— Kim qayd qilingan bu daftarga? Aloiziy Mogarichmi? — Korovyov uy daftarining sahifasiga pufladi, — vassalom, endi u yo‘q, keyin, shuni bilginki — bo‘lgan ham emas. Mabodo, uy sohibi sizni ko‘rib ajablangudek bo‘lsa, Aloiziy tushingizga kirgan, deb ayting unga. Mogarich? Qanaqa Mogarich? Hech qanaqa Mogarich bo‘lmagan. — Shu payt Korovyovning qo‘lidagi bog‘ichli uy daftari birdan g‘oyib bo‘ldi. — Mana endi u uy egasining stoli g‘aladonida yotipti.

— Siz to‘g‘ri aytdingiz, — dedi Korovyovning bu qadar puxta ishlashidan hayratga kelgan usta, — baski hujjat yo‘q ekan, demak, odam ham yo‘q. Mana, aynan men yo‘qman, chunki menda hujjat yo‘q.

— Meni kechirasiz, — deb chinqirib yubordi Korovyov, — qoraxayol deganimiz xuddi mana shu bo‘ladi, mana sizning hujjatingiz, — shunday deb Korovyov ustaga hujjat uzatdi. So‘ng ko‘zlarini shiftga tikkancha Margaritaning qulog‘iga muloyim ohangda pichirladi: — Mana bu esa, sizning buyumlaringiz, Margarita Nikolaevna, — shunday deb u Margaritaga chetlari kuygan daftar, qovjiragan gul va fotografiya uzatdi, ayni paytda unga g‘oyat ehtiyotkorlik bilan omonat daftarcha ham berdi, — bu yerda o‘zingiz qo‘ygan o‘n ming so‘m, Margarita Nikolaevna. Bizga birovning haqi kerak emas.

— Mening panjam shol bo‘lsa bo‘ladi, ammo birovning narsasiga aslo tegmayman, — dedi mushuk kekkaygancha va badbaxt romanning hamma nusxasini bosib toy qilmoqchi bo‘lganday, chamadon ustida raqs tusha boshladi.

— Mana, sizning ham hujjatingiz, — deb gapida davom etdi Korovyov Margaritaga hujjat uzatarkan, so‘ng Volandga murojaat qilib, ehtirom bilan dedi: — Mana, bo‘ldi, messir!

— Yo‘q, hali bo‘lgani yo‘q, — dedi Voland globusdan yuz o‘girib. — Mulozimlaringizni nima qilaylik, mening qimmatli donnam? Shaxsan menga ularning keragi yo‘q.

Shu chog‘ ochiq turgan eshikdan o‘sha-o‘sha yalang‘och holicha Natasha otilib kirdi, qo‘llarini bir-biriga urgancha Margaritaga chinqirib dedi:

— Voy, baxtli bo‘ling, Margarita Nikolaevna! — U bosh irg‘ab usta bilan salomlashdi, so‘ng yana Margaritaga yuzlandi: — Men bilardim qayoqqa qatnaganingizni.

— Uy xodimlari hamma narsani bilishadi, — dedi mushuk panjasini ma’noli tarzda yuqori ko‘tarib, — ular hech nima ko‘rmaydilar deyish — xato.

— Nima istaysan, Natashaa? — deb so‘radi Margarita, — uyga qayt.

— O‘rgilib ketay sizdan, Margarita Nikolaevna, — dedi Natasha tiz cho‘kib yolborarkan, — ulardan iltimos qiling, — u ko‘z qiri bilan Volandga ishora qildi, — meni o‘zlarida jodugar qilib olib qolishsin. O‘sha uyga qaytib borishni istamayman sira! Injenerga ham, texnikka ham tegmayman! Kecha bal paytida janob Jak menga muhabbat izhor qiddi. — Natasha kaftini yoyib, allaqanday oltin tangalarni ko‘rsatdi.

Margarita, siz nima deysiz, degandek Volandga qaradi. U bosh irg‘atib qo‘ydi. Shunda Natasha Margaritaning bo‘yniga osilib, uni cho‘lpillatib o‘pdi-da, tantanavor chinqirgancha, derazadan uchib chiqib ketdi.

Endi Natashaning o‘rnida Nikolay Ivanovich paydo bo‘ldi. U yana o‘zining odamiylik qiyofasiga kirgan, lekin nihoyatda g‘amgin, hatto darg‘azab desa ham bo‘lardi.

— Mana bu nusxani mamnuniyat bilan qo‘yib yuboraman, — dedi Voland Nikolay Ivanovichga nafratlanib qararkan, — benihoya zo‘r mamnuniyat bilan, zero bu yerda u mutlaqo ortiqcha.

— Menga guvohnoma berishlaringni o‘tinib so‘rayman, — tilga kirdi Nikolay Ivanovich atrofga qo‘rqa-pisa boqarkan, lekin bu gapini juda o‘jarlik bilan gapirdi, — bu kechani qaerda o‘tkazganim haqida.

— Nima qilasiz uni? — keskin ohangda so‘radi mushuk.

— Militsiyaga va xotinimga ko‘rsataman, — deb shaxt gapirdi Nikolay Ivanovich.

— Biz odatda guvohnoma bermaymiz, — deb javob qildi mushuk manglayini tirishtirib, — lekin siz uchun, mayli, istisno qilamiz.

Nikolay Ivanovich ko‘z ochib-yumishga ham ulgurmay, Gella yozuv mashinkasi yoniga o‘tirib, mushuk aytgan gaplarni yoza boshladi.

— Guvohlik beramankim, ushbuni ko‘rsatuvchi Nikolay Ivanovich mazkur tunni shayton uyushtirgan balda o‘tkazdi, u balga odam tashuvchi vosita… qo‘shtirnoq och, Gella! Qo‘shtirnoq ichida yoz — «to‘ng‘iz» sifatida jalb etilgan edi. Imzo — Begemot.

— Chislochi? — deb chiyilladi Nikolay Ivanovich.

— Biz chislo qo‘ymaymiz, chislo qo‘yilgan hujjat kuchini yo‘qotadi, — dedi mushuk qog‘ozga imzo chekarkan, so‘ng qaerdandir muhr olib, qoidasini keltirib, unga huhladi-da, qog‘ozga «to‘langan» degan so‘zni bosib, uni Nikolay Ivanovichga tutqazdi. Shundan keyin Nikolay Ivanovich benomu nishon g‘oyib bo‘ldi, ammo uning o‘rnida kutilmagan yangi odam paydo bo‘ldi.

— Bu yana kim bo‘ldi? — ijirg‘anib so‘radi Voland, sham yorug‘idan yuzini kafti bilan to‘sarkan.

Varenuxa (bu o‘shaydi) boshini egib xo‘rsinib qo‘ydi va eshitilar-eshitilmas dedi:

— Qo‘yib yuboringlar. Men qon so‘ruvchi ko‘rshapalak bo‘lolmayman. O‘shanda Gellaning yordamida Rimskiyni o‘ldirib qo‘yishimga sal qoluvdi. Lekin men qonxo‘r emasman. Qo‘yvoringlar meni.

— Nima deb javrayapti uzi? — aftini bujmaytirib so‘radi Voland. — Yana qanaqa Rimskiy? Nima balo, alahlayaptimi?

Перейти на страницу:

Похожие книги