Shu payt bu yerdagi kvartiradan yashil sumka ko‘tagan bir ayol chiqdi. U iillapoyada chervonlarga ma’nosiz tikilib o‘tirgan odamni ko‘rib jilmaydi-da, o‘zicha dedi:
— Qanaqa uy bo‘ldi o‘zi bu! Mana, buyam ertalabdan zahariga otib olipti. Ana, deraza oynasini yana sindirishipti, — keyin u bufetchiga tikilibroq qarab, ilova qildi: — Voy bo‘-o‘, grajdanin, chervonlaringiz muncha ko‘p. Mengayam ozrog‘ini bersangiz-chi! A?
— Meni tinch qo‘ying. Azbaroyi xudo, — dedi cho‘chib ketgan bufetchi va pulni azza-bazza yashira boshladi. Ayol kulib yubordi:
— E, qorang o‘chsin seni, qurumsoq! Hazillash-dim, — deb pastga tusha boshladi.
Bufetchi sekin o‘rnidan turdi, shlyapasini to‘g‘rilab kiyish uchun qo‘lini ko‘tardiyu boshyalang ekanligini payqadi. Orqaga qaytishga hech oyog‘i tortmayotgan edi, lekin shlyapasini ko‘zi qiymadi. U bir oz ikkilanib turgach, axiyri qaytib chiqib qo‘ng‘iroq qildi.
— Yana nima istaysiz? — deb so‘radi undai yaramas Gella.
— Shlyapamni unutib qoldiribman, — deb pichirladi bufetchi, barmog‘ini taqir boshiga niqtab. Gella orqasini o‘girdi, bufetchi hazar qilib, ichida tupirdi-da, ko‘zlarini chirt yumib oldi. Qayta ochganida, Gella unga shlyapasi bilan qora dastali shamshir uzatib turardi.
— Meniki emas, — deb pichirladi bufetchi shamshirni qaytarib, ayni paytda shlyapasini kiyarkan.
— Nahotki shamshirsiz kelgan bo‘lsangiz? — deb ajablandi Gella.
Bufetchi bir nima deb g‘o‘ldiradi-da, pastga g‘izillab tusha boshladi. Negaki, u o‘zini o‘ng‘aysiz his qila boshladi, shlyapada boshi judayam qizib ketayotgan edi, shunda u shlyapasini boshidan oldiyu qo‘rqqanidan bir sakrab tushib, ohista chinqirib yubordi. Uning qo‘lidagi shlyapa emas, titig‘i chiqqan xo‘roz pati qadalgan duxoba beret edi. Bufetchi cho‘qinib oldi. Shunda beret miyovlab yuborib, tim qora mushuk bolaga aylandi va yana Andrey Fokichning boshiga sakrab chiqib, uning taqir boshiga tirnoqlarini botirib mahkam yopishib oldi. Bufetchi jon achchig‘ida dod solib pastga yugurib gusha boshladi, mushuk bola esa uning boshidan sakrab tushib, bir sapchishda zinadan yuqoriga o‘kday otilib chiqib ketdi.
Bufetchi ochiq havoga otilib chiqib, darvoza tomon lo‘killab chopib ketdi va jinlar makon qurgan bu 302-bis uyni mangu tark etdi.
Keyin unga nima bo‘lgani biz uchun sir emas. Bufetchi darvozadan ko‘chaga otilib chiqib, bir nimani qidirayotganday olazarak bo‘lib atrofga o‘g‘rincha qaradi. Yana bir daqiqadan keyin u ko‘chaning narigi betiga o‘tib, aptekaga kirdi. U: «Marhamat qilib ayting-chi…» — deganini biladi, peshtaxta ortida gurgan ayol chinqirib yubordi:
— Grajdanin! Boshingizning hammayog‘i tilingan-ku!..
Yana besh daqiqadan keyin bufetchining boshi doka bilan bog‘langan edi, ayni paytda u jigar kasali bo‘yicha eng zo‘r mutaxassislar professor Bernadskiy bilan professor Kuzmin ekanligini ham bilib olgandi, so‘ng ularning qay biri yaqinroq, deb so‘rab, Kuzminning bu yerdan atigi bir hovli narida mo‘’jazgina oppoq uyda turishini bildi va suyunganidan boshi osmonga yetdi, ikki daqiqadan so‘ng u o‘sha uyga kirib bordi. Bu juda ko‘hna imorat bo‘lsa ham, xonalari shinamgina edi. Bufetchining esida: unga birinchi ro‘para kelgan odam kampir enaga bo‘ldi, u bufetchining shlyapasiga qo‘l uzatdi, ammo shlyapasi yo‘qligini ko‘rib tamshandi-da, qayoqqadir kirib ketdi.
Kampirning o‘rnida, ko‘zgu yonida, qandaydir ravoq ostida o‘rta yoshlardagi bir ayol paydo bo‘ldi va bufetchi savol berishga ulgurmay, faqat o‘n to‘qqizinchi chisloga yozilish mumkin, deb gapirdi. Bufetchi qanday chora ko‘rishni darrov fahmladi. U nursiz ko‘zlari bilan ravoq orqasiga mo‘ralab, u yerda — dahlizda navbat kutib o‘tirgan uchta odamni ko‘rib, pichirlab dedi:
— Dardim og‘ir — o‘lib qolaman…
Ayol bufetchining doka bilan bog‘lab tashlangan boshiga hayron bo‘lib qaradi-da, ikkilanib turib:
— Ha, mayli… — dedi va uni ravoq ichkarisiga o‘tkazib yubordi.
Xuddi shu mahal ro‘paradagi eshik ochilib, u yerda paydo bo‘lgan doktorning ko‘zidagi oltin pensne porladi, xalat kiygan ayol dedi:
— Grajdanlar, bu bemor navbatsiz kiradi. Bufetchi ko‘z ochib-yumguncha vaqt o‘tmay o‘zini professor Kuzminning kabinetida ko‘rdi. Bu sal cho‘zinchoq xonaning na biron qo‘rqinchli, na dabdabali va na tibbiyotga oid jihati bor edi.
— Sizga nima bo‘ldi? — deb so‘radi professor Kuzmin muloyim ovoz bilan va bufetchining doka bilan bog‘langan boshiga bir oz hayajon bilan boqdi.
— Ishonchli ma’lumotlarga qaraganda, — deb javob qildi bufetchi, devorga osilgan oynavand ramkadagi bir guruh odamlarning fotografiyasiga ko‘z qiri bilan qarash qilarkan, — kelasi yil fevralda jigar rakidan o‘larkanman. O‘tinaman, oldini oling.
Charm qoplangan kresloda o‘tirgan professor Kuzmin o‘zini uning baland suyanchig‘iga tashladi.
— Kechirasiz, gapingizga tushunmadim… siz vrach huzurida bo‘ldingizmi? Nega boshingiz bog‘langan?
— Qanaqa vrach?.. Uni o‘zingiz ko‘rganingizda edi!.. — deb birdan tishlari takillay boshladi. — Siz boshimga qaramang, kasalimga dahli yo‘q, sira. Siz boshimga tupuring, uni aloqasi yo‘q. O‘tinaman, jigar rakining oldini oling.