— Shunday bo‘lsa ham, uni bugun bo‘g‘izlab ketishadi, — deb takrorladi Pilat o‘jarlik bilan, — ko‘nglim sezib turipti deb aytdim-ku sizga! Hali hech qachon ko‘nglim menga pand bergan emas, — shu chog‘ prokuratorning yuzi tirishib, sal talvasaga tushdi, u qo‘llarini ishqalab qo‘ydi.

— Bosh ustiga, — dedi mehmon mutelik bilan, u o‘rnidan turib qaddini rostlarkan birdan jiddiy ohangda so‘radi: — Demak, uni so‘yib ketishadi-a, igemon?

— Ha, — deb javob qildi Pilat, — endi butun umidimiz sizning hayratona ishchanligingizga qaratilgan.

Mehmon plash ostidagi zalvar kamarini to‘g‘rilab qo‘yib dedi:

— Xayr bo‘lmasa, hamisha omon va shodmon bo‘lg‘aysiz.

— Darvoqe, — deb ohista chinqirib yubordi Pilat, — butunlay unutayozibmana? Axir sizdan qarzman-ku!.

Mehmon ajablandi.

— Qo‘ysangiz-chi, prokurator, mendan sira ham qarz emassiz.

— Unday demang! Esingizdami, Yershalaimga kirib kelayotganimda… bir to‘da gadolarga duch keluvdim… ularga aqcha sochmoqchi bo‘lganimda yonimda aqcham yo‘q edi, o‘shanda sizdan olgan edim.

— O, prokurator, arzimagan narsa!

— Arzimas narsani ham unutmaslik lozim. Shunday deb Pilat orqasiga o‘girildi va kursida yotgan plashini ko‘tarib, uning tagida yotgan charm xaltachani olib mehmonga uzatdi. Mehmon xaltachani olarkan egilib ta’zim qildi va plashi ostiga yashirdi. Pilat yana gap boshladi:

— Dafn borasidagi xabaringizni kutaman. Shuningdek kiriaflik Iudaning bugun tunda bo‘ladigan ishi yuzasidan ham, eshityapsizmi, Afraniy, bugun bo‘ladigan ishi. Kelgan zahotingiz meni uyg‘otishlari haqida soqchilarga buyruq berib qo‘yiladi. Sizni kutaman!

— Salomat bo‘ling, — dedi maxfiy xizmat boshlig‘i va orqasiga o‘girilib, balkondan tusha boshladi. Uning maydoncha sahnidagi ho‘l qum ustida yurgan, so‘ng ikki sher haykali oralig‘idagi marmar zinadan tushayotgan oyoq tovushi eshitildi. Keyin birin-ketin uning oyoqlari, so‘ng gavdasi va nihoyat, qaytarma qalpoq kiygan boshi ko‘zdan g‘oyib bo‘ldi. Ana shundagina prokurator quyosh botib, qosh qoraya boshlaganini sezdi.

<p>Yigirma oltinchi bob</p><p>DAFN</p>

Ehtimol, mana shu qosh qoraya boshlagani prokuratorning chehrasida keskin o‘zgarish yuz berganiga sabab bo‘lgandir. U shu bir zumning o‘zida go‘yo qarib, munkayib qolgandek bo‘ldi, buning ustiga, vahimaga tushib, bezovta bo‘la boshladi. U bir marta orqasiga o‘girilib, suyanchig‘iga plash ilib qo‘yilgan bo‘sh kresloga ko‘zi tushdi-yu, negadir ssskanib ketdi. Bayram tuni kirib kelayotgan va kechki ko‘lankalar o‘z o‘yinini boshlagan edi, kim bilsin, shuning uchun ham charchagan irokuratorning ko‘ziga bo‘sh kresloda birov o‘tirganday bo‘lib ko‘ringandir. Prokurator qo‘rqib ketib, plashni paypaslab ko‘rdi, so‘ng o‘rnidan turib, balkonda u yokdan-bu yoqqa tinmay tanda qo‘yarkan, goh qo‘llarini bir-biriga ishqalar, goh xontaxtaga yaqin kelib, qo‘liga qadah olar, goh yurishdan taqqa to‘xtab, polga terilgan rang-barang koshinlar orasida qandaydir sirli yozuvlarni o‘qimoqchi bo‘lganday, ularga ma’nosiz tikilib turardi.

Shu bugunning o‘zida uning ikkinchi marta yuragi g‘ash bo‘la boshladi. U ertalabki jahannamiy dardning asoratidan endi xiyolgina simillab, zirqirab turgan chakkasini ishqalarkan, ne sababdan bunchalik ruhiy iztirob chekayotganini anglashga urinardi. Garchi buni u tezda fahmlab olgan bo‘lsa ham. o‘zini chalg‘itishga urinib ko‘rdi. Bugun kunduzi nimanidir butkul boy berib qo‘ygani unga kunday ravshan edi, endi ana shu xatosini u qandaydir ikir-chikir, eng muhimi kechikkan harakatlar bilan tuzatmoqchi. Prokurator o‘z-o‘zini aldab, mana shu, hozirgi, kechqurungi raftorlarini ertalabki hukm kabi muhim deb o‘ziga-o‘zi ukdirmoqchi bo‘lar edi. Ammo bu urinishlari zoe ketayotgan edi.

U balkonda u yokdan-bu yoqqa tanda qo‘yarkan, burilayotib taqqa to‘xtadi va hushtak chaldi. Hushtakka javoban zulmat ichidan itning irillagani eshitildi va tuklari bo‘zrang, quloqlari uchli, bo‘ynidagi tasmasiga oltin nishonlar taqilgan bahaybat bir ko‘ppak bog‘dan otilib kirdi.

— Banga, Banga, — deb chaqirdi prokurator hazin ovoz bilan.

Перейти на страницу:

Похожие книги