— Ha, men yuborgandim telegrammani. Xo‘sh, nimaydi?
Maksimilian Andreevichning shu zahoti ko‘zi tinib, boshi aylanib ketdi, oyoq-qo‘llari shol bo‘lib qoldi, chamadonini tushirib yuborib, mushukning ro‘parasida stulga o‘tirib qoldi:
— Men rus tilida gapiryapman shekilli, — dedi mushuk dag‘dag‘a bilan, — xo‘sh, yana nima deysiz?..
Biroq Poplavskiy «churq» etib ham javob qila olmadi.
— Pasportingiz! — deb miyovladi mushuk va momiq panajsini uzatdi.
Butunlay esi og‘ib qolgan Poplavskiy mushuk ko‘zlarida yonib turgan ikkita uchqundan boshqa hech nimani ko‘rmay, cho‘ntagidan pasportini xuddi xanjarni qindan sug‘urganday chiqardi. Mushuk ko‘zgu ostidagi stolchada yotgan qalin qora gardishli ko‘zoynakni olib taqib, yana ham savlatliroq bo‘lib ketdi va Poplavskiyning dag‘-dag‘ qaltirayotgan qo‘lidan pasportni yulqib oldi.
«Qiziq, hushimdan ketarmikinman yo yo‘qmi?» — deb o‘yladi Poplavskiy. Olisdan hamon Korovyovning piqillab yig‘lagani eshitilar, dahlizni efir, valeryanka va yana allaqanday badbo‘y narsaning hidi tutib ketgan edi.
— Hujjatni qaysi militsiya bo‘limi bergan? — deb so‘radi mushuk pasportni varaqlarkan. Javob bo‘lmadi.
Mushuk teskari ushlab olgan pasport bo‘ylab panjasini yuritarkan o‘ziga-o‘zi dedi: — To‘rt yuz o‘n ikkinchi bo‘lim… ha, to‘g‘ri, o‘n ikkinchi! Menga tanish bu bo‘lim! U yerda itgayam-bitgayam pasport beraverishadi! Lekin men, masalan, sizga bermasdim. Sirayam bermasdim! Basharangizga bir qarardimu darhol rad etardim! — Mushukning achchig‘i chiqib, pasportni yerga otib yubordi. — Sizning dafn marosimiga qatnashishingiz bekor qilinadi, — deb davom etdi mushuk rasmiyatchilik bilan. — Darhol o‘z turar joyingizga jo‘nab keting. — So‘ng eshik tomonga o‘girilib shang‘illadi: — Azazello!
Shu mahal dahlizga egnidagi qora trikosi badaniga chippa yopishib turgan, pak-pakana, belidagi kamariga pichoq qistirib olgan, mallasoch, chap ko‘ziga oq tushgan, sap-sariq so‘yloq tishli cho‘loq odam otilib chiqdi.
Poplavskiy xuddi havo yetmayotganday entikib o‘rnidan turib ketdi va yuragini changallagancha orqasiga tisarildi.
— Azazello, kuzatib qo‘y! — deb buyurdi mushuk dahlizdan chiqarkan.
— Poplavskiy, — dedi pakana odam ohista manqalanib, — hammasi tushunarlidir?
Poplavskiy bosh irg‘adi.
— Hoziroq Kievga qaytib ket, — deb davom etdi Azazello, — u yerda «churq» etmasdan, xap o‘tir-u, Moskvadan kvartira olishni xayolingga ham keltirma, tushundingmi?
Uzining so‘yloq tishi, pichog‘i, oq tushgan ko‘zi bilan Poplavskiyning jonini olib qo‘ygan bu pakana odamning bo‘yi ekonomistning yelkasidan kelsa ham, xatti-harakatidan serg‘ayrat, uddaburon, o‘z ishiga pishiq ekanligi ko‘rinib turardi.
Birinchi navbatda u yerda yotgan pasportni olib, Maksimilian Andreevichga uzatdi, u jonsiz qo‘li bilan pasportni oldi. Keyin o‘sha Azazello bir qo‘liga chamadonni olib, ikkinchi qo‘li bilan eshikni lang ochdi-da, Berliozning pochchasini qo‘ltiqlab, zina maydonchasiga yetaklab chiqdi. Poplavskiy devorga suyanib qoldi. Azazello chamadonni hech qanaqa kalitsiz ochib, undan yog‘ yuqili gazetaga o‘ralgan bir oyog‘i yo‘q kattakon qovrilgan tovuqni olib, yerga qo‘ydi. Keyin chamadondan yana ikki juft ichki ko‘ylak-ishton, ustara charxlaydigan tasma, qandaydir bir kitob va quticha olib qo‘yib, tovuqdan boshqa hammasini oyog‘i bilan tepib zina oralig‘idan pastga tushirib yubordi. Bo‘shagan chamadon ham pastga uloqtirildi. Bir oz vaqtdan keyin uning yerga taraqlab urilgani eshitildi, chamasi qopqog‘i ko‘chib ketgan edi.
Keyin sariqmashak bezori tovuqning oyog‘idan ushlab, u bilan qulochkashlab turib Poplavskiyning gardaniga shunday urdiki, tovuqning o‘zi uchib ketib, Azazelloning qo‘lida faqat oyog‘i qoldi. Mashhur adib Lev Tolstoyning odilona ta’biri bilan aytganda, Oblonskiylar xonadonida hamma narsa ostin-ustin bo‘lib ketgan edi. Mazkur vaziyatda u aynan shunday deb aytgan bo‘lardi. Ha! Poplavskiyga hamma narsa qorishib ketgandek bo‘ldi. Uning ko‘zi oldidan uzunchoq uchqun lip etib o‘tdi, keyin u uchqun uzundan-uzun motam lentasiga aylanib, charog‘on may kunini bir lahzaga zulmat pardasi bilan burkadi, — shunda Poplavskiy pasportini qo‘lida ushlagancha, zinadan pastga uchib tusha boshladi. Zinaning birinchi muyulishiga yetgach, u yerdagi deraza oynasini tepib sindirdi-da, o‘zi pillapoyaga o‘tirib oldi. Oyoqsiz tovuq uning yonidan pildirab o‘tib, zina oralig‘idagi bo‘shliqqa tushib ketdi. Yuqoridagi maydonchada qolgan Azazello hash-pash deguncha tovuqning oyog‘ini yeb, suyagini trikosining yon cho‘ntagiga solib qo‘ydi va kvartiraga kirib, eshikni qarsillatib yopdi. Xuddi shu mahal pastdan yuqoriga ohista ko‘tarilayotgan odamning oyoq tovushi eshitildi.
Poplavskiy yana bir zina pastga yugurib tushib, bu yerdagi maydonchada turgan yog‘och divanga nafas rostlagani o‘tirdi.
Egniga qadimiy jujuncha kostyum, boshiga yashil lentali qotirma poxol shlyapa kiygan, nihoyatda g‘amgin chehrali jikkakkina bir chol zinadan chiqib kelib, Poplavskiy qarshisida to‘xtadi.