— Axir, kim aytdi o‘zi sizga buni?

— Unga ishoning, — deb astoydil iltimos qildi bufetchi, — u biladi.

— Hech nimaga tushunmayapman, — dedi professor yelkasipi qisib, kreslosini g‘ildiratib stoldan uzoqlasharkan. — Qachon o‘lishingizni qanday bilishi mumkin o‘sha odam? Buning ustiga, u vrach ham emas ekan!

— To‘rtinchi palatada o‘larmishman, — dedi bufetchi.

Shu gapdan keyin professor bu patsientning boshiga, ho‘l shimiga tikilibroq qaradi-da: «Bir kami shu edi! Jinni-ku!» — deb ko‘nglidan o‘tkazdi va so‘radi:

— Araq ichasizmi?

— Hech qachon og‘zimga olmaganman, — deb javob qildi bufetchi. Yana bir daqiqadan keyin uni yechintirib, sovuq kleyonka yozilgan kushetkaga yotqizishdi, professor uning qornini ezg‘ilay boshladi. Shuni aytish kerakki, bufetchining ruhi endi ancha yengillashgan edi. Chunki professor hozir, xususan bugungi kunda bufetchida hech qanday rakdan asar yo‘qligini qat’iy ishonch bilan aytgan edi. Biroq gap shunday ekan… baski u qo‘rqayotgan, qandaydir lo‘ttiboz uni cho‘chitib qo‘ygan ekan, mayli, hamma analizlarni topshirsin… Professor bir iimalarni tirillatib yozarkan, ayni paytda, qayoqlarga borish, nimalar olib borishni tushuntirdi. Bundan tashqari, u bufetchiga asabingiz butunlay ishdan chiqqan deb tushuntirib, nevropatolog professor Burega ham xat yozib berdi.

— Qancha to‘lashim kerak, professor? — deb muloyim va titroq ovoz bilan so‘radi bufetchi qo‘ynidan do‘mpaygan hamyonini chiqararkan.

— Berganingiz, — cho‘rt kesib, quruqqina dedi professor.

Bufetchi o‘ttiz so‘m chiqarib stolga qo‘ydi, so‘ng qo‘lini xuddi mushuk panjasi singari o‘ynatib bir nechta jarangdor tangani o‘sha chervonlar ustiga ustma-ust taxlab qo‘ydi.

— Ie, bu nima? — dedi Kuzmin mo‘ylovini burab.

— Qo‘limni qaytarmang, grajdanin professor, — deb pichirladi bufetchi, — yolboraman — rakning oldini oling.

— Hoziroq qaytib oling oltiningizni, — dedi professor o‘z irodasi kuchidan faxrlanib, — undan ko‘ra asabingizni davolatsangiz bo‘lardi. Ertagayoq siydik topshiring analizga, choyni ko‘p ichmang, ovqatni mutlaqo tuzsiz yeng.

— Hatto sho‘rvaniyammi? — deb so‘radi bufetchi.

— Hamma ovqatingiz tuzsiz bo‘lsin, — deb buyurdi Kuzmin.

— Ehh!.. — dedi ma’yus xo‘rsinib bufetchi professorga mehr bilan tikilarkan, so‘ng oltinlarni kissasiga soldi-da, eshik tomon tisarila boshladi.

O‘sha oqshom professorga kelgan bemorlar kamchilik edi, endi qosh qoraya boshlaganda oxirgi patsient ham jo‘nab ketdi. Professor xalatini yecha turib, bufetchi uch chervon qoldirib ketgan yerga ko‘z tashladi, ammo u yerda hech qanaqa chervon yo‘q, balki «Abrau-Dyurso» shishasiga yopishtiriladigan uchta etiketka yotardi.

— Jin ursin, bu qanaqa maynavozchilik! — deb to‘ng‘illadi Kuzmin xalatining etagini polda sudrab borib, qog‘ozlarni ushlab ko‘rarkan, — u nafaqat jinni, yana qallob ham ekan-ku! Lekin tushuna olmayapman, nimaga keluvdi o‘zi u mening huzurimga? Nahotki siydik analizi uchun qog‘oz yozdirib olgani bo‘lsa? O! Palto o‘g‘irlagani kelgan! — Shundan keyin u xalatining bir yengini yechgancha dahlizga otildi, — Kseniya Nikitishna! — deb chinqirdi u ostonada turib, — qarang-chi, paltolar joyidamikin?

Hamma palto joyida ekan. Lekin professor axiyri yo‘l-yo‘lakay xalatni yechib stol oldiga yaqinlashdi-yu, birdan stol sathidan ko‘zini uzolmay, xuddi parket polga ildiz otganday tosh qotib turib qoldi. Haligina etiketkalar yotgan yerda sut quyilgan likopcha, likopcha yonida sho‘rpeshona bir qora mushukcha g‘aribona miyovlab turardi.

— Bu qanaqa bema’nigarchilik yana?! Axir bu… — professor gardanining muz bo‘lib qotib qolganini his qildi.

Uning zaif va ayanchli chinqirig‘ini eshitib yugurib kelgan Kseniya Nikitishna, mushuk bolani bironta patsient tashlab ketgan bo‘lishi kerak, professorlarnikida bunaqa hollar bo‘lib turadi, deb bir zumda uni tinchitdi.

— Muhtojlikda yashashsa kerak, — deb izohlardi Kseniya Nikitishna, — bizda esa, har nechuk, albatta…

Keyin, qaysi patsient tashlab ketdiykin, deb o‘ylay boshlashdi. O‘ylab-o‘ylab oshqozon yarasi bilan kelgan kampirda to‘xtashdi.

— Albatta, o‘sha, — derdi Kseniya Nikitishna, — u bunday o‘ylagan bo‘lishi kerak: men-ku baribir o‘laman, jonivor mushukchaga uvol bo‘ladi.

— Kechirasiz! — deb chinqirib yubordi Kuzmin, — sut-chi?! Sutniyam o‘sha kampir olib kelganmi? Likopchaga nima deysiz?

— Sutni u shishachada olib kelgan-da, shu yerda likopchaga quygan, — deb izohladi Kseniya Nikitishna.

— Nima bo‘lganda ham, olib chiqib keting mushukcha bilan likopchani, — dedi Kuzmin va o‘zi Kseniya Nikitishnani to eshikkacha kuzatib qo‘ydi… U orqasiga qaytganida vaziyat yana o‘zgargan edi.

Professor xalatini ilarkan, qulog‘iga hovlidan kimningdir xoxolab kulgani eshitildi, u derazadan qarab, dong qotib qoldi. Bir xonim ko‘ylakchan holda hovlini kesib ro‘paradagi kichik uyga chopib o‘tayotgan edi. Professor hatto u ayolning ismi-sharifini ham bilardi, — Mariya Aleksandrovna. Xoxolab kulayotgan esa bir bola edi.

Перейти на страницу:

Похожие книги