— Nima bo‘ldi o‘zi? — dedi Kuzmin nafrat bilan. Shu mahal devor orqasida, qizining xonasida patefonda «Alliluyya» fokstroti chalina boshladi, ayni shu fokstrot chalinayotgan paytda professorning orqasida chumchuq chirqillagani eshitildi. U orqasiga o‘girilib, o‘z stoli ustida kattakon bir chumchuqning dik-dik sakrab yurganini ko‘rdi.

«Hm… og‘ir bo‘lishim kerak… — deb o‘yladi professor, — men derazadan nari ketganimda uchib kirgan bu chumchuq. Hammasi joyida», — deb ta’kidladi u o‘ziga o‘zi, garchi hech narsaning, asosan, manavi chumchuq tufayli, mutlaqo joyida emasligini his qilayotgan bo‘lsa ham. Professor chumchuqqa tikilib qararkan, uning oddiy chumchuqlardan emasligini darrov fahmladi. Bu yaramas chap panjasiga oqsoqlanar, mazax qilib oyog‘ini sudrab bosar, xullasi kalom — patefonda chalinayotgan fokstrotga xuddi peshtaxta oldida gandiraklab turgan mastga o‘xshab raqs tushardi. U har xil beadablik qilar, professor tomonga sullohona baqrayib qarardi. Kuzmin qo‘lini telefonga uzatdi, u o‘z kursdoshi Burega qo‘ng‘iroq qilib, oltmish yoshga kirgan odamning ko‘ziga bu qabildagi chumchuq ko‘rinsa, boz ustiga, birdan boshi aylana boshlasa — bu nimadan darak? — deb so‘ramoqchi edi.

Bu asnoda chumchuq sovg‘a qilingan siyohdonga qo‘nib, uni axlati bilan bulg‘adi (gapim chin), keyin uchib havoda bir oz muallaq turdi-da, o‘qdek uchib borib, universitetni 94-yilda bitirgan barcha talabalar suratini qoplagan oynani go‘yo po‘latdek tumshug‘i bilan cho‘qib, chil-chil sindirdi, shundan keyin derazadan «pir» etib uchib chiqib ketdi. Professor do‘sti Burega qo‘ng‘iroq qilish o‘rniga, zuluklar byurosining telefon nomerini terdi va o‘zining professor Kuzmii ekanligini aytib, darhol uning uyiga zuluk yuborishlarini iltimos qildi.

Professor trubkani ilib, yana o‘z stoli tomonga o‘girildi, o‘girildiyu chinqirib yubordi. Stol ortida boshiga hamshiralar durrasini o‘ragan va «Zuluklar» deb yozilgan sumka ushlagan bir ayol o‘tirardi. Professor uning og‘ziga tikilib dod solib yubordi. Chunki u og‘zi qiyshiq, qulog‘igacha yetgan, boz ustiga erkakcha og‘iz bo‘lib, unda bittagina so‘yloq tish bor edi. Hamshiraning ko‘zlari nursiz edi.

— Pullarni men yig‘ib olaman, — dedi hamshira do‘rillagan erkakcha ovoz bilan, — bekorga sochilib yotadimi. — U qushnikiga o‘xshagan panjasi bilan etiketkalarni sidirib olarkan; ayni paytda havoda erib, ko‘zdan yo‘qola boshladi.

Oradan ikki soat o‘tdi. Professor o‘z yotoqxonasida karavotda o‘tirarkan, ikki chakkasida, quloqlari orqasida va bo‘ynida zuluklar osilib yotardi. Kuzminning oyoq tomonida qavima shoyi ko‘rpa ustida oppoq mo‘ylovli professor Bure Kuzminga hamdardlik bilan tikilib o‘tirarkan, o‘zi ko‘zingga shunday ko‘ringan, hech ishonma, deb tasalli berardi do‘stiga. Tashqarida esa, endi qorong‘i tushgan edi.

Shu kecha Moskvada yana qanday g‘aroyibotlar ro‘y bergan — biz bilmaymiz, surishtirib ham o‘tirmaymiz, albatta, buning ustiga, ushbu haqqoniy qissamizning ikkinchi qismiga o‘tadigan payt ham yetib keldi. Men bilan yuring, kitobxon!

<p>IKKINCHI QISM</p><p>O‘n to‘qqizinchi bob</p><p>MARGARITA</p>

Men bilan yuring, kitobxon! Dunyoda chinakam, sadoqatli, boqiy muhabbat yo‘q, deb kim aytdi sizga? Shunday degan yolg‘onchining qabohatkash tili kesilsin!

Siz faqat men bilan yuring, kitobxon, men ko‘rsataman sizga o‘shanday pok muhabbatni!

Yo‘q! Usta kasalxonada Ivanushkaga achchiq qayg‘u bilan, u meni unutib yuborgan, deb aytganida yanglishgan edi. Bunday bo‘lishi aslo mumkin emas edi. U ayol ustani unutmagan edi, albatta.

Keling, birinchi navbatda, ustaning Ivanushkadan yashirgan sirini oshkor qilaylik. O‘shal mahbubaning ismi-sharifi Margarita Nikolaevna bo‘lib, ustaning bu ayol to‘g‘risida sho‘rpeshona shoirga aytgan hamma gaplari to‘g‘ri edi. Ha, u o‘z mahbubasini to‘g‘ri tasvirlagan edi. U juda go‘zal va aqlli ayol edi. Bu gapimizga ilova qilib yana shuni qat’iy ishonch bilan aytishimiz mumkinki, ko‘pchilik ayollar hayotda Margarita Nikolaevna bilan o‘rin almashish uchun hech nimalarini ayama-gan bo‘lar edilar. O‘ttiz yoshli befarzand Margarita juda yirik bir mutaxassisning, mutaxassis bo‘lganda ham davlat ahamiyatiga molik muhim kashfiyot egasining xotini edi. Eri yosh, chiroyli, oqko‘ngil, halol yigit bo‘lib, Margaritani sidqidildan sevar edi. Margarita Nikolaevna eri bilan ikkovi Arbat yaqinidagi tor ko‘chalardan birida bog‘ ichida joylashgan chiroyli imoratning yuqori qavatini butunicha egallashgan edi. G‘oyat xushmanzara joy! O‘shal boqqa borishni ixtiyor qilgan har bir odam gapimning to‘g‘riligiga ishonch hosil qilishi mumkin. Xohlovchi bo‘lsa, menga murojaat qilsin, unga adresni aytib, yo‘lni ham ko‘rsataman — u imorat haliyam bor.

Перейти на страницу:

Похожие книги