— Mashinaga o‘tiring, — dedi Azazello, — meni kutib turinglar. Xozir qaytaman, nima bo‘lganini bilib kelaman. — U pod’ezdga kirib ketdi.
Gap bu yoqda edi: Margarita bilan usta o‘z kuzatuvchilari bilan zargar bevasi kvartirasidan chiqishmasdan sal oldin, shu kvartira ostidagi 48-kvartiradan biton va sumka ko‘targan oriqqina bir ayol zina maydonchasiga chiqqan edi. Bu — chorshanba kuni g‘altak oldida pista yog‘i to‘kib yuborib, Berliozni baloga giriftor qilgan o‘sha Annushka edi.
Bu ayolning Moskvada nima bilan shug‘ullanishini, qanday mablag‘ hisobiga kun kechirishini shu paytgacha hech kim bilmagan, endi bundan keyin ham hech kim hech qachon bilolmasa kerak. Uning to‘g‘risida faqat shu narsa ma’lum edi: uni har kuni goh biton, goh sumka, gohida sumkayam, bitonam ko‘targan holda — yo neft do‘konida, yo bozorda, yo bo‘lmasa uy bostirmasi ostida, yo zinada, aksariyat payt esa o‘zi yashab turgan 48-kvartiraning umumiy oshxonasida ko‘rish mumkin edi. Bundan tashqari, odamlarga u haqda yana ham ko‘proq ma’lum bo‘lgan narsa shu ediki, Annushka paydo bo‘lgan hamma yerda o‘sha zahoti albatta janjal ko‘tarilardi, bundan tashqari uning laqabi ham «O‘lat» edi.
Annushka — O‘lat odatda juda barvaqt turar, bugun esa kallayi saharlab — soat bir bo‘lmasdan turib oldi. U kalit solib eshikni ochdi, oldin yo‘lakka boshini chiqarib qaradi, keyin o‘zi chiqdi. Eshikni yopib, endi ketishga shaylangan edi hamki, o‘zidan yuqori qavatda eshik taraqladi, kimdir zinadan pildirab tushib kelib, Annushkaga urilib ketdi, bu zarbadan Annushka gardani bilan devorga borib urildi.
— Qay go‘rga shoshyapsan bitta ichki ishtonda, kasofat? — deb chiyilladi Annushka og‘rigan gardanini changallagancha. Egniga faqat ichki ko‘ylak-ishtonu boshiga kepka kiygan, qo‘liga chamadon ko‘tarib olgan, ko‘zlari yumuq bu odam uyqusiragan dag‘al ovoz bilan javob qildi:
— Kolonka! Kuporos! Bitta oqlashning o‘ziga qancha sarf bo‘lgandi, — keyin u yig‘lab yuborib baqirdi: — Daf bo‘l! — Shundan keyin u zinadan pastga emas, yana orqaga — yuqoriga, ekonomist oynasini tepib sindirgan deraza oldiga yugurib chiqdi-da, oyog‘i osmondan bo‘lib shu deraza orqali hovliga uchib chiqib ketdi. Annushkaning og‘zi lang ochilib qoldi, u hatto gardanining og‘riyotganini ham unutib qo‘yib, o‘sha deraza oldiga otilib chiqdi. U qorniga yotib, boshini derazadan chiqardi: fonus yoritgan hovlida boyagi chamadon ko‘targan odamning chilparchin bo‘lib o‘lib yotganini ko‘raman deb o‘ylagan edi u. Ammo asfalt hovlida hech nima yo‘q edi.
Bu uyqusiragan alomat jonzod o‘zidan hech bir nom-nishon qoldirmay misoli qushday uchib ketiptida, deb taxmin qilishdan o‘zga iloj qolmadi. Annushka cho‘qinib olib, ko‘nglidan o‘tkazdi: «Ha, bu elliginchi kvartira aytganlaricha bor ekan! Odamlar bekorga gapirishmagan ekan! Ana kvartirayu mana kvartira!».
U shunday xayolga borib turganida tepadagi eshik yana taraqladiyu yana bir odam chopib tusha boshladi. Shunda afti bir oz cho‘chqaning tumshug‘iga o‘xshab ketsa ham, ammo soqol qo‘ygan va xiyla basavlat bir kishi o‘zini chetga olib devorga qisilib turgan Annushkaning yonidan «g‘iz» etib o‘tib, bu ham xuddi boyagi odam singari asfalt hovliga yiqilib o‘lishi mumkinligini o‘ylamay, o‘zini derazadan otdi. Annushka bugun uydan nima maqsadda chiqqanini ham unutib, zinada qoldi, u hadeb cho‘qinar, oh-voh qilar, o‘zi bilan o‘zi gaplashar edi.
Saldan keyin uchinchi odam (bunisi — soqol-mo‘ylovsiz, kulcha yuz, egniga ko‘krak burma keng ko‘ylak kiygan edi) yuqoridagi eshikdan otilib chiqib, u ham avvalgi kishi singari derazadan uchib chiqib ketdi.
Shuni ham aytish kerakki, Annushka o‘ziga yetgancha sinchkov edi, shunga ko‘ra, yana bironta yangi mo‘’jiza sodir bo‘lmasmikin, deb yana kutishga ahd qildi. Yuqori qavatdagi eshik yana ochiddi, bu safar zinadan bir talay odam tushib kela boshladi, lekin ular chopmasdan, hamma odamlar qatori bahuzur yurib tushishardi. Annushka deraza oldidan qochib, «g‘ir» etib o‘z eshigi oldiga chopib tushdi, shosha-pisha eshikni ochib, o‘zini uning panasiga oldi, shunda sal ochiq qoldirilgan eshik tirqishidan uning qattiq hayajonlangan sinchkov ko‘zi «lip-lip» chaqnadi.
Kasalliginiyam, kasalmasliginiyam bilib bo‘lmaydigan, rangi bo‘zday oqargan, soqol-mo‘ylovi o‘sib ketgan, egniga allaqanday xalat, boshiga qora shapkacha kiygan g‘alati bir odam bazo‘r qadam qo‘yib tushib kelardi. Yelkasiga qora rido tashlagan (nim qorong‘ida Annushkaning ko‘ziga shunday ko‘ringan edi) bir xonim haligi odamni ehtiyotlab qo‘ltiqlab olgandi. Xonim yalangoyoqmidi, yo oyog‘iga qandaydir juda yaltiroq, yirtilib tilka-tilka bo‘lib ketgan (chet elniki bo‘lsa kerak) tufli kiyganmidi — buni aniq aytish qiyin. Voy sharmanda-e. Tuflini gapirasiz-a! Axir bu oyimcha qip-yalang‘ochu! Ha-da, yalang‘och yelkasiga jubba tashlab olipti, xolos! «Jin tekkanmi o‘zi bu kvartiraga, nima balo?» Ertaga qo‘shnilariga og‘iz ko‘pirtirib so‘zlab beradigan gap topilganidan Annushka ich-ichidan quvonardi..