— Mutlaqo ravshan, — deb tasdiqladi mushuk, gung qoraxayol bo‘lishga so‘z berganini unutib, — bu asarning asosiy mohiyati menga tamomila oydin bo‘ldi. Sen nima deysan, Azazello? — deb yuzlandi u sukut saqlayotgan Azazeloga.

— Nima derdim, — dedi u ping‘illab, — seni suvga cho‘ktirib yuborgan baraka topadi.

— Rahming kelsin, Azazello, — dedi unga mushuk, — bu shum niyatingni hukmdorimning ko‘ngliga sola ko‘rma yana. Azbaroyi shifo, unda har kecha tepangga xuddi sho‘rlik ustaga o‘xshab oy yog‘dusi libosida kelib, halovatingni buzaman-a. Ana unda holing nima kechadi, a, Azazello?

— Qani, Margarita, — deb yana gapga aralashdi Voland, — hamma gapingizni ayting, nima xohlaysiz?

Margaritaning ko‘zlari porlab ketib, Volandga iltijo bilan yuzlandi:

— Maylimi pichirlashib gaplashib olsak? Voland bosh irg‘atdi, shunda Margarita og‘zini ustaning qulog‘iga olib borib, bir nimalarni pichirladi. Lekin faqat ustaning javobi eshitildi:

— Yo‘q, kechikdik. Endi menga hech nima kerak emas. Faqat seni ko‘rib tursam bo‘lgani. Ammo takror aytaman — voz kech mendan. Xarob bo‘lasan men bilan bo‘lsang.

— Yo‘q, voz kechmayman, — dedi Margarita va Volandga yuzlandi: — Bizni yana Arbatga tutashgan tor ko‘chadagi o‘z podvalimizga qaytarishingizni iltimos qilaman, yana u yerda lampa-chirog‘imiz ham yonsa, qolgan hamma narsalar ham o‘z o‘rnida bo‘lsa.

Bu gapdan usta kulib yubordi va Margaritaning bir vaqtlar sochi jingalak bo‘lgan boshini quchoqlagancha dedi:

— Bu sho‘rpeshona ayolning gapiga quloq solmang, messir. O‘sha podvalga allaqachon boshqa odam joylashib olgan, undan keyin, hamma narsani avvalgi holiga qaytarib bo‘lmaydi aslo. — U yuzini mahbubasining sochlari parishon boshiga qo‘yib, uni quchoqladi va:

— O, sho‘rlik, sho‘rlik… — deb g‘udrandi.

— Qaytarib bo‘lmaydi dedingizmi? — dedi Voland. — Gapingiz to‘g‘ri. Lekin biz urinib ko‘ramiz, Azazello!

U shuiday degan edi hamki shiftdan esankiragan telbasifat bir odam «gurs» etib tushdi, uning egnida faqat tungi ko‘ylak-ishton bo‘lib, negadir qo‘lida chamadon, boshida kepkasi bor edi. Bu odam qo‘rqqanidan «qalt-qalt» titrar va nuqul cho‘qqaymoqchi bo‘lganday engashardi.

— Mogarichmisiz? — deb so‘radi Azazello osmondan tushgan odamga yuzlanib.

— Aloiziy Mogarich, — deb javob qiddi u «dag‘-dag‘» titrab.

— Mana bu odamning romani haqida Latunskiy yozgan maqolani o‘qib, «uyida nolegal adabiyotlar saqlayapti», deb shikoyat yozgan sizmidingiz? — deb so‘radi Azazello.

Osmondan tushgan grajdanin ko‘karib ketdi, tavbasiga tayanib yum-yum yig‘lay boshladi.

— Uning kvartirasiga ko‘chib o‘tmoqchi bo‘luvdingizmi? — imkoni boricha muloyimroq ohangda ping‘illadi Azazello.

Shu payt mushukning darg‘azab pishqirgani eshitildi. Margarita esa:

— Jodugarning tirnoqlarini tatib ko‘r! — deb chinqirganicha Aloiziy Mogarichning yuziga chang soldi.

To‘s-to‘polon ko‘tarildi.

— Nima qilyapsan? — iztirob bilan qichqirdi usta, — Margo, isnodga qo‘yma o‘zingni!

— Men qarshiman, bu isnod emas, — deb baqirdi mushuk.

Margaritani Korovyov ajratib oldi.

— Men vanna o‘rnatganman, — deb chinqirardi afti-angori qonga bo‘yalgan Mogarich, tishlari takillab, keyin allaqanday bema’ni gaplarni javray boshladi, — bitta oqlashning o‘zi… keyin, kuporos…

— Judayam yaxshi bo‘ptida vanna o‘rnatganing, — dedi Azazello ma’qullab. — U vanna olishi kerak, — so‘ng qichqirdi: — Daf bo‘l!

Shunda Mogarichning oyog‘i osmondan keldiyu yotoqxonaning ochiq derazasidan uchib chiqib ketdi. Ko‘zlari baqrayib qolgan usta pichirlardi:

— O, bunisi endi Ivan hikoya qilgan voqealardan ham g‘aroyibroq bo‘ldi-ku! — u tamomila hayratga kelib, atrofiga olazarak qararkan, nihoyat mushukka yuzlanib dedi: — Ma’zur tutasiz… sen… sizmidingiz… — u mushukni «sen» lashni ham, «siz» lashni ham bilolmay esankirab qoldi, — sizmidingiz tramvayga chiqqan o‘sha mushuk?

— Men edim, — dedi mushuk mamnuniyat bilan va ilova qildi: — Mushuk zotiga shunday xushmuomalalik bilan murojaat qilishingiz qanday yaxshi. Odatda mushuklarni, negadir, «sen» lashadi, garchi dunyoda bironta ham mushuk hech bir kimsa bilan qiyomatli do‘st tutunmagan bo‘lsa ham.

— Mening nazarimda siz mushukka unchalik o‘xshamayapsiz, — dedi usta ikkilanib, so‘ng Volandga o‘girilib qimtinibgina ilova qildi: — Baribir hali kasalxonada meni qidirib qolishadi.

— Be, nega endi qidirishar ekan! — deb yupata boshladi Korovyov, shunda uning qo‘lida birdan qandaydir qog‘ozlar, daftarlar paydo bo‘ldi, — shu xastalik varaqasi siznikimi?

— Ha.

Korovyov qog‘ozlarni olov yonib turgan kaminga tashladi.

— Hujjat yo‘q, demak, odam ham yo‘q, — dedi Korovyov mamnuniyat bilan, — bu — sizni ijaraga qo‘ygan odamning uy daftari bo‘lsa kerak.

— Ha-a…

Перейти на страницу:

Похожие книги