— Yo‘q, yana bir oz o‘tiring, — dedi Pilat qo‘l ishorasi bilan mehmonni yo‘ldan to‘xtatib, — yana ik-kita masala bor. Ikkinchisi — sizning Iudeya prokuratori huzurida maxfiy xizmat boshlig‘i lavozimidek eng mashaqqatli ishda ko‘rsatgan ulkan xizmatlaringiz, ko‘rsatayotgai faoliyatingiz to‘g‘risida Rimda bayonot berishdek imkoniyatga musharraf bo‘lganimdan baxtiyorman.

Mehmonning yuzi cho‘g‘dek qizarib ketdi, u o‘rnidan turib prokuratorga ta’zim qilarkan, dedi:

— Kamina imperator xizmatidagi o‘z burchimni ado etmokdaman, xolos!

— Vale, men sizdan shuni iltimos qilmoqchimankim, — deb davom etdi igemon, — basharti sizga bu yerdagidan kattaroq lavozim taklif etib, boshqa joyga jo‘natmoqchi bo‘lsalar, u lavozimdan bosh tortib, shu yerda qolishga harakat qiling. Men sizdan ajralishni zinhor-bazinhor istamayman. Yaxshisi, sizni boshqacha tarzda taqdirlasinlar.

— Sizning qo‘l ostingizda xizmat qilish men uchun katta baxt, igemon.

— G‘oyat xursandman. Endi, uchinchi masala. Bu masala anavi… kiriaflik Iudaga taallukli.

Shu yerga kelganda mehmon yana prokuratorga bir lahza qattiq tikilib, so‘ng yana qovoqlarini o‘yib oldi.

— Eshitishimcha, — ovozini pastlatib davom etdi prokurator, — u anavi telba faylasufni o‘z uyida quchoq ochib kutib olgani uchun pul olganmish.

— Oladi, — maxfiy xizmat boshlig‘i ohista tuzatish kiritdi Pilatning gapiga.

— Ko‘pmi?

— Buni hech kim bilmaydi, igemon.

— Hatto siz hammi? — dedi igemon xushomadona hayrat bilan.

— Taassufki, men ham, — bamaylixotir javob qildi mehmon, — lekin men o‘sha pulni shu bugun kechqurun olishini bilaman. Bugun uni Kaifaning qasriga chaqirtirishdi.

— Obbo, kiriaflik xasis chol-e, — dedi prokurator jilmayib, — chol bo‘lsa kerak-a u?

— Prokurator hech qachon yanglishmaydilar, biroq bu safar xatoga yo‘l qo‘ydilar, — nazokat bilan javob qildi mehmon, — Kiriafdan kelgan u odam yosh yigit.

— Qarang-a! Siz uni ta’riflab bera olasizmi? Mutaassibdir?

— Yo‘q, aslo, prokurator.

— Durust. Yana nima bilasiz?

— Husnda barkamol.

— Yana? Balkim, biron narsaga ishqibozdir?

— Bu ulkan shaharda hammani mufassal o‘rganib chiqish g‘oyat mushkul, prokurator…

— E, yo‘q, yo‘q! Afraniy! Kamtarlik qilmang!

— U bir narsaga hirs qo‘ygan, prokurator. — Mehmon bir lahzalik sukutga toldi. — Pulni yaxshi ko‘radi.

— O‘zining kasbi nima?

Afraniy ko‘zini yuqoriga tikib, o‘ylab turdi, so‘ng javob berdi.

— U o‘z xeshlaridan birining sarroflik do‘konida xizmat qiladi.

— Shunaqa deng, hay, hay, hay. — Shunday deb prokurator jim bo‘lib qoldi, balkonda hech kim yo‘qmikin degandek, atrofga nazar tashladi, so‘ng ovozini pastlab dedi: — Gap bu yokda ekan-da — menga bugun yetkazishdi, uni bugun kechasi pichoqlab ketisharmish. Shunda mehmon qovoqlarini ko‘tarib, prokuratorga har galgidan ko‘proq tikilib qoldi, so‘ng javob qildi:

— Siz meni boya judayam maqtab yuborgan edingiz, prokurator. Ma’lum bo‘ldiki, men haqimda Rimda maqtov so‘z aytishingizga munosib emasmen. Zero bu gaplardan men g‘ofilmen.

— Siz eng oliy mukofotga loyiqsiz, — deb javob qildi prokurator, — lekin bu ma’lumotlar chindan ham mavjud.

— So‘rashga ijozat bering, kim olib keldi bu ma’lumotni?

— Xo‘p desangiz, hozircha bu haqda gapirmasak boz ustiga, u tasodifiy, mavhum va shubhali xabar. Lekin men hamma narsani oldindan ko‘rishim kerak. Vazifam o‘zi shunaqa, ammo, birinchi navbatda, o‘z savqimga ishonishim shart, zero u menga hali hech qachon pand bergan emas. Endi men bilgan ma’lumotga kelsak, Ha-Notsrining maxfiy do‘stlaridan biri anavi sarrofning ko‘z ko‘rib, quloq eshitmagan sotqinligidan g‘azabga kelib, o‘z sheriklari bilan til biriktirgan va bugun tunda uni o‘ldirmoqchi, xoinligi uchun olgan pulni esa: «Makruh pulingiz o‘zingizga buyursin!» — degan yozuv bilan hazrati buzrukning qasriga tashlab ketishmoqchi emish.

Maxfiy xizmat boshlig‘i shundan keyin igemonga favqulodda qarash qilmay qo‘ydi va ko‘zlarini qisgancha uning gapini tinglashda davom etdi:

— Bir tasavvur qiling, — derdi Pilat, — kelib-kelib bayram oqshomida shunday sovg‘a olish hazrati buzrukka xush yoqarmikin?

— Xush yoqish qayoqda, — jilmayib turib javob qiddi mehmon. — Mening taxminimcha, prokurator, bu narsa katta janjalga sabab bo‘ladi.

— Men ham shunday fikrdaman. Shuning uchun ham sizdan bu ish bilan mashg‘ul bo‘lishingizni, ya’ni kiriaflik Iudani muhofaza qilish uchun barcha choralarni ko‘rishingizni so‘rayman.

— Igemonning amri vojib, — deb gap boshladi Afraniy, — ammo men igemonga taskin bermoqchiman: ul badkirdorlar bajarilishi nihoyatda mushkul reja tuzganlar. Axir o‘ylab ko‘ring, — mehmon atrofga bir qarab qo‘yib, yana gapida davom etdi: — Bir kechada odamning payiga tushib, uni pichoqlash, boz ustiga, uning qancha haq olganini bilish, bundan tashqari yana, pulni Kaifaga qaytarib ham berish osonmi? Yana shu bugunning o‘zida-ya?

Перейти на страницу:

Похожие книги