovuchlagancha. Hujra ichi salqin edi, undan sichqon va etik hidi kelardi. Maksimilian Andreevich bir to‘nka ustiga o‘tirib, tashrif natijasini kutishga ahd qildi. U qulay kuzatuv joyi tanlagan edi, bu yerdan ko‘cha eshik yaqqol ko‘rinib turardi.
Biroq kievlik pochcha bu yerda ko‘zlagan muddatidan ko‘proq kutib qoldi. Zina, negadir, hanuz bo‘m-bo‘sh edi. Shuning uchun «tiq» etgan tovush ham eshitilardi. Mana, nihoyat, beshinchi qavatda eshik ochildi. Poplavskiy toshday qotib qoldi. Ha, o‘shaning oyoq tovushi, «Tushib kelyapti». Bir qavat pastdagi eshik ochildi. Oyoq tovushi tindi. Ayol ovozi. G‘amgin odamning ovozi… ha, o‘shaning ovozi… U, «azbaroyi xudo, tinch qo‘ying…», degandek g‘o‘ldiradi. Poplavskiy ding qulog‘ini siniq oynadan chiqarib turardi, Shu qulog‘iga ayol kishining kulgisi chalindi. Shaxdam-shaxdam yurib pastga tushib kelayotgan oyoq tovushi; mana u g‘izillab o‘tgan ayolni orqasidan ko‘rib qoldi. Qo‘liga ko‘k kleyonka sumka ko‘tarib olgan bu ayol eshikni ochib hovliga chiqib ketdi. Anavi jikkak odamning oyoq tovushi yana eshitila boshladi. «Qiziq, u yana o‘sha kvartiraga qaytib chiqyapti. Mana, yana yuqori qavatdagi eshik ochildi. Hay, nachora, yana kutamiz».
Bu safar endi ko‘p kutishga to‘g‘ri kelmadi. Eshik ochildi. Oyoq tovushi. Tovush tindi. Jon achchig‘ida chinqiriq. Mushuk miyovladi. Juda tez, pildirab tushib kelayotgan oyoq tovushi, pastga, pastga, pastga!
Poplavskiy niyatiga yetdi. Boyagi g‘amgin odam bir nimalarni g‘o‘ldirab cho‘qina-cho‘qina g‘izillab o‘tdi, uning kal boshi timdalangan, shimi jiqqa ho‘l, basharasi mutlaqo telbayona edi. U qo‘rqib ketganidan eshikning qayoqqa ochilishini bilolmay, jonholatda bandidan yulqib torta boshladi, nihoyat, bir amallab uni ochib, oftobro‘ya hovliga otilib chiqib ketdi.
Shunday qilib, kvartira tekshiruvdan o‘tdi, Maksimilian Andreevich endi marhum jiyanini ham, kvartirani ham o‘ylamay, o‘z boshidan kechirgan xatarni eslaganda «qatl-qatl» titrab, nuqul: «Hammasi tushunarli! Hammasi tushunarli!» — deb ikki og‘iz so‘zni pichirlagancha hovliga yugurib chikdi. Yana bir necha daqiqadan keyin rejalashtiruvchi iqtisodchi trolleybusda Kiev vokzali tomon yelib ketdi.
Poplavskiy pastda, hujrada o‘tirgan paytda jikkak odamning boshiga g‘oyat ko‘ngilsiz savdo tushgan edi. U Vareteda bufetchi bo‘lib, ismi-sharifi Andrey Fokich Sokov edi. Vareteda tergov ishlari olib borilayotgan paytda Andrey Fokich butui voqeadan o‘zini chetga olib yurgan edi, lekin odamlar uning shundoq ham hamisha ma’yus chehrasi yana ham ma’yuslashganini payqashgan edi, bundan tashqari, u kurer Karpovdan musofir sehrgarning qaerda yashab turganini surishtirgan edi.
Shunday qilib, bufetchi zina maydonchasida ekonomistdan dars so‘ragach, beshinchi qavatga chiqib borib, 50-kvartiraga qo‘ng‘iroq qildi.