Margarita Nikolaevna hech qachon puldan siqilmagan. U ko‘ngli tusagan hamma narsani sotib olishi mumkin edi. Erining tanishlari orasida ajoyib kishilar ham uchrardi. Margarita Nikolaevna hech qachon primusga yaqinlashmagan Margarita Nikolaevna umumiy kvartirada yashash mashaqqatlaridan mutlaqo bexabar. Qisqasi… u baxtiyormidi? Bir lahza ham! U o‘n to‘qqiz yoshida erga tegib shu uyda yashay boshlagandan beri baxt nimaligini bilmasdi. O xudolar, xudolar! Nima kerak edi o‘zi bu ayolga! Ko‘zlarida hamisha mavhum bir o‘t chaqnab turuvchi bu ayolga nima kerak edi? O‘shanda bahorda mimoza guli taqib olgan bir ko‘zi xiyolgina g‘ilay bu alvastiga nima kerak edi o‘zi?

Bilmayman. Menga ma’lum emas. Chamasi u rost gapirgan edi, ya’ni unga gotika uslubida qurilgan imorat ham, alohida bog‘ ham, pul ham emas, yolg‘iz usta kerak edi. Margarita rost gapirgan edi, u ustani sevar edi. Hattoki men — rostgo‘y qissanavis, garchi begona odam bo‘lsam ham, Margaritaning ertasi kuni ustanikiga kelib, uning uyda yo‘qligidan qanday iztirob chekkanini o‘ylasam, yuraklarim ezilib ketadi (yaxshiyamki, baxtiga tunda eri qaytib kelmagan va Margarita u bilan gaplashishga ulgurmagan edi).

U usta to‘g‘risida biron darak eshitish uchun qo‘lidan kelgan hamma harakatni qildi, lekin, turgan gapki, hech nima bila olmadi. Shundan keyin u o‘z uyiga qaytib, yana avvalgidek kun kechira boshladi.

— Ha, ha, ha, o‘xshash xato! — derdi Margarita qishda pechka oldida olovga tikilib o‘tirarkan, — nega axir o‘shanda, kechasi uni tashlab ketdim? Nega? Bu axir telbalik edi-ku! Men va’damga vafo qilib ertasi kuni bordim, lekin kechikkan edim. Ha, men ham xuddi baxtiqaro Leviy Matveyga o‘xshab ancha kechikib bordim!

Bu bema’ni gap edi, albatta, negaki, aslini olganda, agar u o‘sha kecha ustaning uyida qolganida ham hech qanday o‘zgarish bo‘lmasdi!

Margarita uni qutqarib qola olarmidi? Qiziq deb aytishimiz mumkin, ammo biz mushkul ahvolga tushgan ayol oldida bunday qilmaymiz.

Margarita Nikolaevna butun qish shunday mashaqqatda yashab, axiyri bahorga chiqib oldi. Moskvada badkor sehrgar paydo bo‘lib, har turli bema’ni gavg‘olar ko‘tarilgan kuni, ya’ni Berliozning pochchasi Kievga qaytarib yuborilgan, buxgalterni qamoqqa olishgan va yana ko‘p tuturiqsiz mavhum voqealar sodir bo‘lgan o‘sha juma kuni choshgoh paytida Margarita imoratning minora ostiga, sirtga bo‘rtib chiqqan qismiga joylashgan o‘z yotoqxonasida uyqudan uyg‘ondi.

Margarita ko‘zini ochdi-yu, ammo bu safar doimiy odati bo‘yicha yig‘lamadi, chunki u nihoyat bugun bir kor-hol yuz berishini his qilib uyg‘ongan edi. Endi u ana shu hissiyotini faromush qilib qo‘ymaslik uchun uni papalab, ardoqlab kamol toptira boshladi.

— Men ishonaman! — deb pichirladi Margarita g‘urur bilan, — ishonaman! Biron nima yuz beradi! Yuz bermasligi mumkin emas axir, negaki, sirasini olganda, qaysi gunohim uchun umrbod azob chekishim kerak? To‘g‘ri, men yolg‘on gapirganimni, aldamchilik qilganimni, odamlardan yashirincha, xufiyona hayot ke-chirganimni bo‘ynimga olaman, lekin shu qilmishim uchun bunchalik og‘ir jazoga duchor bo‘lishim mumkin emas-ku. Albatta biron nima sodir bo‘ladi, chunki hech bir narsa mangu davom etmaydi, axir. Keyin, men bugun xosiyatli tush ko‘rdim, bunga aminman.

Margarita Nikolaevna quyosh shu’lasidan lolarang bo‘lgan darpardaga tikilib, uch tavaqali ko‘zgu oldida shosha-pisha kiyinib, jingalak kalta sochini tararkan shunday pichirlardi.

Margarita bugun haqiqatan ham juda alomat tush ko‘rgan edi. Gap shundaki, azobda o‘tgan butun qish mobaynida u hech qachon ustani tushida ko‘rmagan edi. Kechasiga usta uni tark etar, faqat kunduz kunlari Margarita uni o‘ylab iztirob chekardi. Bugun esa kutilmaganda tushiga kirdi u.

Margarita tanimaydigan joymish — erta bahor, osmonni bulut burkab olganligidan bu joy shumshuk va noxush ko‘rinarmish. Avzoi buzuq osmonda pag‘a-pag‘a bulutlar suzarmish va shu bulutlar ostida gala-gala qarg‘alar tovushsiz uchib yurarmish. Allaqanday qing‘ir ko‘prikmishu uning ostidan bahorgi loyqa suv oqarmish. Shu yerda yarimyalang‘och motamsaro, faqirona daraxtlar, yolg‘iz sho‘ppayib turgan tog‘terak, undan narida — qandaydir ekinzor etagida bir yog‘och uy — u oshxonami, hammommi, yo boshqa bir nimami noma’lum — daraxtlar orasidan ko‘rinib turganmish. Chor atrof o‘lik va shu qadar shumshukmishki, ko‘prikcha yonidagi tog‘terakka sirtmoq tashlab osilib o‘lgisi kelarmish Margaritaning. Na «qilt» etgan shabada esar, na bulutlar joyidan siljir, na biron tirik jon bor emish bu yerda. Tirik odam uchun jahannamning o‘zi emish!

Перейти на страницу:

Похожие книги