— Hech aziyat chekmang, messir, — dedi Azazello va Varenuxaga yuzlandi: — Qo‘rslik qilish kerak emas telefonda. Yolg‘on gapirish kerakmas telefonda, tushunarlimi? Endi boshqa bunday qilmaysizmi?
Varenuxaning miyasi shodlikdan gangib qoldi, chehrasi yerishdi va nima deetganini uzi ham tushunmay g‘o‘ldiray boshladi:
— Azbaroyi x… ya’ni aytmoqchimanki, a’lo haz… hoziroq tushlikdan keyin… — Varenuxa qo‘llarini ko‘ksiga bosib, Azazelloga iltijo bilan boqardi.
— Ha, yaxshi, uyga jo‘nang, — dedi Azazello. Varenuxa zumda erib yo‘q bo‘ldi-qoldi.
— Endi meni mana bular bilan yolg‘iz qoldiringlar, — deb buyurdi Voland usta bilan Margaritani ko‘rsatib.
Volandning buyrug‘i shu zahoti bajarildi. U bir oz sukutdan so‘ng ustaga murojaat qildi.
— Shunday qilib, Arbatdagi podvadda turmoqchimisiz? Unda asar yozish nima bo‘ladi? Orzular-chi, ilhom-chi?
— Menda boshqa hech qanday orzu-armon qolmadi, ilhom ham yo‘q endi, — deb javob qildi usta, — hayotda meni endi hech nima qiziqtirmaydi, yolg‘iz Margodan boshqa, — deb u yana qo‘lini Margaritaning boshiga qo‘ydi, — meni mayib qilishdi, yuragim ziq, podvalda turgim kelyapti.
— Pilat haqidagi romaningiz nima bo‘ladi?
— U romanni ko‘rarga ko‘zim yo‘q, — deb javob qildi usta, — men o‘sha roman tufayli ko‘p azob chekdim.
— O‘tinaman sendan, — zorlanib dedi Margarita, — aslo bunday dema. Nega, axir, meni qiynaysan? Bilasan-ku, men butun hayotimni tikkanman shu ishing uchun. — Shundan so‘ng Margarita Volandga qarab ilova qildi: — Quloq solmang gapiga, messir, juda qattiq azob chekkan u.
— Axir biron narsa to‘g‘risida yozish kerak-ku! — derdi Voland, — agar anavi prokurator haqida yozadigan gapingiz qolmagan ekan, unda hech bo‘lmasa Aloiziyni tasvirlang.
Usta jilmayib qo‘ydi.
— Bunaqa narsani Lapshyonnikova bosmaydi, undan keyin uning qizig‘iyam yo‘q.
— Axir qanday kun kechirasizlar? Ochlik-muhtojliqdami?
— Ha, bajonidil, — deb javob qildi usta, so‘ng Margaritani o‘z bag‘riga tortib, uning yelkasidan qucharkan qo‘shib qo‘ydi: — Margo es-hushini yig‘ib olgach, meni tark etadi…
— Tark etmaydi, — dedi Voland tishlarini gijir qilib, so‘ng davom etdi: — Demak, Pontiy Pilat haqida tarixiy asar yozgan odam uzlatga chekinib, podvalda qashshoqliqda kun kechirmoqchimi?
Margarita ustaning pinjidan chiqib, juda qizishib gapira boshladi:
— Men qo‘limdan kelgancha urinib ko‘rdim, kishini vasvasaga soluvchi eng shirin so‘zlarni aytdim qulog‘iga. Lekin u baribir bosh tortyapti.
— Qulog‘iga nima deb pichirlaganingizni bilaman, — dedi Voland, — lekin u gaplar unchalik vasvasali emas edi. Sizga shuni aytmoqchimanki, — jilmayib turib ustaga murojaat qildi u, — romaningiz hali sizga ko‘p ezguliklar olib keladi.
— Bu g‘irt g‘urbat bo‘ladi, — dedi usta.
— Yo‘q, yo‘q, g‘urbat bo‘lmaydi, — dedi Voland, — endi hech ham qo‘rqinchli bo‘lmaydi. Xullas, Margarita Nikolaevna, hamma ish qilib bo‘lindi. Ayting-chi, menga biron e’tirozingiz bormi?
— Be, qo‘ysangiz-chi, nimalar deyapsiz, messir!
— Unda, mana bu mendan sizga esdalik bo‘lsin, — dedi Voland va yostiq ostidan hammayog‘iga olmos toshlar qadalgan kichkinagina oltin taqa oldi.
— Yo‘q, yo‘q, aslo, nima ish qilipman!
— Men bilan bahslashmoqchimisiz? — dedi Voland jilmayib.
Margarita, egnidagi plashning cho‘ntagi bo‘lmagani sababli, taqachani ro‘molchaga tugib oldi. Shunda bir hol uni tong qoldirdi. U to‘linoy yog‘du sochib turgan derazaga o‘girilib shunday dedi:
— Men bir narsaga hech tushuna olmayapman… Yarim tun bo‘lganiga ancha vaqt bo‘ldi-yu, ammo haliyam o‘sha-o‘sha yarim tun… nega bunday? Mening taxminimcha, allaqachon tong otgan bo‘lishi kerak edi.
— Bayram tunining bir oz uzaygani dilga ko‘p manzur bo‘ladi-da, — deb javob qildi Voland. — Xo‘p bo‘lmasa, sizlarga baxt tilayman.
Margarita tavallo qilmoqchi bo‘lganday qo‘llarini Voland tomon cho‘zdi, lekin unga yaqinlashishga jur’at etolmay, ohista dedi:
— Alvido! Alvido!
— Ko‘rishguncha xayr, — dedi Voland.
Shundan keyin Margarita qora plashda, usta esa kasalxona xalatida zargar bevasining sham yonib turgan dahliziga chiqishdi, bu yerda ularni Volandning mulozimlari kutib turishardi. Ular tashqariga chiqa boshlashdi, shunda Gella roman nusxalari bilan birga Margarita Nikolaevnaning buyumlari solingan chamadonni ko‘tarib oldi, mushuk unga ko‘maklashdi. Kvartira ostonasida Korovyov ta’zim bilan xayrlashib, ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi, qolganlar mehmonlarni zinadan kuzatib tusha boshladilar. Zina bo‘m-bo‘sh edi. Ular uchinchi qavatning maydonchasidan o‘tishayotganda bir nima «to‘p» etganday bo‘ldi, lekin bunga hech kim parvo qilmadi. Pod’ezd eshigiga yetishganda, Azazello tepaga qarab «puf» dedi, keyin hammalari oy hali mo‘ralamagan hovliga chiqishdi-yu, eshik oldida etik va kepka kiygan bir odamning dong qotib uxlab o‘tirganini ko‘rishdi. Bu yerda yana chiroqlari o‘chirilgan kattakon qora mashina turgan bo‘lib, uning old tomonidagi oynasidan rulda o‘tirgan qarg‘aning sharpasi g‘ira-shira ko‘rinardi.
Endi mashinaga chiqmoqchi bo‘lishganda Margarita birdan alam bilan ohista chinqirib yubordi:
— Voy o‘lmasam, taqani yo‘qotib qo‘yibman!